“Ota-onalar farzandini kimdan himoya qilishni bilishi kerak” - pedofiliya qurbonining hikoyasi

Jamiyat 14:22 / 14.02.2024 34924

Boshlang‘ich sinfda o‘qiyotgan paytlarim edi, yoshim 10 da edi. U davrda sartaroshxonalar ko‘p bo‘lmasdi. Bizning mahallada etikdo‘zlar ishlaydigan kichkina kulbada sartaroshxona ochildi. O‘rtog‘imning onasi biz – 3-4 ta bolani o‘sha yerga olib bordilar birinchi marta. Sartarosh 50 yoshlardan oshgan odam edi. O‘rtog‘imning onasi bizni o‘sha yerga tashlab ketdi, sochimizni kal qilib oldirib chiqqanmiz. U odam kulib turardi, bizni ham kuldirib gapirgani uchun yana borgimiz kelardi.

Bir-ikki oy o‘tgach, yana bordik soch oldirishga. O‘shanda menga sen do‘mboqqina ekansan, yuzlaring shirin ekan, deb har xil gaplar aytdi. Sochimni olayotganda badamyunimning har joyiga tegib ketib, noqulay holatga tushiradigan harakatlar qilgan. Bizga hech kim bu narsa haqida aytmagan, shuning uchun soch olayotgan paytda tegib ketayotgandir, deb o‘tiraverganman. Chiqib ketayotganimda yelkamga urib, «Sen kelgin, albatta, kutaman» dedi. Bolalar bilan soch oldirishga borib turdik.

Iyun oylari edi, 4-sinfni bitirayotganimda sartaroshxonaga bir o‘zim borishimga to‘g‘ri kelib qoldi. Borsam, bir keksaroq odamning soqolini olayotgan ekan, meni ko‘rib xursand bo‘lib ketdi. Keksa odam ketgach, yaxshi gapirib mening sochimni oldi. Qarshi bo‘lmasang, oynani yopaman, dedi, nimaga bunday deganini bilmay rozi bo‘ldim. Xona qorong‘iroq bo‘ldi. Eshikni ham yopgan ekan, sezmagandim. Keyin oldimga kelib, seni yaxshi ko‘rib qoldim, shiringina, do‘mboq bola ekansan, qo‘rqma, men senga yomonlik qilmayman, deb gapirib boshladi. Shundan keyin oyoqlari bilan oyog‘imni qisib yuzimga teginishni boshladi, qo‘rqib ketdim. Tomog‘imdan qisib oldi, gapirolmay qoldim, xuddi o‘ldirib qo‘yadiganday edi. «Qo‘rqma» deb bir qo‘li bilan shalvarimni tushirishni boshladi. Men titray boshladim. «Seni yaxshi ko‘raman, qo‘rqma, yaxshi bo‘ladi. O‘g‘il bolasan-ku...» degan gaplar aytdi. Qo‘rqqanimdan terlab, ko‘zimdan yosh oqa boshladi. Nima bo‘layotganini bilmasdim, turaman desam, qo‘li bilan orqaga bosib turdi. Yaxshi ko‘raman degan gapni ko‘p aytaverdi. Aytishga ham qiynalaman. Boshini pastimga olib... 2-3 daqiqa davom etdi, lablarini, soqolini sezdim. Keyin tortmadan nimadir olib artdi... «Senga aytdim-ku, maza qilasan» dedi. Nima bo‘lganini bilmasdim, qo‘rqib ketdim. Turishga ham holim yo‘q edi. Meni turg‘izayotganda ham o‘pishga harakat qildim, ijirg‘anib yuzimni olib qochdim. Qanaqadir suyuqlik chiqqanidan qo‘rqib ketdim. Ota-onamiz yo boshqa birov bizga bunaqa narsalar haqida gapirmagan. Meni o‘ldirib qo‘yadi degan o‘y o‘taverdi. Ko‘nglim aynib ketaverdi. Oynalarni ochib, ko‘chaga kichkina stulchaga o‘tqazdi meni. Suv olib chiqdi, lekin uni ichishdan qo‘rqdim, ichiga nimadir solib qo‘ygan deb o‘yladim. Boshqa odamlarni sartaroshxona ishlamayapti deb qaytarib yuboraverdi. Qo‘l-oyoqlarim uvishib o‘rnimdan turolmasdim, ichimda «qochib ket» degan ovoz kelardi, lekin hech qayerim ishlamasdi. Bilmayman qancha o‘tirganimni. Ko‘nglim ayniyverdi, u odamdan badbo‘y hid kelardi. O‘sha hid hali ham miyamda qolib ketgan.

Sal o‘zimga kelganimdan keyin olib borib qo‘yaman dedi, yo‘q dedim, o‘zim bir amallab kuch topib turdim. «Yaxshi bo‘ldi-ku, maza qilding-ku» degan gaplar aytdi, yana nimalar deb qolganini eslolmayman. Uyga qanday yetib borganimni ham bilmayman. O‘zimni xuddi kirday his qilardim. Hovliga kirishim bilan shlangdan chiqayotgan suvni ustimdan quydim. Soch oldirganim uchun shunaqa qilyapti deb o‘ylashdi ota-onam. Xonaga kirgach, faqat ko‘zimga yosh kelaverdi. O‘zimcha u odam menga qanaqadir kasal yuqtirdi, yiringli narsa bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Onamga aytgim keldi. Ko‘zimni yumsam, meni bo‘g‘ayotgani tasavvurimda paydo bo‘laverardi. Onamning sog‘lig‘i yaxshi bo‘lmagani uchun aytishga qo‘rqdim. O‘zimni ayblor his qilaverardim. Ko‘nglim ayniyverardi. Yaqin do‘stimga aytmoqchi bo‘ldim, lekin aytolmadim.

O‘sha sartaroshxonaga bormay qo‘ydim. O‘rtoqlarimdan doim so‘rar ekan meni. Uyimni, maktabimni surishtiribdi ulardan. Doim kulib yuradigan bola edim ilgari, ota-onam senga nima bo‘lyapti, deb so‘rardi. Bir marta maktab yonida ko‘rib qo‘rqib ketganman. O‘shanda niia bo‘lganini hech tushunolmasdim, birov aytmagan ham bizga. Keyinchalik jinsiy hayot haqida katta akalarimizdan eshitib bila boshladim, lekin u odamning qilgan ishini tushunolmasdim. O‘zimni aybdor his qilardim, kirdek tuyulardim o‘zimga. Bir o‘zim yurishga qo‘rqadigan bo‘lib qolgandim. Maktabga ketishda ham o‘rtoqlarim chaqirgpch, birga ketardim.

Katta bo‘lib u-bu narsani bila boshlaganimda o‘zimdan jirkanib ketardim. O‘zimni eng past odamdek his qilardim. Oliygohga o‘qishga kirib, o‘qib yurgan paytlarimda pedofil haqida bilganman. U odam qarib qolgan, bolalari, nevaralari bor edi. Topib borib o‘ldirgim kelardi.

O‘sha voqeadan bir necha yil o‘tib sartaroshxona o‘rnida ko‘p qavatdi uylar qurila boshlangan. Orqa mahallada yashashini eshitganman, xolos. U voqeani unutishga harakat qilardim, chunki jinni bo‘lib qolaman deb o‘ylardim. Tunlari meni bo‘g‘ayotgani xayolimga kelaverardi, tushimda ko‘rardim. Bir-ikki marta borib o‘sha odamni qidirib ko‘rdim. O‘lib ketganini bilgach, battar alam qildi, qanaqadir qasos olinmay qolgandek edi. Bitta menga qilganmi yo boshqa qurbonlari ham bormi, bilmadim...

Maktablarda bolalarga tushuntirish ishlarini olib borish kerak. Avrat joylarini ota-onadan boshqa hech kim ko‘rmasligi, teginmasligini uqtirish kerak. Bizda xunuk odatlar bor: kichkina o‘g‘il bolalar ko‘chada ishtonsiz yuraveradi, odamlar hazillashadi, rasmlargayam olamiz. Kimdir yomon niyat bilan qarayotgandir, bilib bo‘lmaydi-ku. Bolalarga ehtiyot bo‘lishni o‘rgatish lozim. Qo‘rqinchli, yomonligi bilinib turgan odamlardan uzoqroq yurishni aytamiz, lekin hech kutilmagan odam ham shunday yomon niyatda bo‘lishi mumkin. Bolalar faqat yomonligi bilinib turgan odamlardan qo‘rqishni o‘rganadi, bizga ham shunday o‘rgatilgan. Shuning uchun har qanday begona odamdan ehtiyot bo‘lish kerak, tanish bo‘lsa ham.

Bizda jabr ko‘rganni aybdor sanash ham bor. Pedofil qurboni hech qachon aybdor bo‘lmaydi. Pedofillar kasal bo‘ladi, ular bir ko‘z ostiga olgan bolaning izidan qolmaydi. Ota-onalarga bolalar ochiq ayta olish kerak, buning uchun esa uni aybdor qilmasliklarini his qilishi kerak bola. Bolalar ko‘chadan sal kech kelsa ham, aybdor qilib urishib beramiz. Bunday ayblovlar ortidan bola hamma narsani yashirishga harakat qiladi. Har doim farzandga ishonchli do‘st bo‘lishi kerak ota-onalar.

O‘zimga o‘xshab pedofiliyadan jabr ko‘rgan odamlarni uchratdim. Ularning ko‘pchiligi o‘zini tiklay olmaydi, joniga qasd qilganlari ham bor. Ayniqsa, hozir juda ko‘payib ketdi pedofillar. Kastratsiya qilish kerak deyishadi, lekin ularning kasali miyasida, ular hech qachon o‘zgarmaydi. AQShda pedofillarning ochiq ma’lumotli ro‘yxati yuritiladigan saytlar bor, bizda ham shunday bo‘lishi kerak. O‘z hududida shunday inson borligini bilishi kerak ota-onalar, bolalar-ku tushunmaydi. Kastratsiya qilgan bilan pedofil boshqa har xil yo‘l bilan o‘z shahvatini qondirishi mumkin. Shuning uchun ochiq ma’lumotlar bo‘lishi kerak pedofil haqida. Ota-onalar o‘z bolasini kimdan himoya qilish kerakligini bilishi kerak.

O‘sha vaqtlarda kechalari uxlolmasdim. Kimdir menga, ayniqsa, katta insonlar tegsa, seskanib ketardim. Hayron bo‘lishardi ular ham. Faqat ayol sartaroshlarga borardim. Oliygohga o‘qishga kirganimdan keyin yaqin bir do‘stim menga diniy bilimlar o‘rgatardi. Allohga ishonch, namoz orqali o‘zimni tinchlantirdim. Ro‘za paytim yoki namoz payti umuman bu muammolarni eslamayman. Faqat iymonim qutqaradi meni. Ota-onam, ayolim, farzandlarim kuch beradi menga.

Ko‘proq yangiliklar: