Qatardagi oltin turnir: futbol bo‘yicha qit’a chempionatiga ichkaridan nazar

Sport 21:35 / 12.02.2024 70526

O‘zbekiston milliy terma jamoasining qanday ishtirok etganini chetga surib turamiz, bunga sport jurnalistlarimiz yetarlicha baho berib bo‘lishdi. Musobaqaga boshqa rakursdan nazar tashlash uchun bugun sizlarga parda ortida musobaqaning qanday tashkillashtirilgani haqida hikoya qilib bermoqchiman.

Ko‘pchilik bilmasa kerak, bu musobaqa o‘zi 2023 yilning yozida Xitoyda tashkillashtirilishi kerak edi. Ammo kovid cheklovlari va karantin tufayli musobaqaga tayyorgarlik ko‘rish, arenalarni ko‘zdan kechirish bilan bog‘liq qiyinchiliklar vujudga kela boshlagach, Osiyo futbol konfederatsiyasi musobaqani Qatarga ko‘chirishga qaror qildi.

Qatarda yozda futbol o‘ynab bo‘lmaydi. 2022 yilning dekabrida Jahon chempionatini qabul qilgan Qatar o‘tgan yilning yanvarida, bir oy ichida Osiyo chempionatini tashkil qilib bera olmasdi — tayyorgarlikka vaqt yetmasligi aniq edi. Shu bois 2023 yilgi qit’a kubogi 2024 yilning yanvarida o‘tkazishga qaror qilingan.

«Al-Bayt» stadioni.

2019 yildan buyon Qit’a kubogida ishtirok etuvchi milliy jamoalar soni 24 taga yetkazildi. Buning sharofati bilan qo‘shnilarimiz avval Qirg‘iziston, endi esa Tojikistonda Osiyo kubogida debyut qilish imkoniyati paydo bo‘ldi. Tojikiston kutilganidan ham bir bosh yuqori ishtirok etgani, turnirning yangiligi bo‘lgani alohida masala.

Demak, OFK tobora ko‘proq davlatlarni qamrab olish borasida to‘g‘ri yo‘ldan bormoqda. 

Stadionlar va logistika

Qayd etib o‘tish kerak, Qatar JCh-2022 da foydalanilgan 8 ta stadiondan 7 tasini turnir uchun taqdim etdi. Faqat o‘sha mashhur konteynerlardan qurilgan «974» stadionida o‘yin bo‘lmadi xolos. 45 ming o‘rinli 5 ta, ochilish va final uchun 90 ming o‘rinli «Lusayl» hamda ayrim o‘yinlar 70 ming o‘rinli «Al-Bayt» stadionida bo‘lib o‘tdi (jumladan, biz penaltilar seriyasida Qatarga boy bergan o‘yin ham).

Eron – BAA o‘yinidan fotolavha.

Bularga qo‘shimcha ravishda «As-Sadd» klubining 15 ming o‘rinli Jassim bin Hamad stadioni, «Ad-Duhayl» klubining 10 ming o‘rinli Abdulloh ibn Xalifa stadionlari ham guruh va nimchorak final uchrashuvlarini qabul qildi.

Qariyb barcha stadionlarning oldigacha yoki bevosita yaqinigacha metro bekatlari tortilganini aytmay qo‘ya qolaylik. O‘sha eng kichik Abdulloh ibn Xalifa, «Al-Janub» va «Al-Bayt» stadionlarigacha metro bormagan. Bu stadionlarga olib borish uchun metro bekatlari oldidan tekin avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan.

Ahmad ibn Ali stadioni va uning oldigacha kelgan Ar-Riffa bekati

To‘g‘ri, stadionlar ideal holatda, chim, xavfsizlik masalalariga aslo savol bo‘lishi mumkin emas. Ammo ko‘pchilikda Jahon chempionatini o‘tkazgan Qatar shundoqligicha stadionlarni taqdim etgan, degan tushuncha bo‘lishi mumkin.

Yo‘q, bunday emas. Stadionlar belgilangach, OFKdan katta bir guruh kelib har bir stadionni puxta o‘rgangan, chizmalar qilgan, mediasektor uchun joylar tayyorlagan, ayrim joylarda o‘rindiqlarni ko‘chirgan. Kirish-chiqish joylarini belgilagan. Har bir stadion uchun 250-300 sahifali hujjat tayyorlangan. Texnik talablarda stadionning har bir xonasi, har bir qavatida nimalar qilinishi kerakligi arxitektorlar tomonidan chizib chiqilgan (elektron ko‘rinishda) va turnir mezbonlari berilgan ko‘rsatmalarni bekamu-ko‘st bajarishgan.

2011 yilgi musobaqa finaliga mezbonlik qilgan Khalifa International stadioni.

Stadionda oddiy muxlislar uchun ham barcha sharoit muhayyo qilingan: fud-zona (ovqatlanish uchun), ibodat xonalari, ideal tozalikdagi hojatxonalar... Ayrim stadionlarda tashqarida ham vaqtinchalik biotualetlar ham qilingan. 40 mingdan ziyod muxlisni ovqatlantirish, gigiyena xonalari bilan ta’minlashning barchasi oldidan hisob-kitob qilib chiqilib, belgilab berilgan.

Stadionga kirish uchun chiptalarning barchasi onlayn sotilgan. Kirishda turniketlar oldidan QR kod bilan kiriladi. Stadiondagi zonalar toifalarga bo‘lingan. Eng oliy toifa VVIP, undan so‘ng VIP, so‘ngra 1-2-3 toifaga qarab chiptalar sotilgan. Albatta, toifasiga ko‘ra chiptalar narxi farqlanadi.

Stadionning VIP sektori uchun chipta.

Ikkita kichik stadionni qo‘ya turaylik, 45 ming muxlisni sig‘dira oladigan stadionlarga kirishda ham xavfsizlikka juda katta e’tibor qaratilgan: muxlislar maydonga uloqtirishi mumkin bo‘lgan hech narsani olib kira olmaydi, hattoki yegulik ham. Faqat uyali telefon va poverbank kabi gadjetlar mumkin. Sumkalarni ham stadiondan tashqaridagi maxsus saqlash xonasida qoldirish kerak bo‘ladi.

Umuman olganda, OFK musobaqaning faqat tashkiliy qismiga javobgarlikni o‘z zimmasiga olgan. Xavfsizlik masalalarini Qatar davlati o‘zi mustaqil hal qildi.

Terma jamoalarning mashg‘ulot olib borishlari uchun Dohadagi ko‘plab mashg‘ulot maydonlari ajratilgan. OFK tashkiliy qo‘mitasi tomonidan mashg‘ulot maydonlarining taqsimlanishida jamoa raqiblari bir-birining o‘yinini ko‘ra olmaydigan qilib oldindan lokatsiya va vaqt belgilab qo‘yilganini alohida e’tirof etish kerak. Masalan, O‘zbekiston terma jamoasi barcha mashg‘ulotlarini Qatar universiteti maydonlarida tashkil etdi.

«Education City» stadioni 

Media va translatsiya

Ommaviy axborot vositalarining ishlashi va translatsiya masalalariga Qatarda o‘tgan chempionat juda katta e’tibor bergan.

Uchta metro liniyasi birlashgan Msheyreb bekati oldiginasida Bosh media markaz barpo etilgan. Shunchalik qulayki, Dohaning istalgan nuqtasidan metroda osongina yetib kela olasiz. Akkreditatsiyadan o‘tgan jurnalistlarga metroda tekin yurish uchun musobaqa tugagunicha tekin transport kartasi beriladi. Jurnalistlar uchun media markazda va stadionlarda tekin issiq ovqatlar ham beriladi.

Bosh media markazga kirish joyi

Bosh murabbiy va sardor ishtirokidagi o‘yindan avvalgi matbuot anjumanlari aynan Bosh media markazda tashkil etildi.

Akkreditatsiyadan o‘tish uchun OFK rasmiy saytida ariza to‘ldirish bilan birga Qatarning Hayya vizasini olish uchun ham alohida ariza to‘ldirilar ekan. Men Hayya vizasini oldiroqdan to‘ldirish lozimligini tushunmabman: Qatarga yetib borgan kunim — 22 yanvarda bu arizani to‘ldirdim va akkreditatsiyani 7 kundan keyin qo‘lga kiritdim.

Har bir stadionlarda translatsiya qilish uchun 26 ta translatsiya kameralari o‘rnatilgan. Bular sirasida darvoza ortida o‘rnatilgan kameralar va o‘rgimchak kamera ham kiradi. Bundan tashqari VAR texnologiyasi uchun xizmat qiladigan OFK kameralari ham bor. Umuman, VAR uchun translatsiya kameralari ham safarbar qilinar ekan.

Faqat final o‘tgan «Lusayl» stadionida kameralar soni biroz ko‘proq — 33 ta qilingan ekan.

«Lusail» stadioni.

Kameralarning joylashish o‘rni, tasvirga olish rakursigacha hisob-kitob qilinib, yuqorida so‘zlab berganimiz texnik talablar chizmasida oldindan rejada chizib ko‘rsatilgan. Kameralarning oldida muxlislar kelib xalaqit bermasligi uchun necha nafar xavfsizlik xodimi turishigacha oldindan belgilab qo‘yilgan, qoyilmisiz?

Shunisi e’tiborliki, musobaqaning rasmiy homiylari va hamkorlarining nomidan boshqa biror brend tasvirga tushmasligiga qattiq e’tibor qaratiladi. O‘zbekistonlik muxlislar turfirmani futbolkalarda reklama qilishgani uchun O‘FAga 5 ming dollar jarima solingani ham shundan.

Sharhlovchilar va media xodimlari uchun o‘rindiqlar ham avvaldan belgilab, raqamlab chiqilgan. Futbol maydonidagi fotomuxbirlar uchun joy ham belgilab qo‘yilgan. Ayrim telekompaniyalar maydonning o‘zidan sharhlash istagini bildiradi. Ularga ham maydon chetidan joy ajratiladi va u joylar fotosuratchilarga berilmaydi. Akkreditatsiyaga ega jurnalistlar OFK rasmiy saytidan o‘yindan bir kun avval o‘ziga ma’qul joyni tanlashi mumkin. Barchasi tekin.

«Education City» stadionidagi ochiq studiya

Stadionlarda studiyalar uchun ham joylar qilingan. Ayrim arab telekompaniyalar prezentatsiya studiyalarida stadionning o‘zidan turib jonli efir tashkillashtirishgan.

Stadionlardagi matbuot anjumani xonalari va mikst zonalarning joylashuvi, yoritilishi va jihozlanishi ham avvaldan belgilanib qo‘yilgan.

Stadionda eng yaxshi o‘yinchini aniqlovchi texnik xodimlar, skautlar va kuzatuvchilar uchun ham joy ajratilgan.

Media vakillari uchun hotellar ro‘yxati ham avvaldan tasdiqlangan. Istaganlar o‘sha hotellarda o‘zi pul to‘lab turishlari mumkin. 

Tashkilotchilik

Yuqorida qayd etib o‘tganimdek, mazkur turnirga OFKning musobaqalarni o‘tkazish bo‘limi rahbari, o‘zbekistonlik Avazbek Berdiqulov direktorlik qildi.

Turnir direktori Avazbek Berdiqulov bilan.

Avazbek meni Doha Exhibition Center’da joylashgan musobaqaning bosh qarorgohiga mehmonga taklif etdi. Al-Qassar metro stansiyasidan chiqishda joylashgan muhtasham ko‘rgazmalar zali open space uslubida xonalarga bo‘lingan ekan.

U yerda 300 nafarga yaqin OFK xodimlari va ular tomonidan yollangan ishchilar ishlashar ekan. Umuman, musobaqani o‘tkazish uchun yollangan volontyorlar soni 8 mingdan ortiq ekani gap orasida aytib o‘tildi.

Turli majlis va brifing o‘tkazadigan xonalar, texnik bo‘lim, musobaqa mas’ul shaxslarining kabinetlari, ovqatlanadigan zona, volotyorlar va media vakillariga akkreditatsiya va kiyim-kechaklar tarqatish bo‘limi, omborxonalar — hammasi bitta manzilda qilingan. Bu ishni tashkil qilish uchun juda qulay, albatta.

Doha Exhibition Center’da joylashgan bosh qarorgoh.

Ha, tashkilotchilik yuqori darajada. Hattoki har bir jamoaning bayroqlari, madhiyalari jamlangan media vakillariga tarqatilgan. Shu o‘rinda bitta qiziq voqea: xabaringiz bo‘lsa, yaqinda bayrog‘ini almashtirgan Qirg‘iziston poytaxti Bishkekdagi bosh maydonda yakuniy tasdiqlangan emas, parlamentda ko‘rilgan variantlardan biri ko‘tarildi va OFKga ham o‘sha bayroq varianti yuborilgan. Yakuniy tasdiqlangan variant bu emasligi aniq bo‘lgach, zudlik bilan Qirg‘izistonning yangi bayrog‘i Shveytsariyadagi firmalardan birida tayyorlanib keltirilgan.

Hattoki, turli chalkashliklar ro‘y bermasligi terma jamoalar o‘yinchilarining nomlari o‘zlarida qanday o‘qilishigacha audio tayyorlangan (bizda bunga sharhlovchilarimiz fayllar qo‘llariga yetib kelgani bilan amal qilishmadi, albatta. Masalan, eronlik Somon Quddusni qayta-qayta Saman Gaddos deb aytaverishdi).

Avaz Berdiqulovning hikoya qilishicha, terma jamoalarning maydonga kiyib tushadigan liboslari bo‘yicha ham qat’iy tartib o‘rnatildi. Har bir milliy jamoa o‘zining asosiy libosida o‘ynashi turnir boshlanmasdan avval belgilab qo‘yilgan ekan. Darvozabonlar va hakamlar qanday liboslarda tushishigacha. Nakidkalarning ranglarigacha. Ya’ni guruh bosqichida uchrashuvlar qanday liboslarda o‘tishi aniq bo‘lgan. Agar terma jamoalarning birinchi liboslari o‘xshash bo‘lsa, o‘sha holda ikkinchi libosda o‘ynashga ruxsat berilishi belgilangan.

Hindiston bilan o‘yinimizda hindlar bu qoidadan qochishga urinishgan. Ularning asosiy kiyimi ko‘k rang bo‘la turib, nomi uchrashuvda birinchi yozilganiga qaramasdan, bir kun avval ikkinchi jamoa bo‘la turib oq libosda o‘ynovchi O‘zbekistonga qarshi zaxiradagi libosi — to‘q zarg‘aldoq rangli kiyimda maydonga tushishini prezentatsiya qilishdi (nima sababdan ekani o‘zlariga ayon). Lekin baribir maydonga qoidada belgilangan ko‘k libosda tushishga majbur bo‘lishgan (bungacha ancha to‘polon ham qilishibdi). Zero, katta musobqalarning qoidalari ularni buzish uchun yaratilmagan.

Kubok 2019 yilgi musobaqada almashdi va OFK yangi kubok tasvirini ko‘proq reklama qilmoqda. E’tibor bergan bo‘lsangiz o‘yinlar boshlanishida markazdagi aylanada kubok tasviri tushirilgan doira hilpiratildi.

1/4 finaldan boshlab esa kubokning shishirilgan ulkan shakli maydon markaziga olib chiqildi. Final o‘yinida esa yanada ulkanroq kubok maketi ochilib, ichidan haqiqiy kubok olib chiqildi. Maydondagi har bir odamlar soni, ular amalga oshiradigan harakat, qadamma-qadam, soniyama-soniya hisoblab, belgilab chiqilgan. Bayroqlar va yozuvlarni maydonga ko‘tarib chiquvchi yigit-qizlar shunchalik mashg‘ulot o‘tashganki, belgilangan vaqt ichida kechikmasdan o‘sha narsalarni yig‘ishtirib chiqib keta olishadi.

«Al-Janoub» stadioni.

Terma jamolarga ajratilgan transportlargacha belgilangan. O‘yin kuni bitta katta avtobus, 2 ta miniven yo mikroavtobus va bitta yuk tashuvchi mashina ajratilgan. Ulardan 12 soat foydalanishi mumkin. Bu mashinalar qatoriga yana avtomobil qo‘yishmoqchi bo‘lsa, MTJlar o‘z hisobidan qo‘shishadi.

Terma jamoalarga futbolkalarga yozuv va raqam yopishtiruvchi uskunalargacha ijaraga olib berib qo‘yilgan.

Terma jamoalarni kutib olish va joylashtirish ishlari ikir-chikirigacha hisoblab chiqilgan. OFK milliy terma jamoalarni kutib olish va yashash xarajatlarigacha to‘lab bergan. Guruh bosqichidagi ishtirok uchun har bir terma jamoaga 17 kunlik mehmonxonaga to‘lov qilingan.

Qayd etib o‘tish kerakki, 24 ta milliy jamoa uchun 32 ta mehmonxona ro‘yxati 2023 yilning may oyidayoq terma jamoalarga tanlash uchun jo‘natilgan va har bir delegatsiya o‘zlari yoqtirgan mehmonxonani tanlashgan. Har bir terma jamoada 26 nafar futbolchi va 20 nafar rasmiy shaxs bo‘ladi. 46 nafarlik delegatsiyaga guruh bosqichidagi 17 kun uchun odam boshiga 450 dollardan pul to‘langan — 351 ming 900 dollar.

Pley-off bosqichiga chiqqan terma jamoalarning keyingi yashashi uchun odam boshiga 450 dollardan pullar qo‘shimcha to‘lab berilgan.

Avstraliyalik futbol muxlislari

Bulardan tashqari, musobaqaga chiqqani uchun har bir terma jamoaga 200 ming dollardan yordam puli ham berilgan — istalgan davlatga borib, musobaqaga tayyorgarlik ko‘rish uchun.

Ikkita terma jamoa bitta hotelda ham turishi mumkin, agar o‘zlari o‘zaro kelishsa, OFK bunga qarshilik qilmaydi.

Qayd etish kerak, mehmonxonalar 4-5 yulduzli bo‘lib, ularda yashash narxi turlicha bo‘lgan va o‘rtacha to‘lov uchun eng qimmat mehmonxona — Saint Regis hotelining narxi olingan. Alohida qayd etish kerak, O‘zbekiston milliy jamoasi aynan o‘sha eng qimmat mehmonxona — St. Regis’ni tanlagan. Mehmonxona pulidan iqtisod qilmoqchi bo‘lgan terma jamoalar boshqa arzonroq hotellarni ham tanlashgan. Ya’ni terma jamoa muammo qilmasdan aytilgan kuni o‘yinga kelsa bo‘ldi. Buyog‘i o‘zlarining ishi, pul o‘zlarining tasarrufida.

Dohadagi St Regis hoteli. Foto: Booking.com

Masalan, davlatlardan biri arzonroq mehmonxonani tanlab, futbolchilarning oila a’zolarini ham o‘zlari bilan birga olib kelib, o‘sha ajratilgan pul hisobidan hotelga joylashtirgan.

Terma jamoalarga tekin chipta masalasida ham oktyabr oyidayoq xat jo‘natilgan. OFK tomonidan har bir terma jamoaga o‘z o‘yiniga 2 dona VVIP chipta, 10 dona VIP chipta va 30 dona 1-toifali chipta berilishi belgilangan. Boshqa o‘yinlar uchun 2 donadan 1-toifali chiptalar tekinga berilgan. O‘yinlarda har bir federatsiya stadiondagi 8 foiz o‘rindiqlarga chiptalarni sotib olish huquqi berilgan. 84 foiz o‘rindiq boshqalarga sotiladi. Bu xalqaro talab, FIFA ham shunday ishlaydi.

Masalan, 1-toifa chiptalar narxi ochilish o‘yinida 250 qatar riyoli (843 ming so‘m), guruh bosqichidagi o‘yinlarga 60 riyol (202,5 ming so‘m), 1/8 finaldan boshlab 100 riyol (337,5 ming so‘m).

O‘zbekiston fan klubi a’zolari A.Fozilov va Sh.Imomov bilan

Final chiptasi, tabiiyki, juda qimmat. Uning aniq narxini bilmadim. Kelib qo‘ygan edim. O‘zbekiston milliy jamoasi fan klubi raisi Abdurahmon Fozilov finalda eng oddiy chiptalar narxi 350 dollarga ko‘tarilib ketganini xabar qildi. 

Xulosa

Qayd etib o‘tish kerak, musobaqaning tashkiliy qo‘mitasida o‘zbekistonliklar ham ishlashdi. Umuman, O‘zbekistondan kelib ishlagan xodimlari soni 10 nafar ekani aytildi. Jumladan, Qatar futbol federatsiyasida ishlayotgan hamyurtimiz Alisher Nikimbayev ham turnirda ishladi.

Musobaqaning yuksak saviyada tashkil etilishida Qatar futbol federatsiyasi va mahalliy tashkiliy qo‘mitaning ham katta hissasi bor, albatta.

Hali shu yilning aprel-may oylarida Qatarda Parij olimpiadasiga yo‘llanma beruvchi U-23 Osiyo kubogi ham bo‘lib o‘tadi. U ham chiroyli tashkil etilishiga shubha yo‘q.

Chapdan o‘ngga: Alisher Nikimbayev, Shuhrat Shokirjonov, Avazbek Berdiqulov, qirg‘izistonlik OFK xodimi Pavel Luzanov.

Avaz Berdiqulovning aytishicha, o‘zbekistonlik futbol funksionerlarining bunday katta turnirda ishlashi ularga juda katta tajriba maktabi bo‘ladi. Kelgusida yurtimizda ham nufuzli musobaqalarni o‘tkazishda asqotadi.

Qolaversa, o‘zbekistonlik juda ko‘p jurnalistlar, fotomuxbirlar, sharhlovchilar ham turnirni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishdi.

Turnirda ishlagan o‘zbekistonlik xodimlar bilan

Nisbatan mitti davlat bo‘lishiga qaramasdan Qatar 2006 yilda Osiyo o‘yinlari, 2011 yilda Osiyo kubogi, 2022 yilda Jahon chempionatini, 2024 yilda esa yana qit’a kubogini qabul qildi. Buning natijasi — mamlakat futboliga ta’sirini ko‘rib turibmiz.

Keyingi turnir 2027 yilda Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadi.

Uzunquloq gaplarga qaraganda, 2035 yilda O‘zbekiston o‘z qo‘shnilari bilan Osiyo kubogiga mezbonlik qilmoqchi. Albatta bunday nufuzli musobaqaning yurtimizda tashkillashtirilishi, vatanimizni tanitishga ham, sport obektlarimizning yaxshilanishiga ham xizmat qiladi. 

P.S. Darvoqe, Osiyo kubogi bilan hamohang tarzda Dohada ilk bor Elektron Osiyo kubogi — AFC eAsian cup bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston geymerlar futbol jamoasi.

OFK va Konami kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkillashtirilgan turnirda haqiqiy Osiyo kubogida qatnashayotgan 24 ta davlatning 20 tasidan kelgan geymerlar chempionlik uchun kurashishadi. O‘zbekiston sharafini mamlakatimiz kibersport assotsiatsiyasidan kelgan professional geymerlar jamoasi himoya qilishdi, lekin ular ham 1/4 finaldan yutqazib qaytishdi.

OFK Osiyo kubogi, Osiyo chempionlar ligasi kabi musobaqalarni yanada kengroq targ‘ib qilish uchun virtual futbolni ham ommalashtirishga qaror qildi.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist

Ko‘proq yangiliklar: