“Xorijiy sayyohlarning Buxoroda qolish davrini 3 kundan 5-7 kunga uzaytirishimiz kerak” - Buxoro shahar hokimi

O‘zbekiston 16:53 / 12.02.2024 5015

Buxoro shahri markazidagi 32,6 gektar hududda bino-inshootlar buzilib, o‘rnida Boqiy Buxoro madaniy-etnografik parki qurilishi e’lon qilindi. Turizm markazi muhokamalarga sabab bo‘lgan dastlabki rejalashtirilgan joyda amalga oshiriladi.

Buxoro shahar hokimi Jamol Nosirovning so‘zlariga ko‘ra, bu loyihani amalga oshirish orqali shaharning turizm salohiyati oshadi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

“Bu qurilish Buxoro shahrining kelajagi uchun juda muhim ahamiyat kasb etadi. Butun dunyo globallashuv jarayonini boshidan kechiryapti, urbanizatsiya jarayonlari tezlashyapti. Xususan, hududlardan Buxoro shahriga ko‘chib keluvchilar soni ham ortib bormoqda, aholi ko‘paymoqda. Tabiiyki, bunday sharoitda ish o‘rinlarini yaratish kerak.

Sanoat sohasida ko‘p ishlar avtomatlashtirildi. Yaqin 5-10 yil ichida robotlashuvga o‘tish boshlanishi mumkin. Insoniyat borki, xizmat ko‘rsatishga talab saqlanib qoladi. Buxoro shahrining drayveri ham turizm, kelajagi ham turizm. Iqtisodiy tahlil qiladigan bo‘lsak, bitta xorijiy sayyoh bir kun Buxoroda yurganda o‘rtacha 300 dollar sarf qilyapti. Bizning maqsadimiz bugungi kunda xorijiy sayyohning qolish davrini 3 kundan 5-7 kunga cho‘zish yo‘llarini o‘ylash. Bu uchun infrastruktura juda ham shart. Sayyohlarga zamonaviy mehmonxona, ovqatlanish shoxobchalari va boshqa zaruriy muassasalar juda ham kerak. Qurilishi rejalashtirilgan turistik markaz biz o‘ylagan rejalarni amalga oshirish imkonini beradi.

Bu majmua ishlashi uchun quriladi, uni shaharning chekkasiga olib borib qurish kerak emas. Kim boradi u yerga? Hozir odamlar qulaylikka intiladi. Sayyohning har bir daqiqasi hisob-kitobli. Ular tavakkalchilik bilan sayohat qilmaydi, qo‘lida xaritasi bo‘ladi. Shu jihatdan, qurilishni shahardan chetda amalga oshirish mantiqsizlik”, deydi Jamol Nosirov.

Buxoro shahar hokimining qo‘shimcha qilishicha, qurilish ishlari xususiy investorlar tomonidan amalga oshiriladi.

“Bu yerda qurilish ishlari xususiy investorlar tomonidan amalga oshiriladi. Davlat hech qanday pul tikmaydi. Kompensatsiyalar masalasida 7 nafar tadbirkor bilan gaplashdik, dastlabki muzokaralarni boshladik, ular bu loyihaga xayrixoh. Ularning mulklari bozor narxida baholanadi va kompensatsiyalar to‘lab berilganidan keyin mulklari buziladi”, dedi u.

Avvalroq Buxoro viloyati bosh arxitektori Zuhriddin Muhiddinov ma’lum qilganidek, viloyat va shaharning yangi ma’muriy markazi “Buxoro siti” hududiga ko‘chiriladi. Muhiddinov etnografik parkning asosiy investorlardan biri Enter Engineering ekanini tasdiqlagan.

Ayni paytda, Boqiy Buxoro madaniy-etnografik parki qurilishini kelishish bo‘yicha YuNeSKOga hali O‘zbekiston tomonidan murojaat kelib tushmagan.

Ko‘proq yangiliklar: