Chirchiqda bog‘cha tarbiyachisi bolani urib, hojatxonaga qamab qo‘ydi

Jamiyat 15:09 / 12.02.2024 23389

Ijtimoiy tarmoqlarda “Chirchiqdagi bog‘chada murabbiy bolakayni urganlikda ayblanmoqda” sarlavhasi ostida video tarqaldi. Bolalar ombudsmani holatni nazoratga olganini ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, voqea Chirchiq shahridagi xususiy bog‘chada 8 fevral kuni ro‘y bergan. Bog‘cha tarbiyachisi oilaviy sabablarga ko‘ra asabiy holatda bo‘lgani tufayli tushlik paytida uxlay olmay yig‘layotgan bolaga bir necha bor qattiq baqirib, so‘ng bolani urib, hojatxonaga qamab qo‘ygan.

Hozirda bu tarbiyachi Mehnat kodeksining 161-moddasining 5-bandi (xodimning o‘z mehnat majburiyatlarini bir marta qo‘pol ravishda buzgani uchun mehnat shartnomasini bekor qilish) asosida lavozimidan ozod etilgan.

Holat yuzasidan tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda va tarbiyachining harakatiga huquqiy baho berilmoqda.

“Tarbiyachi tomonidan bu tarzdagi jazo usulining qo‘llanishi bolaning manfaatlariga mutlaqo ziddir.

Bolaning ruhiy-emotsional sog‘lig‘iga, sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazuvchi bunday harakatlar javobsiz qolishi mumkin emas!” – deyiladi Bolalar ombudsmani bayonotida.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil bu fakt bo‘yicha bolaning qonuniy manfaatlarini ta’minlash yuzasidan o‘z kuzatuvini qat’iy davom ettiradi. Ta’kidlanishicha, bu borada qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

Ko‘proq yangiliklar: