«Imkoniyatlar darichasi yopilmoqda». Rossiya Avdiyivkada ukrain qo‘shinini tuzoqqa tushirishga urinmoqda

Jahon 19:10 / 11.02.2024 31227

BBC Donetsk oblastida Rossiya qo‘shini 2022 yil fevralidan buyon egallab olishga besamar urinayotgan ushbu kichik shahar mudofaasida nimalar bo‘layotganini tahlil qilib ko‘rdi.

«Rossiya kuchlari raqib mudofaasini yorib o‘tishga va aholi yashash punkti chekkasiga chiqishga muvaffaq bo‘ldi», – deya xabar qilingan Rossiyaning «Birinchi kanali» efirida 1 fevral kuni Avdiyivkadagi vaziyat haqida. Bu xabarga ko‘ra, RF qo‘shini go‘yoki shahar chekkasidagi 19 ta uyni egallagan.

BBC ma’lumotiga ko‘ra, rossiyalik harbiylar guruhi chindan ham taxminan 19 yanvardayoq Avdiyivkaning eng janubiy chekkasidagi ko‘chalar: Sportivnaya, Chernishevskaya, Lesnaya, Sedova va Sobornaya ko‘chalariga yetib kelishgandi.

Rossiyalik harbiy blogerlarning aytishicha, Rossiya mazkur hududda butun bir platsdarm tashkil etishgan – «Tsarskaya oxota» restoranlar kompleksida.

6 fevral kuni rossiyaliklarning telegram-kanallarida Chernishevskaya ko‘chasida «Bredli» zirhli mashinasi minaga tushib portlab ketgani aks etgan video tarqaldi. Bu Ukraina qurolli kuchlari dushmanni shahardan siqib chiqarishga muvaffaqiyatsiz uringan chog‘da ro‘y bergani aytilgan.

Ukraina hukumati «ko‘cha janglari» boshlangani to‘g‘risidagi ma’lumotni rad etgan va rossiyaliklarning diversiya-razvedka guruhi shahar chekkalaridan allaqachon chekintirilgani haqida ma’lum qilgan.

Vaziyat yomonlashuvi

Ammo 5 fevral kuniyoy ukrainlarning nufuzli tahliliy portali DeepState Avdiyivkadagi vaziyat yomonlashayotgani haqida xabar berdi. Xususan, rossiyaliklar shaharning nafaqat janubiy, balki shimoliy chekkalariga, Avdiyivka kokskimyo zavodi yaqinidagi dala hovlilardan iborat posyolkaga faol hujum qila boshlagandi.

«Odatga ko‘ra, shahar atrofida ham, uning ichida ham mudofaa inshootlarini tayyorlash masalasida ko‘p savollar tug‘ilmoqda», – deya qayd etgandi DeepState.

Ukrainalik harbiy korrespondent va «Tsenzor.Net» nashri bosh muharriri, 5 fevral kuni Avdiyivkaga kelgan Yuriy Butusov Rossiya qo‘shini shaharga kirishdan 1,2 km masofada turganini ma’lum qilgan.

Chernishevskiy ko‘chasida «Bredli» portlashi

Avdiyivka harbiy ma’muriyati boshlig‘i Vitaliy Barabash 6 fevral kuni ukrain umummilliy telemarafoni efirida vaziyat og‘irlashayotganini tasdiqlagan.

«Vaziyat keskin. Agar bir necha hafta oldin vaziyat og‘irligi, ammo nazorat ostidaligi haqida aytgan bo‘lsak, endi juda og‘ir va hatto aytish mumkinki, ba’zi joylarda kritik vaziyat yuzaga kelgan», – degan u.

Shu bilan birga, u shaharda hali ko‘cha janglari olib borilmayotgani, ammo rossiyaliklarning kichik guruhlari shaharga yorib o‘tishga harakat qilayotgani haqida aytgan.

Barabashning so‘zlariga ko‘ra, RF armiyasi bir kunning o‘zida shaharga 37 ta aviabomba tashlagan va 50 marta artilleriyadan o‘qqa tutgan.

«Tavriya» operativ-strategik qo‘shinlar guruhi matbuot kotibi Dmitro Lixovoy Avdiyivka ichkrisida janglar boshlangani haqidagi ma’lumot yuzasidan izoh berishni istamagan.

Avdiyivkadagi deyarli barcha uylar shikastlangan yoki vayron bo‘lgan

«Biz norasmiy manbalardan olinayotgan shunday gaplarni eshityapmiz, ammo biz bunga izoh bermaymiz, chunki vaziyat doimiy ravishda o‘zgarib turibdi», – degan u BBC Ukraina xizmati bilan suhbatda.

Shu bilan birga, u so‘nggi kunlarda Rossiya qo‘shini shturm harakatlari intensivligini oshirganini qo‘shimcha qilgan: jangovar to‘qnashuvlar, aviazarbalar va FPV-dronlar qo‘llanishi ortdi.

«Bizning himoyachilarimiz mudofaani mustahkam ushlab, dushmanga keng qamrovli zarbalar bermoqda. Shu bilan birga, raqib katta yo‘qotishlarga uchrayotganiga qaramay yangi zaxiralarini harakatga keltirishga hozirlik ko‘rmoqda», – degan Lixovoy.

U Avdiyivkadagi guruh ta’minoti barqarorligi va Ukraina qurolli kuchlari mudofaani yaxshilash choralarini ko‘rib, qo‘shimcha o‘t ochish pozitsiyalari va kuzatuv punktlari o‘rnatayotganini ma’lum qilgan.

«Vaziyat murakkab, ammo nazorat ostida», – deya ishontirgan «Tavriya» guruhi vakili.

Rossiyaliklar nimani ko‘zlamoqda?

Rossiya qo‘mondonligining maqsadi yaqqol ko‘rinib turibdi. RF qo‘shini qariyb to‘rt oy sarfladi, jonli kuch va texnikalarda katta yo‘qotishlarga uchradi, ammo Avdiyivkani «keng qamrab olish»ga erisha olmadi. Ya’ni ruslar shimol va janubdagi qanotlarda birdek ilgarilab, shahar ortida qisqichni yopishga va garnizon ta’minotini uzib qo‘yishga erisha olmadi.

Shunday vaziyatda Rossiya qo‘shini boshqa rejani ishga tushirdi. Yanvar oyi o‘rtalarida ular yerosti yo‘llaridan foydalanib, shahar janubidagi «Tsarskaya oxota» restorani atrofidagi ukrain pozitsiyalariga yetib borishdi.

Ko‘rinib turibdiki, ularning keyingi maqsadi – Sobornaya va Chernishevskaya ko‘chalari bo‘ylab shimol tomon harakatlanib, «9-kvartal» deb ataluvchi 9 va 15 qavatli uylar joylashgan hududga yetib borishdir. Bu kvartal rossiyaliklar platsdarmidan 1,5-2 km masofada joylashgan va muhim taktik ahamiyatga ega hisoblanadi.

Boshqa tomondan, Rossiya qo‘shini guruhi shahardan shimolda «Brevno» restoranlar kompleksi atrofidagi Avdiyivka avtobazasi yaqinidagi chorraha tomon o‘tishga harakat qilmoqda. Shunday qilib ular Ukraina qurolli kuchlarining asosiy logistika qontomiri – 00542 trassasini kesib qo‘yishi mumkin.

Buning uchun RF armiyasi «Ivushka» bog‘dorchilik shirkatining xususiy uylar qurilgan massivini to‘liq egallashi va temiryo‘lni kesib o‘tishi talab etiladi.

Avdiyivka kokskimyo zavodi Ukraina QK nazoratida qolmoqda. Rossiyaliklar uni aylanib o‘tishni va garnizonni ikki qismga ajratib qo‘yishni istamoqda

DeepState bu vazifa qisman uddalanganini ko‘rsatadi. Rossiyaliklar 4-5 fevral kunlari shaxsiy tarkibning bir qismini dachalar massiviga ko‘chirib o‘tkazgan va temiryo‘l ustidagi ko‘prikni egallashga harakat qilmoqda.

Bu ko‘prik – avtobazadan 500 metr va «Brevno»dagi pozitsiyadan bir kilometr masofada joylashgan.

Bu harakatlarning barchasi Avdiyivkadagi ukrain garnizonini ikkiga ajratib yuborish uchun qilinmoqda. Ya’ni ukrain qo‘shinini yoki shahar janubi va janubi-sharqiga – 9-kvartal hududi va «Zenit» pozitsiyasiga chekinishga majbur qilish, yoki bu guruhni qurshovga olib, Industrialniy prospekti hududida va 00542 trassasida ta’minot yetkazib berish yo‘llarini kesib qo‘yish maqsad qilingan.

Shuningdek, shahar shimolidagi Avdiyivka kokskimyo zavodi hududini himoya qilayotgan jangchilar ham qiyin ahvolda qolgan.

«Qisman muvaffaqiyatga erishilsa va hozirgi pozitsiyalar ushlab qolinsa, shahardagi ukrain qo‘shini ahvoli yanada qiyinlashadi va ta’minot liniyalarini uylar bilan yaxshi to‘silgan ko‘chalardan shahar g‘arbidagi ochiq maydonlarga ko‘chirishga majbur bo‘ladi», - deya bu harakatlar maqsadini izohlaydi rossiyaliklarning «Voyenniy osvedomitel» telegram-kanali (585 ming obunachiga ega).

Buyog‘iga nima bo‘ladi?

Ukrainalik harbiy tahlilchi Mixaylo Jiroxovning qayd etishicha, Avdiyivkadagi voqealarning to‘liq kartinasini tuzish qiyin ish. Bu ham intensiv harbiy harakatlar bilan, ham shaharda barqaror telefon aloqasi yo‘qligi bilan bog‘liq.

«Hozircha rossiyaliklar [Avdiyivka]ni ikki tomondan aylanib o‘tayotgani va ularni shimolga ketuvchi asosiy trassadan bir necha yuz metr masofa ajratib turgani aniq. Ya’ni ushbu yo‘l amalda [rossiyaliklar] tomonidan olov nazoratiga olingan, ammo hali ishlashda davom etmoqda», – degan ekspert BBC Ukraina xizmati uchun bergan izohida.

Ko‘cha janglariga kelsak, Jiroxov Avdiyivka va Baxmut o‘rtasida farq borligini aytadi. Agar Baxmut tekislik va tig‘iz qurilgan ko‘p qavatli imoratlardan iborat bo‘lgan bo‘lsa, Avdiyivkada buning aksi.

«Avdiyivkada barchasi boshqacha. Agar rossiyaliklar tepalikda joylashgan «9-rayon»ni o‘z nazoratiga olsa, uyog‘iga Avdiyivka uchun janglarni davom ettirishdan ma’no qolmaydi. – deydi tahlilchi. – Chunki u yerdan turib qo‘shni aholi yashash manzillariga qadar bo‘lgan hududlarni nazorat qilish mumkin. Agar ular tepalikni egallashsa, u yerga dronlar va artilleriyani joylashtirishi mumkin va o‘shanda ukrainlar shaharni mudofaa qilishi ma’noga ega bo‘lmaydi. Hatto Avdiyivka kokskimyo zavodi ham kaftdek ko‘zga tashlanib turadi».

Shu tariqa, tahlilchi o‘tgan yil bahorida Baxmutda kuzatilgan vaziyat takrorlanishi ehtimoli juda kam deb hisoblaydi, o‘shanda «Vagner» yollanma jangchilari ukrain garnizonini shaharning g‘arbiy chekkalariga chekintirish uchun juda imillab harakatlanishiga, har bir kvartal va hatto har bir uyni olish uchun qattiq jang qilishiga to‘g‘ri kelgandi.

Ukrain qo‘shini nima qiladi?

Mixaylo Jiroxovning so‘zlariga ko‘ra, ikki variant mavjud: garnizonni kuchaytirish va Rossiya qo‘shinlarining ichki hududlariga qarshi zarbalar berish yoki Ukraina qurolli kuchlarini shahardan bosqichma-bosqich olib chiqish.

«Ammo men hozirda guruhning qandaydir kuchaytirilishini ham, qarshi zarbalarni ham ko‘rmayapman. Bu meni ajablantirmoqda», – deydi ekspert.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlarida zaxiralar bor, ularni boshqa, nisbatan tinch yo‘nalishlardan olib kelish mumkin. Bunday taktikani RF qo‘llagandi va boshqa frontlardan zaxiralarni Avdiyivka atrofiga to‘plagandi.

Prezident Volodimir Zelenskiy 2023 yil dekabr oyi oxirida, Rossiya qo‘shini bu yo‘nalishda faolligini yanada oshirishidan oldinroq Avdiyivkaga tashrif buyurgandi

Agar ikki tomon ham shaharda ko‘cha janglari olib borishga qaror qilsa, bu shaxsiy tarkib uchun jiddiy sinovga aylanadi.

«Ko‘cha janglari olib borish uchun g‘ayratli va yaxshi tayyorlangan piyodalar zarur bo‘ladi - shunchaki safarbar qilingan jangchilar buni uddalay olmaydi. Bu harbiy harakatlarning o‘ziga xos turidir», – deydi ekspert.

Agar Ukraina hukumati garnizonni yarim qurshov holatidagi shahardan olib chiqishga qaror qilsa, buning uchun hali vaqt bor. Ammo vaqt u qadar ko‘p emas, deydi Jiroxov.

«Ortga qaytib bo‘lmas nuqtadan hali o‘tilmadi. Ukrain guruhini bosqichma-bosqich olib ketish hali imkon doirasidagi ish. Ammo imkoniyatlar oynasi yopilmoqda. Va tezlik bilan», – deya qayd etgan u.

Harbiy qo‘mondonlik bu masala bo‘yicha izoh bermayapti, ammo ukrain harbiylari hayoti – ustuvor ekanini qayd etmoqda.

«Ukraina hukumati va qurolli kuchlar rahbarlari oldin ham bir necha bor ta’kidlaganidek, jang maydonidagi eng og‘ir sharoitlarda odamlarning, Ukraina himoyachilarining hayotini saqlab qolish ustuvor vazifadir», – degan VVS’ga «Tavriya» operativ-strategik qo‘shinlar guruhi vakili Dmitro Lixovoy.

Ko‘proq yangiliklar: