Norvegiyada 77 kishining qotili Breyvikka qamoqxona sharoitlari yumshatilmadi

Jahon 23:45 / 15.02.2024 11622

Norvegiya sudi 2011 yilda 77 kishini o‘ldirganlikda ayblanib, 21 yillik qamoq jazosiga mahkum qilingan neonatsist Andres Breyvikning qamoqxonadagi «g‘ayriinsoniy» sharoitlardan shikoyat qilgan da’vosini rad etdi. 

45 yoshli Breyvik hukm chiqarilganidan beri qattiq tartibli qamoqxonalarda boshqa mahbuslardan alohida saqlanmoqda. Da’vo arizasida bunday shartlar uning huquqlarini buzayotgani ta’kidlangan edi. 

U sudga ariza berib, uzoq vaqt izolyatsiya qilinishi «Inson huquqlari to‘g‘risida»gi Yevropa konvensiyasining g‘ayriinsoniy va qadr-qimmatni kamsituvchi muomalani taqiqlovchi 3-moddasi buzilishi ekanini da’vo qildi. 

Sud mahkamasida u depressiyadan aziyat chekayotganini va antidepressant dorilarga qaram bo‘lib qolganini aytdi. U rasmiylarni «o‘z joniga qasd qilishga undashda» aybladi. 

Sud Breyvikning boshqalar uchun xavfli ekanini inobatga olib, uning qattiq tartibli, ammo qulay shart-sharoitlarda yashayotganini adolatli deb topdi. 

«Breyvik qamoqxonada yaxshi sharoitga ega va kundalik hayotda nisbatan erkinroqdir», dedi sudya Birgitte Kolrud. 

Qayd qilinishicha, Breyvikning qamoqxonada uchta alohida xonasi bor: yotoqxona, kabinet va kichik sport zali. Shuningdek, u umumiy joylardan - oshxona, mehmonxona va uchrashuv xonasidan foydalanishi mumkin. Uning kamerasida televizor, Xbox o‘yin konsoli va uchta to‘tiqush bor. 

2011 yil 22 iyulida Breyvik Oslodagi hukumat idoralari oldida bombani portlatib, sakkiz kishini o‘ldirgan. So‘ngra Utoya orolidagi yozgi lagerda yana 69 kishini, asosan o‘smirlarni otib tashlagan. 

2012 yilda u Norvegiyadagi eng oliy jazo - 21 yillik qamoqqa hukm qilindi. Agar Breyvik xavfli deb topilsa, bu muddat uzaytirilishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: