«Omma suyuklisi» o‘rniga «qassob»: Ukrainada bosh qo‘mondon nega almashtirildi va oqibatlar qanday bo‘ladi?

Jahon 21:34 / 15.02.2024 32047

Meduza nashri bu boradagi eng asosiy savollarga javob izladi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakat qurolli kuchlari bosh qo‘mondonini almashtirdi. O‘zi bilan uzoq mojaroga ega bo‘lgan Valeriy Zalujniy o‘rniga quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy tayinlandi.

Bunday almashtirishni Zelenskiy komandasi armiyani tezkor qayta tuzish zarurati bilan asoslagan. Lekin bu holatda qurolli kuchlarni isloh qilish va urush olib borish borasida Zalujniy va Sirskiy o‘rtasidagi farq tushunarsiz: har ikkisi so‘nggi yildagi kam sonli chiqishlarida deyarli bir xil gaplarni aytishgan. Ularni farqlovchi yagona narsa (Zelenskiyga ko‘ra) siyosiy hokimiyatga munosabati: Zalujniy «hammasini o‘zicha qilgan», Sirskiy esa — sadoqatli va buyruqlarni ijro qiladigan qo‘mondon.

Biroq ularning qo‘shinlardagi (ehtimol, jamiyatdagi) nufuzi tamomila qarama-qarshi. Zalujniyga «barcha yaxshiliklar» yopishtiriladi: taktik egiluvchanlik, askarlar hayoti va farovonligi haqida qayg‘urish, yo‘qotishlarni minimallashtirish, siyosiy emas, harbiy afzallikni tanlash. Sirskiyning chekiga esa (adolatli ekanligi fakt emas, albatta) tarixan «barcha yomon narsalar» tushgan: 2015 yildan buyon ko‘pchilik uni siyosiy rahbariyat buyruqlarini so‘zsiz bajaruvchi «qassob» deb ataydi.

«Yaxshi»ni «yomon»ga to‘g‘ridan to‘g‘ri almashtirish Zelenskiy uchun siyosiy oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin. Boz ustiga, Sirskiyning qarindoshlari Rossiyada yashaydi va Rossiya propagandasi bu faktdan o‘zi istaganicha foydalanmoqda.

Zalujniy va Sirskiy urushning dastlabki ikki yilida qanday muvaffaqiyat va xatolarga duchor bo‘lishdi?

Valeriy Zalujniy Rossiyaga qarshi keng ko‘lamli urushda Ukraina armiyasi muvaffaqiyati ramziga aylandi. U urushning ilk kunlaridanoq Ukraina QKga rahbarlik qildi, uning qo‘l ostida «mo‘jiza» ro‘y berdi: 2022 yilda armiya nafaqat parokanda bo‘lishdan saqlab qolindi, hujumdan so‘ng egallab olingan katta yerlarni ham qaytarib ololdi.

Biroq uning rahbarligi ostida Ukraina QK mamlakat janubini qo‘ldan boy berdi — urushning birinchi kunlarida u yerdagi qarshilik sindirildi, qo‘shin jangovarlikdan mosuvo bo‘ldi, bir qismi esa Mariupolda qamalga tushib qoldi. Ukraina prokuraturasi bu epizod ustidan surishtiruv olib bormoqda, biroq (qo‘shinlar tayyorgarligi va harakati uchun mas’ul bo‘lgan) Zalujniyga qarshi haligacha ayblov ilgari surilmagan.

Oleksandr Sirskiy esa yo‘nalishlar qo‘mondoni sifatida urushning dastlabki yilida ikki muvaffaqiyatli operatsiya — Kiyev mudofaasi va Xarkiv atrofidagi qarshi hujumda qo‘shinlarni boshqargan. Bu yerda u «mutaassib sovet generaliteti»ga qarshi ilgari surilayotgan ayblovlarga ters sifatlarini namoyon qilgan.

Kiyev ostonasida Ukraina QK piyodalar, tanklar va artilleriya hamohangligidagi egiluvchan mudofaa orqali Rossiya qurolli kuchlari hujumini qaytarishga muvaffaq bo‘lgan — kommunikatsiyalarga berilgan zarba tufayli ruslarning qo‘shimcha kuch va ta’minot yekazishiga to‘sqinlik qila olgan. Operatsiyada Ukraina QKning razvedkadagi ustunligi, jumladan, pilotsiz parvoz qurilmalari orqali razvedkasi muhim rol o‘ynagan.

Xarkiv oblastida Sirskiy yengil piyodalar soni ko‘proq bo‘lgan yashirincha qo‘shinni jamlay olgan — shu qo‘shin frontni yorib o‘tishga muvaffaq bo‘lgan. Shundan so‘ng o‘t ochish salohiyatida kuchsizroq bo‘lgan Ukraina QK manyovr orqali Rossiya QKning yirik guruhini chilparchin qila olgan.

Sirskiyning Xarkivdagi qarshi hujumidan biroz avval Zalujniyning siyosatchilar bilan ilk ziddiyati ro‘y bergandi. RF QK Ukraina QKning Severodonetsk va Lisichanskdagi kuchlarini qurshab olishga intilayotgan paytda Zalujniy go‘yoki yo‘qotishlarni kamaytirish uchun ushbu shaharlarni tark etish tarafdori bo‘lgan. Biroq Lisichanskdagi janglar avj pallaga chiqqan paytda prezidentning «Xalq xizmatkori» partiyasidan xalq deputati bo‘lgan Maryana Bezuglaya chiqib, go‘yoki operatsiya ustidan rahbarlikni o‘z qo‘liga olmoqchi bo‘lgan hatto. Janglar yana bir oy davom etgan, Ukraina qo‘shinlari qariyb qurshab olingan Severodonetskda bir oy ta’minotsiz qolishgan; iyul oyi boshlarida har ikki shaharni tashlab chiqishga majbur bo‘lishgan. Ushbu jang va undan keyin Xarkiv oblastidagi qarshi hujum yakunlariga ko‘ra Ukraina hukumati Severodonetsk va Lisichanskning umidsiz mudofaasi o‘zini oqladi, degan xulosaga kelgan va buni Rossiya qo‘shinlari boshpanasiz qoldirilgani bilan tushuntirilgan.

Xarkiv oblastida Balakliya va Kupyanskda qo‘lga kiritilgan g‘alabalardan so‘ng Sirskiy Rossiya qo‘shinlari oldinga siljishni amalga oshirayotgan frontning yagona uchastkasiga — Baxmutga jo‘natilgan. Rossiya tomonidan u yerda afv etilgan mahbuslar bilan kuchaytirilgan «Vagner» XHK jang qilardi.

2023 yil 9 yanvarida vagnerchilar Baxmut shimolidagi Soledar orqali yorib kirishdi va bu yo‘nalishdan mudofaani qiyin ahvolga solib qo‘yishdi. Baxmut chuqurlikda joylashgan va uning shimolidagi tepaliklar vagnerchilar tomonidan egallandi, biroq shahardan o‘n kilometrcha g‘arbroqda Ukraina QK Chasiv Yar shahri tepaliklarida qulay pozitsiyada joylashgan edi. Rossiya kanallari tarqatgan mish-mishlarga ko‘ra, Zalujniy o‘shanda Zelenskiydan qo‘shinlarni Baxmutdan chekintirishni talab qilgan, biroq unga rad javobi berilgan va mudofaani davom ettirish uchun Sirskiyga qo‘shimcha zaxiralar berilgan.

Shundan so‘ng Zelenskiy Baxmutdagi frontda Sirskiy hamrohligida paydo bo‘la boshlagan. Biroq Zalujniy mudofaani davom ettirishga qarshi bo‘lganini isbotlovchi mustaqil dalil yo‘q. Soledar qo‘ldan ketishidan bir oycha avval Zalujniy The Economist jurnaliga bergan intervyusida Ukraina QKning asosiy maqsadi Rossiyaning yanvar-fevral oylarida boshlanuvchi hujumiga qarshi turish, ruslarga bir qarich ham yer bermaslik, chunki uni ozod qilish juda qiyin bo‘lishi haqida aytgan. O‘shanda, 2022 yil oxirlarida Zelenskiy xalq va armiya o‘rtasida shuhrat qozongan Zalujniyni Sirskiyga almashtirishni istayotgani haqida mish-mishlar paydo bo‘ladi.

Baxmutni ushlab turishning imkoni bo‘lmadi. U qo‘ldan ketishidan bir necha kun avval, 2023 yil may oyi boshlarida Ukraina QK «Vagner» XHK qanotlarida qarshi hujum uyushtiradi. Sirskiy tez orada Baxmut ozod qilinishini aytadi. Shaharga hujumni Ukrainaning tajribali brigadalari bilan birga, shaharni bahorda himoya qilganlar, shuningdek Sirskiy qo‘mondonligiga yangi berilgan bo‘linmalar amalga oshira boshlagan. Bunga parallel ravishda Ukraina QK yangi shakllantirilgan va hali tajribasi bo‘lmagan brigadalar bilan janubda Tokmak va Melitopolga yurishni boshlagan.

Bugungi kunga kelib kuchlarning bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan ikki yo‘nalishga taqsimlanishi g‘arbda Ukraina qo‘mondonligi xatosi, deb hisoblanmoqda. Janubdagi qarshi hujum barbod bo‘ldi. Kuchlarni bo‘lishni kim o‘ylab topgani hozircha aniq emas — Zalujniymi, Zelenskiymi yoki «Vagner» XHKdan mag‘lubiyat alamini olishni istagan Sirskiymi.

Hisoblanishicha, Zalujniy qarshi hujumning ilk muvaffaqiyatsizliklaridan so‘ng operatsiya rejasini almashtirgan: jangga front yorib o‘tilganidan so‘ng uni kuchaytirish uchun mo‘ljallangan zaxiralar tashlana boshlagan. Bundan tashqari, Ukraina QK katta sonli zirhli texnikalar bilan hujum qilishni yig‘ishtirib, kichik piyodalar guruhi bilan oldinga o‘ta boshlagan. Bu esa arzimas bo‘lsa-da taktik muvaffaqiyatlar keltiradi. Birinchi front liniyasidan bir necha kilometr olisdagi Rabotine qishlog‘i ozod qilinadi. Qayd etmoq joyizki, kichik shturmchi guruhlar tatikasi Zalujniyning janubdagi operatsiya uchun ixtirosi emasdi. Bu usuldan Sirskiy Baxmut ostonasida, ungacha esa to‘qnashuv chizig‘ida zirhli texnikadan foydalanishni umuman afzal bilmaydigan «Vagner» XHK ham foydalangan.

Noyabr oyida, qarshi hujum tamomila barbod bo‘lgani oydinlashganidan so‘ng, Rossiya qurolli kuchlari butun front bo‘ylab o‘z hujumlarini yoygach, Zalujniy The Economist nashri uchun esse yozib berdi. Unda u sarlavhaga («Urushni qanday yutish mumkin?») ters o‘laroq g‘alabaning biror bir aniq retseptini tasvirlamagan — matnda urush olib borish texnologiyasi ikir-chikirlaridan tortib, qandaydir «texnologik mo‘jiza, yangi porox ixtirosi»ni qo‘lga kiritish istagi bayon etilgan. Biroq Zalujniy o‘z fikrida agar «yangi porox» ixtiro qilishning imkoni bo‘lmasa, urush tomonlarni holdan toydirish yo‘nalishiga o‘tishi va kurashning bunday usulida Ukraina yutqazishini ta’kidlab o‘tgan.

Bu go‘yoki siyosiy bayonotdek yangragan: agar jang maydonida g‘alaba imkonsiz bo‘lsa, urushning maqsadini o‘zgartirish kerak. Zelenskiyning ofisi esa Ukraina uchun yagona natija Rossiya tomonidan egallab olingan barcha yerlarni, jumladan Qrimni ozod qilish ekanini ta’kidlab turardi. Prezident komandasi ushbu esseni aynan shunday og‘ir qabul qildi.

Bild gazetasi yanvar oyi oxirlarida Zalujniy Zelenskiydan yarim qamal holatidagi Avdiyivkadan qo‘shinlarni olib chiqishni so‘raganini yozdi, biroq garchi vaziyat kritik ko‘rinishga ega bo‘lsa-da, bosh qo‘mondonga rad javob berilgan. Biroq Zalujniy bu yerda ham o‘z fikriga ega bo‘lgani va tiqishtirgani haqida dalillar yo‘q. Bundan avvalroq bosh qo‘mondon Avdiyivka bir necha oy ichida qo‘ldan boy berilishi mumkinligini aytgan edi.

Zalujniy va Sirskiyning usullari nimasi bilan farqlanadi?

O‘z gap-so‘zlaridan (Ukraina siyosiy va harbiy qo‘mondonligidagi boshqa odamlar fikricha ham) har ikki generalning urush va armiyaga bo‘lgan qarashlari juda o‘xshash.

Har ikkisi «sovet sarqitlari»ga qarshi chiqishadi: joylardagi qo‘mondonliklarni markazlashuvdan xalos etish, kichik qo‘mondonlarga ishonch bildirish, siyosatchilar siyosat, harbiylar jangovar harakat bilan mashg‘ul bo‘lishni nazarda tutuvchi qo‘mondonlikning NATOcha tuzilmasi joriy etilishi tarafdori.

Zalujniy ko‘proq qo‘mondonga yetakchilik sifati kerakligi va u «askarlarning otasi» bo‘lishi kerakligiga tayansa, Sirskiy hammaslaklari fikricha, «operatsiyalarni rejalashtirishda badastir va urushni matematika sifatida qabul qiladi».

Har ikkisi Ukrainaning yozgi qarshi hujumigacha bo‘lgan optimistlikdan endi Ukraina QK qat’iy mudofaaga o‘tishi kerak, degan yo‘lni bosib o‘tgan.

Iste’foga chiqishidan avval Zalujniy CNN telekanaliga Ukraina QK endi bundan buyog‘iga artilleriya o‘rnini bosa oladigan bosh zarba quroli sifatida o‘zi ishlab chiqaradigan kamikadze-dronlarga tayanishi kerakligini ta’kidlagan. Xuddi shu fikrni Sirskiy Zalujniy o‘rniga bosh qo‘mondan etib tayinlanganidan so‘ng bayon qilgan.

Yondashuvlar va gap-so‘zlar, umumiy g‘alabalar va muvaffaqiyatsizliklar o‘xshashligiga qaramasdan generallarning bitta katta farqli tomoni bor — ularning obro‘si. Jamoatchilik o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnomalar hamda harbiylar fikriga ko‘ra, Zalujniy Ukrainaning barcha g‘alabalari ramzi bo‘lib qolaveradi. Sirskiy esa harbiylar o‘rtasida har qanday hukumatning topshiriqlarini bajarishga tayyor, shaxsiy tarkibni ayamaydigan hissiyotsiz, sadoqatli inson sifatida tanilgan.

Sirskiy nega bunday yomon nom olgan?

Omma e’tiboriga Oleksandr Sirskiy ilk marta 2015 yil bahorida — Donbassdagi aksilterrorchilik operatsiyasining «S» sektori shtabi boshlig‘i, general-mayor sifatida tushgan. Biroz avvalroq, o‘sha yil yanvaridan 20 fevraliga qadar u Ukraina qurolli kuchlari va ko‘ngillilar bo‘linmalarining harakatlarini Debalseve do‘ngligida boshqargan.

Uning qo‘l ostida general Valeriy Zalujniy ham sektor qo‘mondoni o‘rinbosari va uning bo‘lajak sodiq hammaslagi Sergiy Shaptala ham xizmat qilgan. Shaptala bosh qo‘mondon Zalujniy vaqtida Bosh shtab boshlig‘i edi va u bilan birga iste’foga chiqarildi. O‘shanda u Debalseve mudofaasi bilan mashg‘ul bo‘lgan 128-tog‘ piyoda brigadasiga qo‘mondonlik qilgan.

Zalujniyning keyinchalik xotirlashicha, u «Kiyev rusi» 25-hududi mudofaa batalyonini «Debalsevega olib kirgan». Olib kirish «yurakdagi og‘ir yuk bilan» amalga oshirilgan — Debalseve «LXR va DXR militsiyasi» bostirishiga qadar yarim qamal holatida bo‘lgan; ta’minot yagona trassa bo‘ylab amalga oshirilgan.

Fevral oyi o‘rtalarida Debalsevedagi garnizon qurshab olingan (ta’minot trassasi Rossiyaning Ulan-Ude shahridan kelgan 5-tank brigadasi kuchi bilan kesib qo‘yilgani aytiladi). 12 fevralda mana shu vaziyat bosimi ostida prezident Petro Poroshenko Ukraina uchun haqoratomuz «Minsk-2» kelishuvlarini imzolashga majbur bo‘ladi. 18 fevral kuni Ukraina qo‘shinlarining katta qismi, jumladan 128-brigada va 25-batalyon dalalar va tepaliklar oshib o‘tib, Debalsevedan shimoldagi o‘z qo‘shinlariga qo‘shilishga muvaffaq bo‘ladi. Bu operatsiya Kiyevda g‘alaba sifatida qabul qilinadi: Poroshenko ishtirokchilarni, jumladan, Sirskiy va Shaptalani taqdirlaydi.

Shundan so‘ng 25-batalyonning «Arti Grin» laqabli ofitserlaridan biri, Donbassdagi urushgacha Qrimda biznes qilgan Yevgeniy Bekrenev Kiyevdagi harbiy prokuraturaga turli harbiy xizmatchilar imzo qo‘ygan xatni olib borib topshiradi. Unda harbiylar Poroshenko va uning «sodiq ijrochisi» Sirskiyni Debalsevedagi operatsiyaga rahbarlik qilishdagi kritik xatolarda (hattoki ataylab sotqinlikda) ayblashadi. Xat ostida Shaptalaning ham imzosi turardi, keyinchalik u hech narsani imzolamaganini aytgan. Bekrenev Ukraina xavfsizlik xizmati tomonidan Rossiyaga va uning maxsus xizmatiga ishlashda ayblanadi, biroq ish hibsga olishgacha borib yetmaydi.

Shundan so‘ng Sirskiy Poroshenkoning raqiblarining an’anaviy nishoniga aylanadi. Bekrenev publitsistga aylanadi va Debalsevedagi «jinoyatlar» tafsilotlarini yanada ko‘proq yozish bilan generalni fosh etishda davom etadi. Ehtimol, nomiga tushgan aynan mana shu qora dog‘ tufayli Zelenskiy hokimiyatga kelgach, Sirskiy xizmat pillapoyalaridan yuqorilamay qolgan, 2021 yilda u emas, uning sobiq o‘rinbosari Zalujniy bosh qo‘mondon etib tayinlangan bo‘lishi mumkin.

O‘shandan beri Ukrainada Debalsevedagi singari mudofaa operatsiyasi — nima qilib bo‘lsa ham unchalik afzal bo‘lmagan pozitsiyalarni dushmanga ziyon yetkazish va so‘ngra o‘zinikilarga qo‘shilib olishga ishonch bilan ushlab turish shakli metindek o‘rnashdi. Yarim qamal sharoitida ongli mudofaa («dushmanni to‘xtatib turish») Mariupolda, Severodonetsk va Lisichanskda hamda Baxmutda davom ettirildi. Endi esa Avdiyivkada qo‘llanmoqda. Albatta, bunday shakl bahsli: qo‘shinlar cheklangan ta’minot bilan (yoki Mariupoldagi singari usiz) urushishiga to‘g‘ri keladi. Bu esa ularning jangovarligini pasaytirishi ehtimoli yuqori. Bundan tashqari, masalan Baxmut uchun janglar bunday operatsiyalar har doim ham siyosiy dividendlar olib kelmasligini ko‘rsatdi. Alaloqibatda mag‘lubiyat bilan tugaydigan qahramonlarcha himoya jamiyat uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin — g‘alabalar ham kerak.

Zelenskiy komandasi esa garchi matonatli mudofaa ustasi bo‘lsa-da (albatta, bu Ukrainaga hozir aynan zarur narsa), biroq rahbariyatning siyosiy manfaatlarini harbiy mulohazalardan ustun qo‘yuvchi insonni muhim lavozimga qo‘yib katta tavakallchilik qilmoqda. Prezident ofisi va uning u qadar mashhur bo‘lmagan armiya boshqaruvchisi 2024 yilda va’da qilinayotgan og‘ir davrlarda jamiyatda muqarrar paydo bo‘ladigan negativlarning barchasini o‘ziga qabul qilishi mumkin. Negativlar bo‘lmasligi esa ayniqsa safarbarlik muqarrar kengaytirilishi lozim bo‘lgan shart-sharoitlarda juda muhim jihat. 

Ko‘proq yangiliklar: