Markaziy bank: 2024 yilda transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi 6-8 foiz atrofida o‘sadi

Iqtisodiyot 23:27 / 14.02.2024 12640

2024 yilda O‘zbekistonda iqtisodiy o‘sish 5,5-6 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda Markaziy bank tomonidan e’lon qilingan «2023 yilning IV choragi uchun pul-kredit siyosati sharhi»da ma’lum qilindi.

Tashqi iqtisodiy sharoitlarning rivojlanish istiqbollari

2024 yil uchun global iqtisodiy o‘sish AQSh iqtisodiyoti, bir qator yirik rivojlanayotgan davlatlar, jumladan, Xitoy iqtisodiyoti bo‘yicha ijobiy kutilmalar fonida 3,1 foizni tashkil etishi prognoz qilingan.

Asosiy savdo hamkorlar orasida ham joriy yilda nisbatan pastroq iqtisodiy o‘sish prognozlari mavjud.

Asosiy xatar sifatida Xitoy iqtisodiyoti o‘sishining sekinlashishi keltirilgan. Bu asosan, zaif iste’mol talabi, ko‘chmas mulk va qurilish sektorlaridagi mavjud muammolar, investitsiya faolligi pasayishi va korporativ sektordagi yuqori qarzdorlik bilan izohlangan.

Rossiya iqtisodiyoti bo‘yicha prognozlar aksincha yuqorilash tomonga to‘g‘rilangan. Mudofaa sanoati va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish sektorlaridagi o‘sish ijobiy kutilmalarni qo‘llab-quvvatlovchi asosiy omillardan bo‘lgan.

«Qat’iy pul-kredit siyosati bilan birgalikda nisbatan barqaror shakllangan rubl kursi inflatsiyaning birinchi yarim yillikda muvozanatda bo‘lishiga xizmat qiladi», deyiladi MB sharhida.

Qozog‘iston iqtisodiyoti o‘sishi bo‘yicha kutilmalar biroz salbiy tomonga qayta ko‘rib chiqilgan. Bu o‘zgarish, OPEK+ guruhi kelishuvi asosida 2024 yilda vaqtinchalik neft ishlab chiqarish hajmlari qisqartirilishi bilan bog‘liq. Joriy yilda qat’iy pul-kredit siyosati yuritilishi oqibatida Turkiya iqtisodiyotining kutilganidan pastroq o‘sishi ham prognoz qilinmoqda.

2024 yilda AQSh Federal zaxira tizimi(FZT) foiz stavkasining 4,6 foizgacha pasayishi ta’sirida jahon moliya bozorlarida moliyalashtirish qiymati uchun etalon bo‘lgan forvard SOFR stavkasi ham yil oxiriga kelib 5,3 foizdan 4 foizgacha, 2025 yil oxiriga kelib esa 3,3 foizgacha pasayishi kutilmoqda.

Mis, oltin va neft narxi bo‘yicha kutilmalar

Brent markali neftning o‘rtacha narxi 2024 yilda bir barreli 82 AQSh dollari va 2025 yilda 79 AQSh dollarigacha pasayishi mumkin. Biroq geosiyosiy vaziyat keskinlashuvi va tovar yetkazishdagi uzilishlar sodir bo‘lgan taqdirda, narxlar ancha yuqori va yuqori tebranuvchan bo‘lishi taxmin qilingan.

Misning yirik iste’molchisi sanalgan Xitoy iqtisodiyotining sust fundamental ko‘rsatkichlari fonida joriy yilda mis narxi biroz pasayishi kutilmoqda. Biroq dollarning zaiflashuvi va Panama kanali orqali ta’minot muammolari, jahon bozorida mis taklifiga ta’sir qilib, mis narxlarining o‘sishiga olib kelishi ham mumkin.

Jahon oltin uyushmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda dunyoda mavjud geosiyosiy holat hamda markaziy banklar tomonidan oltinga bo‘lgan talab yuqoriligi oltin narxining oshiruvchi omillari bo‘ladi. Oltinning o‘rtacha narxi 1 unsiyasi uchun 2 ming dollar atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda.

Jahon oziq-ovqat narxlari

Jahon banki prognozlariga ko‘ra, oziq-ovqat narxlari 2024 yilda don mahsulotlari, xususan, makkajo‘xori va bug‘doy narxlari tushishi tufayli qo‘shimcha 1 foizga pasayadi. Bug‘doy ta’minoti joriy yilda avvalgi yil darajasiga yaqin va barqaror bo‘lishi kutilmoqda. Prognozlar bug‘doy bahosi 2024 yilda 3 foiz, 2025 yilda 5 foizga pasayishiga ishora qilmoqda.

O‘zbekiston bo‘yicha makroiqtisodiy prognozlar

Yangilangan prognozlarga ko‘ra, 2024 yilda iqtisodiy o‘sish 5,5-6 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda, bu avvalgi natijalarga nisbatan biroz yuqori hisoblandi.

2024 yilda eksport (oltinsiz) hajmi jahon bozorlarida shakllanayotgan narxlar, xususan, paxta va uran narxlari hamda metallurgiya sanoatida mis va rux ishlab chiqarish hajmining kutilayotgan oshishi hisobiga 10-12 foiz atrofida o‘sishi prognoz qilinmoqda.

Import hajmi o‘sishi so‘nggi yillardagi yuqori darajasiga nisbatan pasayishi va joriy yilda 10-12 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda. Jumladan, yuqori baza effekti tufayli mashina va uskunalar importi 2023 yilga nisbatan pastroq shakllanishi bo‘yicha kutilmalar mavjud.

Biroq import narxlariga energiya resurslarining narxi va ularni dengiz orqali tashish xarajatlari oshishi borasidagi xatarlar oshiruvchi bosim yaratishi mumkin.

Inflatsiya

Fiskal intizomning kuchaytirilishi orqali budjet taqchilligini 2024 yilda 4 foizdan oshirmaslik choralari iqtisodiyotdagi inflyatsion bosimni kamaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Yangilangan prognozlarga ko‘ra, inflatsiyaning 2024 yilda yillik 8-9 foiz atrofida, 2025 yil yakunida 5 foizlik target ko‘rsatkichi doirasida shakllanishi prognoz qilinmoqda.

Bundan tashqari, soliq tizimidagi o‘zgarishlar ham narxlarga o‘z ta’sirini ko‘rsatishi mumkin. Xususan, joriy yil aprel oyidan sovuq suv va issiqlik ta’minoti, chiqindi yig‘ish va kanalizatsiya xizmatlari hamda dori vositalari va tibbiy xizmatlarni qo‘shilgan qiymat solig‘iga tortilishi e’lon qilindi. Shuningdek, ehtimoliy energiya resurslari qimmatlashishi inflatsiyaning yangi to‘lqinini paydo bo‘lish xatarini kuchaytiradi.

Kelgusi choraklarda ham meva va sabzavot narxlariga taklif omillari tomonidan oshiruvchi bosim davom etadi. Bunda iqlim o‘zgarishi ta’siri, suv tanqisligi va issiqxonalarning energiya bilan ta’minlanganlik holati bo‘yicha noaniqliklar saqlanib qolmoqda.

Pul o‘tkazmalari

Pul o‘tkazmalari hajmi 2024 yilda xorijdagi ishchi kuchiga yuqori talab natijasida 6-8 foiz atrofida o‘sishi mumkin. Joriy yilda pul o‘tkazmalarining kirib kelishi bo‘yicha ijobiy kutilmalar, iqtisodiyotdagi ish haqi miqdorlarining oshib borishi aholi daromadlari real o‘sishining 5-7 foiz atrofida shakllanishiga xizmat qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: