Rafahga hujum tahdidi, Putinga Polshadan javob va Chernobildagi rakka chidamli bo‘rilar - kun dayjesti

Jahon 21:47 / 10.02.2024 25517

So‘nggi bir kun ichida jahonda sodir bo‘lgan ahamiyatli voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestda tanishtirishda davom etamiz.

 

G‘azodagi vaziyat

Isroil hamon G‘azoda qirg‘inni davom ettirish niyatidan qaytmayapti. Shimoldan boshlangan urush sekin-asta sektorning eng janubi — Misr bilan chegaradagi Rafah shahriga yo‘nalmoqda.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning devonxonasi toki Rafahda HAMASning to‘rtta batalyoni qolar ekan, HAMASni yo‘q qilish bo‘yicha harbiy maqsadlarga erishib bo‘lmasligini ta’kidlagan.

«Rafahda keng miqyosli operatsiya o‘tkazish harbiy harakatlar zonasidan tinch aholini evakuatsiya qilishni taqozo etadi”, deyiladi xabarda.

Netanyahu armiyaga va xavfsizlik tizimiga Rafahdagi tinch aholini evakuatsiya qilish hamda HAMASni yakson qilish bo‘yicha qo‘sh rejani taqdim etishni vazifa qilib bergan.

Eslatib o‘tamiz, G‘azoning shimoli va markazida harbiy harakatlar boshlangach, u yerda yashagan tinch aholi o‘z turar joylarini tashlab Rafah shahriga ko‘chgan. Ayni damda Rafahda 1,5 milliondan ortiq falastinliklar qochqinlar lagerlari, BMT shelterlari va ko‘chalarda kun ko‘rishga majbur bo‘lib turishibdi.

BMT ma’lumotiga ko‘ra, Isroil harbiylari o‘tgan haftada Jyenin shahrida joylashgan Ibn Sino kasalxonasida uch nafar falastinlikni sudsiz va turgovsiz otib o‘ldirgan. Bu xalqaro humanitar xuquqning jiddiy ravishda toptalishi hisoblanadi.

Ukrainaga yordam

Amerikalik mulozimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, zudlik bilan harbiy yordam ko‘rsatilmasa Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimlari o‘q-dorilari faqat kelgusi oygacha yetishi mumkin, deb yozadi The New York Times nashri.

Tahlilchilarning fikricha, zarur harbiy yordamsiz Ukraina kelgusi oyga kelib lokal qarshi hujumlarni qiyinchilik bilan tashkil eta boshlaydi, yozning boshiga borib esa Rossiya hujumlarini qaytarishda ulkan muammolarga duch keladi.

Biroq rasmiy shaxslar Rossiya Ukraina sharqida yirik qarshi hujum uyushtirish uchun tezda yetarli salohiyat yaratishga qodir emas, deb hisoblashmoqda. Buning o‘rniga Rossiya qo‘shinlari oldinga beso‘naqay, tarqoq holda, o‘z qo‘shinlari safida ko‘plab yo‘qotishlarga duchor bo‘lib siljishga urinadi

AQSh Ukrainani moliyalashtirishni to‘liq ma’qullaydi, degan respublikachilar partiyasidan kongressmen Terner.

Putinning bayonotiga Polshadan javob

Polsha tashqi ishlar vazirligi Rossiya Federatsiya prezidenti Vladimir Putinning AQShlik jurnalist taker Karlsonga bergan intervyusida “Polsha Hitlerni o‘z hududiga bostirib kirishga majbur qilgan”, degan gapi yuzasidan munosabat bildirdi.

«Rossiya diktatori Vladimir Putin Ikkinchi jahon urushining boshlanishida SSSR o‘zi 1939 yilning 17 sentabrida bostirib kirgan davlatni birinchi bor ayblayotgani yo‘q. Biz Rossiyaning 2022 yilda Ukrainaga bostirib kirishi yuzasidan paranoidal oqlovlarga ko‘nikib qoldik. Lekin eng ajablanarlisi, bu marta ularni amerikalik jurnalist ham qo‘llab-quvvatlamoqda», — deb yozgan Polsha tashqi ishlar vazirligi X ijtimoiy tarmog‘ida.

Eslatib o‘tamiz, amerikalik jurnalist Taker Karlson Moskvada Putin bilan ikki soatlik intervyu uyushtirgan.

Intervyu davomida Karlson jumladan Rossiyada hibsga olingan The Wall Street Journal nashri jurnalisti Evan Gershkovich xususida ham savol bergan. Putin jurnalist “maxsus xizmatlar kanali” bo‘yicha “vatanparvarlik tuyg‘usi bilan” Berlin markazida “banditlardan biri”ni o‘ldirgan insonga almashtirilishi mumkinligini aytgan. Gap Germaniyada umrbod qamoq jazosini o‘tayotgan Vadim Krasikov haqida bormoqda.

Rossiya: saylov nomzodlari ma’lum

15-17 mart kunlari bo‘lib o‘tadigan Rossiya prezidenti saylovida 4 nomzod ishtirok etadi. Rossiya Markaziy saylov komissiyasi prezidentlik saylovi uchun byulleten matnini tasdiqladi.

2008 yildan beri ilk marta saylov byulletenida atigi to‘rt nafar nomzod bo‘ladi. Saylov byulleteniga amaldagi prezident Vladimir Putindan tashqari «Yangi odamlar» partiyasidan Vladislav Davankov, Rossiya Liberal-demokratik partiyasidan Leonid Slutskiy va Rossiya Federatsiyasi Kommunistik partiyasidan Nikolay Xaritonov kiritilgan.

Saylov byulletenida nomzodlar alifbo tartibida joylashtirilgan bo‘lib, ular qayerda va kim bo‘lib ishlayotgani, nomzodi kimlar tomonidan ko‘rsatilgani kabi ma’lumotlar bor. Agar nomzod o‘zining partiya a’zosi ekanini ko‘rsatgan bo‘lsa, saylov byulletenida partiyaning nomi va nomzodning partiyadagi maqomi ko‘rsatilgan.

Har bir nomzodga saylov byulletenining teng qismlari ajratilgan. Shu bilan birga, Rossiyaning amaldagi prezidenti Vladimir Putin boshqa nomzodlar orasida sezilarli darajada ajralib turadi: u haqidagi ma’lumotlar ikki qatorda, qolganlari haqida esa sakkiz-to‘qqiz qatorda joylashgan. Bunga Meduza nashri e’tibor qaratdi.

Chernobildagi bo‘rilar saratonga chidamli

Chernobildagi mutant bo‘rilar saraton kasalligiga chidamli ekani aniqlandi, deb yozmoqda New-York Post nashri.

Bu jonivorlarda saraton kasalligiga chidamli genomlar rivojlangan va bu hol insonlarda bedavo kasallikni yengishda kalit bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Chornobildagi bo‘rilar insonlar uchun xavfsiz sanaluvchi doza chegarasidan 6 barobar ortiq radiatsiyaga duchor bo‘lib yashashadi.

Tadqiqotchilar bu yovvoyi hayvonlarning immun tizimida xuddi saratonni nur terapiyasi orqali davolaydigan insonlarda bo‘lgani singari o‘zgarishlarni aniqlashgan. Olimlar bu genomlardan onkologik kasallikka chalingan insonlarni davolashda foydalanish istagida.

Ko‘proq yangiliklar: