“Hayotingiz bir kunda o‘zgarib ketsa, shoshib qolarkansiz” - velosiped ko‘targan kurer hikoyasi

Jamiyat 21:05 / 07.02.2024 59783

Uzum Tezkor'ning 22 yoshli kureri Jahongir qor yog‘ayotgan payt velosipedini yelkasiga ko‘tarib ketayotgani aks etgan video sabab Instagram'da mashhur bo‘lib ketdi. Yigit uni videoga olishgani va internetda yulduzga aylanganidan avvaliga shokka tushgan bo‘lsa, keyin kutilmagan xushxabarlarga duch keldi: onasiga Umra safari yo‘llanmasi, o‘ziga esa Ijtimoiy va siyosiy fanlar institutida grant asosida o‘qish imkoniyati taqdim etildi.

Jizzax viloyati Yangiobod tumanidagi chekka qishloqda tug‘ilgan Jahongir Mamatqulov bolaligidan mehnat qilib ulg‘aygani, o‘qishga kira olmagach Rossiyaga ishlashga ketgani va Uzum Tezkor'ga qanday ishga kirgani haqida Kun.uz'ga so‘zlab berdi.

“Ikki yil akademik litseyda o‘qidim, lekin ko‘p vaqtim ish bilan band bo‘lgani uchun yaxshi o‘qiy olmadim. Institutga kira olmadim. Shundan keyin hamma qatori Rossiyaga ishga ketishga majbur bo‘ldim.

2022 yil 1 sentabr. Rossiyadagi hamqishlog‘imning yonida birga ishlardim. Bahor kelgan edi, uydan telefon bo‘ldi – onamning mazalari qochib kasalxonaga tushib qolgan ekan. Oshqozonlari bilan bog‘liq muammo sabab 15 kundan beri ovqat yemay qo‘ygan ekanlar. Dunyo ko‘zimga qorong‘i tuyulib ketdi. Hali qarzdaman, boshliqdan pul olib uyga jo‘natganman. Shundayam chipta olib berib, qo‘limga pul berib jo‘natib yubordi. Yig‘lab keldim, onam kasalxonada, 15 kundan beri hech narsa yemay qaltirab qolgan ekan”, – deya hikoya qiladi u.

Jahongirning ikkinchi marta migratsiyaga ketishi va salomatligida paydo bo‘lgan muammolar tufayli ishini o‘zgartirishi, Toshkentga kelib Uzum Tezkor'ga ishga joylashishi va ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p aylangan video orqali hayotida bo‘lgan o‘zgarishlar hamda kurerlikning mashaqqatlari haqida batafsil videoda uning o‘zidan eshiting.

Birgina videolavha bilan kurer yigitning hayoti umuman o‘zgarib ketdi: onasi orzu qilgan Umra safariga yo‘llanma, o‘ziga esa Ijtimoiy va siyosiy fanlar institutida 4 yil grant asosida tahsil olish imkoniyati taqdim etildi.

Ibrohim Samadov tayyorladi.
Tasvirchi – Nuriddin Nursaidov.

Ko‘proq yangiliklar: