Ukrainada havo hujumidan mudofaa snaryadlarining bir oylik zaxirasi qoldi – OAV

Jahon 21:17 / 10.02.2024 9443

Ukraina armiyasining havo hujumidan mudofaa snaryadlari zaxiralari tugab bormoqda va yaqin kelajakda to‘ldirilmasa, mart oyida tugaydi. Bu haqda The New York Times yozdi.

Ta’kidlanishicha, AQSh harbiy yordamisiz shu yilning o‘zidayoq frontda «kollaps» yuzaga kelishi mumkin. Yordam yetishmasligining halokatli ta’siri 2 oydan keyin sezila boshlaydi. Bunday vaziyatda Ukraina mart oyigacha qarshi hujumlarni boshlashda qiynaladi, yoz boshiga kelib esa Rossiya hujumlariga qarshi turish qiyinlashishi mumkin.

Shu bilan birga, Rossiyaga Ukraina sharqida yirik hujumni boshlash uchun salohiyatni tiklab olish qiyin bo‘lishi bashorat qilinmoqda. Katta ehtimol bilan, rus qo‘shinlari «qo‘pol va tartibsiz» tarzda, yo‘qotishlar bilan oldinga siljiydi.

NYT nashrining ta’kidlashicha, shu sababli, yangi bosh qo‘mondon Aleksandr Sirskiy jiddiy qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin. U bunday «qonli tenglamalarni» bir necha marta yechishga majbur bo‘lgan. Uning tanqidchilari bunday qarorlar har doim ham to‘g‘ri bo‘lmaganini ta’kidlashadi - ayniqsa Baxmut uchun qiyin janglarda.

Ukraina qo‘shinlari og‘ir ahvolda, AQSh harbiy yordamisiz qolmoqda, Kongressdagi kelishmovchiliklar tufayli yordam ajratilmayapti. O‘tgan hafta Ukrainaga qariyb 60 milliard dollarlik harbiy yordam paketini taqdim etish bo‘yicha yana bir taklif senatorlarning dastlabki ma’qullashidan o‘tdi va endi avval Senatda, keyin esa Vakillar palatasida ovozga qo‘yilishi kerak.

Harbiy tahlilchilarning ta’kidlashicha, bu yordamsiz Ukraina Rossiya bilan urushda «birdaniga mag‘lub bo‘lmaydi», balki «uning kuchlari tanazzulga uchrashi muqarrar». Shu bilan birga, Ukrainaga yordam berayotgan Yevropa davlatlari ta’minoti AQSh qurollari o‘rnini bosa olmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: