Xususiy OTMning litsenziyasi to‘xtatilsa, undagi talabalar nima qiladi?

O‘zbekiston 20:19 / 08.02.2024 75168

Nodavlat OTMga litsenziya qayerdan beriladi?

Nodavlat OTMni litsenziyalash 2023 yil yanvarigacha Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan amalga oshirilgan. Lekin 2022 yil dekabr oyidagi ma’muriy o‘zgarishlar sabab bu inspeksiya tugatilib, uning vazifalari ikkita vazirlikka o‘tkazildi. Xususiy bog‘chalar va maktablarga Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, xususiy professional ta’lim muassasalari va oliy o‘quv yurtlariga Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi litsenziya beradigan bo‘ldi.

Lisenziyalash hukumat qarori bilan tasdiqlangan “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida”gi yagona nizom asosida amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning 8-moddasida ham nodavlat ta’lim tashkilotlari faoliyatini litsenziyalash shartlari ko‘rsatilgan.

Ma’lumot uchun, 2023 yil iyul holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 210 ta OTM mavjud bo‘lib, ularning 115 tasi davlat, 65 tasi nodavlat va 30 tasi xorijiy xususiy OTM (yoki ularning filiallari) hisoblanadi.

Lisenziyalash bo‘yicha yangi tartib bormi?

2023 yilning avgust oyida xususiy universitet ochmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarga vazirlik litsenziya berishni orqaga surayotgani masalasi ko‘tarilgan edi. Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev litsenziya berishni to‘xtatish ortidan bu sohaga investitsiya kiritgan tadbirkorlar mushkul ahvolda qolganini yozgandi.

Huquqshunosga ko‘ra, nodavlat oliy ta’limga litsenziya berish kimningdir og‘zaki topshirig‘i yoki jamoatchilikka e’lon qilinmagan yashirin hujjat bilan to‘xtatib qo‘yilgan, bunga sabab sifatida litsenziya berishning yangi tartibi ishlab chiqilayotgani ko‘rsatilgan.

Lekin ma’sul tashkilotlar bu gapning qanchalik asosli ekani haqida rasmiy munosabat bildirishmagan. Oradan 5 oy vaqt o‘tgan bo‘lsa ham yangi tartib (agar bor bo‘lsa) e’lon qilingani yo‘q. Lekin licence.gov sayti reyestrida avgustdan beri to‘rtta (1, 2, 3, 4) xususiy OTMga litsenziya berilganini ko‘rish mumkin.

Lisenziya bekor qilinishi

So‘nggi 2-3 yil ichida nodavlat OTMning ko‘payib borishi bilan birga ularga litsenziya berish va uni bekor qilish masalasida muammolar yuzaga chiqyapti. Masalan, Kun.uz'ga malum qilinishicha, 2023 yilning 6 noyabr holatiga ko‘ra, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi nodavlat OTMlarda tekshiruv o‘tkazib, kamchiliklar aniqlab, 5 ta nodavlat OTMlar litsenziyasini bekor qilish bo‘yicha sudga ariza kiritgan.

Lisenziyani bekor qilish yoki uni to‘xtatib turish talabi qanchalik asosli ekani alohida mavzu, bunga sud baho beradi. Ammo bu yerda bir masala mavhum bo‘lib qolmoqda: nodavlat OTM litsenziyasi bekor qilinsa, unda o‘qib yurgan talabalar taqdiri nima bo‘ladi?

Amaldagi qonunchilik

2023 yil 4 iyulda imzolangan, “Ma’muriy islohotlar doirasida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qaroriga ko‘ra, litsenziyasi bekor qilingan ta’lim tashkiloti yoki yopilgan ta’lim dasturida tahsil olayotgan talabalarga o‘qishini davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarining mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklariga belgilangan tartibda ko‘chirish huquqi beriladi.

O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha qarorga qaralsa, talabalarning arizalari kuzgi semestr uchun 15 iyuldan 5 avgustgacha, bahorgi semetr uchun esa 15 yanvardan 25 yanvargacha qabul qilinishi ko‘rsatilgan. Qarorda litsenziyasi tugatilayotgan nodavlat OTM talabalari o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha istisno holat uchramaydi.

Ochiq qolayotgan savollar

Yuqoridagilarga ko‘ra, bir qator savollar tug‘ilmoqda.

O‘qishni ko‘chirishga ariza topshirish muddati o‘tib ketgan bo‘lsa, OTMning litsenziyasi olib qo‘yilgan taqdirda uning talabalari nima qilishi kerak? Ular muayyan muddatlik vaqtini yo‘qotadimi? Deylik, talaba o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha ariza berdi, bu ariza qanoatlantirilmasa, talabaga qanday yordam ko‘rsatiladi? OTMlar o‘quv yili boshida kvotasini tasdiqlab olgan bo‘lsa, ularda yana qo‘shimcha o‘rinlar yaratiladimi? Agar litsenziyasi tugatilgan OTMlar uchun shunday istisno bo‘lsa, u qaysi hujjatda aks etgan?

Kun.uz bu masalaga mas’ul bo‘lgan OTFIV matbuot xizmati bilan bog‘lanib, yopilayotgan nodavlat OTM talabalariga qanday yordam ko‘rsatilishi haqidagi savollar bilan murojaat qildi. Lekin vazirlik ularga javob berolmasligini bildirdi.

Modomiki, litsenziya beruvchi va uni bekor qilish bo‘yicha sudga ariza kirituvchi tashkilot vazirlik ekan, bu savolga vazirlikdan tashqari kim javob beradi? Axir talaba vazirlik bergan litsenziyaga ishonib, o‘qishga kirgan.

Ma’lumot uchun, Adliya vazirligining licence.gov sayti reyestriga qaralsa, vazirlik 2023 yil yanvar oyidan beri 10 ga yaqin xususiy oliygohlarga litsenziya bergan.

Zuhra Abduhalimova,
Kun.uz

Ko‘proq yangiliklar: