«Rossiya siz bilan xohlaganini qilishiga qo‘yib beraman». Tramp ittifoqchilarga qanday tahdid qilgani haqida aytib berdi

Jahon 16:17 / 12.02.2024 22161

Donald Tramp AQSh prezidenti bo‘lganida NATO bo‘yicha ittifoqchilariga tahdid qilib, Rossiyani alyans oldidagi majburiyatlarini bajarmayotgan davlatlar bilan «xohlagan ishini qilishi»da rag‘batlantirishini aytgan. U bu haqda saylovoldi tadbiri vaqtida ma’lum qildi. Oq uydagilar Trampning bayonotini «shokka tushiruvchi» deb baholagan.

«Men kelgunimcha NATO bankrotga uchragandi, – degan Tramp Janubiy Karolinaning Konvey shahridagi mitingda. – Men shunday dedim: „Barcha to‘laydi“. Ular aytishdi: „Agar biz to‘lamasak, siz baribir bizni himoya qilmaysizmi?“ Men aytdim: „Aslo yo‘q“. Ular bunga ishona olmasdi» (iqtibos CNN’niki).

Shimoliy Atlantika alyansi ustaviga ko‘ra, ittifoqchilar o‘z mudofaa ehtiyojlari uchun YaIMning kamida 2 foizini sarflash majburiyatini oladi. Ammo so‘nggi yillarda ko‘pchilik a’zolar o‘zi uchun tahdidni jiddiy deb hisoblamagan va ulardan faqat ayrimlari o‘z majburiyatlarini bajargan. AQSh prezidenti ekanida Donald Tramp ushbu mamlakatlar hukumatlarini o‘z mudofaa qobiliyatlarini mustahkamlash chora-tadbirlariga e’tiborsiz qarab, bu masalada butunlay AQShga tayanib qolgani uchun tanqid qilgan.

Tramp Janubiy Karolinadagi mitingda aytishicha, u Rossiya to‘g‘risidagi tanbehni NATO mamlakatlari rahbarlari bilan uchrashuvlardan birida bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, «katta davlatlardan biri»ning yetakchisi o‘z davlati NATO doirasidagi moliyaviy majburiyatlarini bajarmagan holatda Moskva tomonidan hujumga uchrashi bilan kechadigan nazariy vaziyatni keltirgan.

Trampning aytishicha, bu davlat rahbari shunday ssenariyda AQSh yordamga kelish-kelmasligiga qiziqqan, bu esa unga tanbeh berishiga sabab bo‘lgan.

«Men aytdim: siz to‘lamaysiz, to‘lovni kechiktirasizmi? – deya javob bergan go‘yo Tramp nomi aytilmagan davlat rahbariga. – Yo‘q, bunday holatda men sizni himoya qilmayman, buning ustiga ular istagan ishini qilishiga qo‘yib beraman va buni rag‘batlantiraman. Siz hisoblaringizni to‘lashingiz kerak».

NATO – kollektiv mudofaa tamoyiliga asoslanadi, unga ko‘ra, alyans a’zolaridan biriga hujum barcha a’zolarga hujum sifatida qabul qilinadi.

Tramp prezidentligida bir necha marta AQSh alyans budjetining juda katta qismini ko‘tarishga majbur bo‘layotganini ta’kidlab, Yevropadagi ittifoqchilarni kollektiv mudofaa tamoyiliga rioya qilmaslikda ayblagan.

Oq uy Trampning bayonotini «shokka tushiruvchi va mulohazasizlik» deb atab, prezident Jo Baydenning alyansni mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlarini eslatib o‘tgan.

Tramp o‘z tahdidini reallashtirish niyatida ekaniga aniqlik kiritmagan. U yana bir marta agar ikkinchi muddatga ham prezident bo‘lib qolganida, Rossiya hech qachon Ukrainaga hujum qilishga qaror qilmagan bo‘lishi haqida aytib o‘tgan.

«Biz bu urushni hal qilishimiz kerak va men buni hal qilaman», – degan 2024 yilgi prezidentlik saylovlarida Respublikachilar partiyasi nomzodi bo‘lishi kutilayotgan Tramp.

Liberal kayfiyatdagi New York Times nashri yozishicha, Trampning so‘zlari, katta ehtimol bilan uning prezidentlik lavozimiga qaytishidan shusiz ham xavfsirayotgan NATO a’zo davlatlarida xavotir uyg‘otadi.

Donald Trampning bu so‘zlari AQShning demokratik ma’muriyati amalda Ukrainaga harbiy yordam ajratishni to‘xtatgan (Kongress tomonidan ma’qullangan harbiy yordam paketlari o‘tgan yil yozidan buyon muttasil tarzda qisqartirildi, dekabr oyi oxiridan esa yordam taqdim etilishi butkul to‘xtab qoldi), Kongressdagi respublikachilar esa Rossiya agressiyasini qaytarish bo‘yicha aniq strategiya yo‘qligi tufayli qo‘shimcha mablag‘lar ajratish kerakligiga tobora ko‘proq shubha bilan qarashayotgan pallada yangradi.

Shanba kuni Tramp xalqaro yordamni «nazoratsiz tarqatish»ni bas qilishga chaqirib, AQSh qaysi davlatga bo‘lishidan qat’i nazar hozirgi formatda yordam ko‘rsatishdan voz kechishi darkorligini aytib o‘tgandi. «Bundan buyon, AQSh Senati, eshityapsizmi, xorijiy yordam ko‘rinishidagi pul hech bir davlatga berilmasligi kerak, u shunchaki yordam emas, balki qarz ko‘rinishida bo‘lishi lozim», – deya yozgan Tramp shanba kuni Truth ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

Uning fikricha, Vashington bir qator shartlar bilan pullarni qaytarishni talab qilish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak.

Tramp Ukrainaga pul berilishi, «keyin esa u Rossiya bilan kelishib olishi» mumkinligidan xavotirda ekanini bildirgan.

«Ularga pulni agar qaytara olishsa bering va ular qaytaradi. Agar ular pullarni qaytarib bera olmasa, ular pullarni qaytarishga majbur bo‘lmaydi, – degan Tramp. – Ammo agar ular boshqa davlatga o‘tib ketsa, bizni itdek tashlab ketgan bo‘lishadi. Agar bu bizning mamlakat bilan sodir bo‘lsa, bu juda oddiy – biz qo‘ng‘iroq qilamiz va o‘z pullarimizni qaytarib olishni xohlayotganimiz, chunki pullarimiz boshqa tomonga ketishini xohlamayotganimizni aytamiz».

Kongress tomonidan qabul qilingan va 2022 yilda prezident Bayden tomonidan imzolangan lendliz to‘g‘risidagi qonun Ukrainaga qurollar va harbiy jihozlarni egalik huquqini o‘tkazmasdan, zayom shaklida cheklanmagan miqdorda berishni nazarda tutadi. Ammo bu qonun hech qachon amalga tatbiq etilmadi, 2023 yil sentabrida esa kuchini yo‘qotdi va muddati uzaytirilmadi.

2022 yil oxirida NATO yalpi ichki mahsulot hajmining kamida 2 foizini mudofaaga ajratish bo‘yicha majburiyatni 31 a’zodan faqat 7 tasi bajarayotganini ma’lum qilgandi – 2014 yilda bunday mamlakatlar soni atigi uchta bo‘lgan. Rossiyaning Ukrainaga 2022 yil fevralida boshlangan bosqini NATOning ayrim a’zolarini qo‘shimcha harbiy xarajatlarni o‘z zimmasiga olishga majbur qilgan.

Donald Tramp esa bunday o‘sishni o‘z xizmati deb hisoblaydi va shanba kuni u o‘zining o‘sha tahdidlari tufayli «NATO xazinasiga yuzlab milliard dollar» miqdoridagi mablag‘lar kelib tushganini aytdi.

Ko‘proq yangiliklar: