XJS prokuraturasi G‘azo sektoridagi ehtimoliy jinoyatlarni tergov qiladi

Jahon 00:18 / 13.02.2024 7307

Xalqaro jinoiy sudi (XJS) prokurori Karim Xonning aytishicha, prokuratura Isroilning Falastin hududidagi (G‘azo sektori va G‘arbiy Sohilda) ehtimoliy jinoyatlarini Rim statutiga muvofiq faol ravishda tergov qilmoqda.

Rim statutiga ko‘ra, XJS genotsid, insoniyatga qarshi jinoyatlar, urush jinoyatlari va tinchlikka qarshi jinoyatlar tergovi bo‘yicha yurisdiksiyaga ega. Davlatlar ishtirokidagi ishlarni ko‘rib chiqadigan Xalqaro suddan farqli o‘laroq, XJS urush jinoyatlari yoki insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblangan shaxslarga qarshi ishlarni ham ko‘radi.

«Barcha urushlarning qoidalari bor va qurolli mojarolarga nisbatan qo‘llaniladigan qonunlar ularni bo‘sh yoki ma’nosiz qiladigan tarzda talqin etilmasligi kerak. Bu mening o‘zgarmas pozitsiyam. O‘tgan yili Ramallohdagi (Iordaniyaning G‘arbiy sohilidagi shahar) hodisadan keyin Isroilning xatti-harakatlarida sezilarli o‘zgarishlarni ko‘rmadim... Mening idoram sodir etilgani aytilayotgan barcha jinoyatlarni faol ravishda tergov qilmoqda. Qonunni buzganlar javobgarlikka tortiladi», deb Xon so‘zlarini keltirdi «Kommersant».

Prokuror, shuningdek, G‘azo sektorining janubiy chegarasida joylashgan Rafahning bombardimon qilingani va Isroilning shaharga quruqlikdan bostirib kirishiga tayyorgarlik ko‘rilayotgani haqidagi xabarlardan xavotirda ekanini aytdi. U, shuningdek, HAMAS tomonidan garovga olinganlarni ozod qilishga chaqirib, bu masala ham XJS tergovining muhim sohasi ekanini ta’kidladi.

2023 yil 29 dekabrda Janubiy Afrika Xalqaro sudga Isroilga qarshi da’vo arizasi bilan murojaat qildi. Janubiy Afrika rasmiylariga ko‘ra, HAMAS hujumidan keyin Isroilning G‘azo sektoridagi harakatlari «genotsid xarakteriga ega» va «BMT Genotsid konvensiyasidagi asosiy majburiyatlarni» buzadi. 2024 yil 26 yanvarda sud muvaqqat qarori bilan yahudiy davlatiga G‘azo sektorida genotsidning oldini olish choralarini ko‘rishni buyurdi.

Ko‘proq yangiliklar: