Xavi yana hakamdan norozi, APLda gollar yomg‘iri. Yevropada kun o‘yinlari 

Sport 12:32 / 04.02.2024 22374

Angliya: bir o‘yinda sakkiz gol

«Everton» – «Tottenhem» 2:2
Gollar:
0:1 – 4 Risharlison, 1:1 – 30 Harrison, 1:2 – 41 Risharlison, 2:2 – 90+4 Jarred Brentueyt.
«Everton» – Pikford, Yang (Shermiti, 80), Godfri (Koulmen, 75), Tarkovski, Brentueyt, Mikolenko, Guyye, Harrison, Garner, Kelvert-Lyuin (Betu, 85), Maknil (Dobbin, 85).
«Tottenhem» – Vikario, Porro, Romero, van de Ven, Udoji, Heyberg (Dregushin, 89), Meddison (Hil, 86), Bentankur (Sarr, 64), Jonson (Kulusevski, 64), Verner (Skipp, 86), Risharlison.
Ogohlantirishlar: Godfri (60), Garner (90), Dobbin (90).

«Tottenhem»ning bu mavsumdagi o‘yinlari translatsiyasini hech ikkilanmasdan «Ko‘rish tavsiya etiladi» yozuvi bilan belgilash mumkin. Natijasi qanday bo‘lishidan qat’i nazar bu jamoaning o‘yinlari zerikarli bo‘lmasligi aniq, sardor va yetakchi Son Xin Min Osiyo Kubogiga ketgani ham jamoa o‘yini tomoshabop bo‘lishiga ta’sir ko‘rsatgani yo‘q. Koreyalik hujumchi yo‘qligida olib kelingan Verner tarkibga ideal darajada qo‘shilib ketdi, Meddison jarohatdan tuzalib safga qaytgani esa maydon markazini kuchaytirdi. Qo‘shimchasiga Risharlison yuqori sport formasiga chiqqan va bu mavsumdagi gollari sonini o‘ntaga yetkazib oldi.

Ayniqsa ikkinchi gol urilgan vaziyat katta taassurot qoldirdi, bu hujumda Meddison to‘pni braziliyalik sherigiga shunchalik aniqlik bilan yetkazib berdiki, unda gol urmasdan boshqa variant qolmagandi. Shu bilan birga, Risharlison sobiq jamoasi bilan o‘yinda urgan gollari uchun mezbon muxlislardan uzr so‘radi, u o‘z vaqtida «Gudison Park»dagilarni APLni tark etishdan qutqarib qolgandi, ammo shanba kungi o‘yinda ham, birinchi davradagi o‘yinda ham ushbu jamoa muxlislarini ranjitdi.

Ammo «shporlar»ga ikki gol ham g‘alaba uchun yetarli bo‘lmadi, qo‘shib berilgan daqiqalarda «Everton» hisobni tenglashtirishga erishdi. «Irislar» «shporlar»ning pragmatik bo‘la olmasligidan foydalandi. Hisobni saqlash uchun o‘ynay olmaydigan «Tottenhem» — bu mavsumda 90-daqiqadan keyin o‘tkazib yuborilgan gollar soni bo‘yicha tengsiz (8).

«Sheffild Yunayted» – «Aston Villa» 0:5
Gollar:
0:1 – 12 Makginn, 0:2 – 16 Uotkins, 0:3 – 20 Beyli, 0:4 – 30 Tilemans, 0:5 – 47 Moreno.
«Sheffild Yunayted» – Foderingem, Bogl, Holgeyt, Axmedhojich, Trasti, Norrington-Devis (Robinson, 50), Makati (Devis, 72), Vinisius, Bruks (Osborn, 50), Osula (Hamer, 46), Brereton (Archer, 65).
«Aston Villa» – Martines, Konsa (Kesh, 59), Diyego Karlos, Langle, Moreno, Makginn (Iroegbunam, 71), Tilemans (Rodjyers, 81), Beyli (Diabi, 60), Kamara, Duglas Luis (Remzi, 46), Uotkins.
Ogohlantirish: Bogl (44).

«Tottenhem» katta qiyinchilik bilan qo‘lga kiritilgan to‘rtinchi o‘rinni boy berdi, o‘tgan turda o‘z uyida «Nyukasl»ga qarshi sharmandali mag‘lubiyatdan keyin kuchli namoyish etgan «Aston Villa» bu o‘rinni o‘ziga qaytarib oldi. Unai Emeri jamoasi bor alamini «Sheffild Yunayted»dan oldi. Dastlabki yarim soatda to‘rt gol — buni haqiqiy bo‘ronning turishi deyish mumkin. Birminghemliklarda bunday yirik g‘alaba so‘nggi o‘n besh yillikda kuzatilmagan. Va tabiiyki bu jarayonda Uotkins faol ishtirok etdi. U APLning bu mavsumida ham gollari, ham golli uzatmalari soni ikkita raqamda ifodalanayotgan ilk futbolchi (11+10). «Sheffild» esa shunchaki umidsiz holatda. Bir jamoaning 23 turdan keyin bunchalik ko‘p gol o‘tkazib yuborishi (59) 1965/66 yillar mavsumidan buyon qayd etilmagandi.

«Nyukasl» – «Luton» 4:4
Gollar:
1:0 – 7 Longstaff, 1:1 – 21 Osho, 2:1 – 23 Longstaff, 2:2 – 40 Barkli, 2:3 – 59, penalti Morris, 2:4 – 62 Adebayo, 3:4 – 67 Trippiyer, 4:4 – 73 Barns.
«Nyukasl» – Dubravka, Tripper, Sher, Botman, Bern (Livramento, 64), Bruno Gimaraes, Longstaff, Mayli, Almiron (Barns, 63), Myorfi, Gordon (Uilson, 46).
«Luton» – Kaminski, Bell, Osho, Menji, Dauti (Berk, 79), Barkli, Klark (Raddok-Mpanzu, 68), Lokonga, Ogbene, Morris (Braun, 79), Adebayo (Vudrou, 88).
Ogohlantirishlar: Bern (56), Lokonga (60), Myorfi (76), Osho (90).

«Luton» bilan nima bo‘layotganini tushuntirish qiyin. APLning tarkibi qiymati bo‘yicha ham (Transfermarkt ma’lumoti), maoshlar miqdori bo‘yicha ham (Capology ma’lumoti) eng kamtar jamoa qatorasiga ikkinchi turda to‘rtta gol urmoqda. Va bu o‘yinlardagi raqiblar kuchsiz jamoalar emas – o‘tgan safar «Brayton» edi, endi esa – «Nyukasl». Urilgan gollar soni bo‘yicha «Luton» «Manchester Yunayted»ni ortda qoldirdi («MYu» tur o‘yinini bugun «Vest Hem»ga qarshi o‘tkazadi). Mavsumning birinchi davrasida «Liverpul», «Siti» va «Arsenal»ga qarshi o‘yinlarda ham jiddiy muammo tug‘dira olgan «Luton» bu safar g‘alaba qozona olmadi, chunki «Nyukasl» ham to‘rtta gol urdi. Shanba kungi o‘yinlarda esa APLning besh o‘yinida futbolchilar 26 bor darvozani ishg‘ol etishdi («Brayton» «Pelas»ni 4:1 hisobida mag‘lub etdi, «Byornli» va «Fulhem» o‘yinida 2:2 hisobi qayd etildi) va bu o‘ziga xos rekorddir.

Ispaniya: qishning eng qimmat futbolchisida g‘alati chetlatish

«Alaves» – «Barselona» 1:3
Gollar:
0:1 – 22 Levandovski, 0:2 – 49 Gundo‘g‘an, 1:2 – 51 Omorodion, 1:3 – 63 Roke.
«Alaves» – Sivera, Tenalya (Xadji, 77), Duarte, Marin, Xavi Lopes, Sola, Guridi (Simeone, 63), Antonio Blanko (Benavides, 77), Gevara, Rioxa (Rebbash, 63), Omorodion (Panikelli, 88).
«Barselona» – Penya, Kunde, Arauxo, Kubarsi (Romeu, 83), Joau Kanselu (Fort, 46), Kristensen (Martines, 82), Gundo‘g‘an (Roke, 59), de Yong, Pedri (Lopes, 74), Yamal, Levandovski.
Ogohlantirishlar: Omorodion (12), Roke (67), Sola (90).
Chetlatish: Roke (72).

Xavi mavsum yakunida ketishini e’lon qilganidan keyin futbolchilarga osonroq bo‘lishini aytgandi. Bu munozarali nazariya, ammo murabbiyni qattiq hurmat qiladigan futbolchilar endi uning uchun borini berayotganiga shubha yo‘q. Shuning uchun ham sakkiz futbolchisi jarohat tufayli safdan chiqqan «Barselona» raqiblar tomonidan qattiq qarshilikka uchrayotganiga qaramay g‘alaba qozonishda davom etmoqda.

«Alaves» maydonidagi o‘yinda ko‘k-anorranglilar tarkibda yana tajriba qilishiga to‘g‘ri keldi va himoyachi Kristensen tayanch zonasiga chiqarildi. Bu orqali baribir balansga erishilmadi va mezbonlar birinchi bo‘limda ko‘proq hujum uyushtirishdi. Bu mavsumda birinchi 45 daqiqalikda kataloniyaliklar darvozasi sohasiga olti zarba berishni hali hech kim uddalamagandi, ammo raqib darvozani ishg‘ol eta olmadi, chempionatda 10 dekabrdan buyon gol urmagan Levandovski esa buni uddaladi. Polyak hujumchisi ikki oy davomida ko‘plab yaqqol vaziyatlarni yo‘qqa chiqargandi, bu safar esa to‘pni mahorat bilan darvozabon ustidan oshirib tashladi.

Ikkinchi bo‘lim esa qizg‘in boshlandi – ikki daqiqa ichida ikki gol. Avvaliga Gundo‘g‘an to‘pga bir teginishda olis ustun oldida turgan Pedriga golli pas berdi. Keyin esa «Alaves» javob hujumidayoq o‘z golini urdi. «Barselona» qanotida Fort muvaffaqiyatsiz harakat qilib, Sole jarima maydonigacha to‘pni olib borishi va Omorodionning boshiga aniq pas uzatishiga qo‘yib berdi.

«Barsa» o‘yinning 70 foizdan ortiq vaqtida to‘pga egalik qilishda davom etdi va ko‘p o‘tmay uchinchi golni ham urdi. Zaxiradan tushgan Vitor Roke aniq harakat qildi. Bu mavsum qishki transferlar oynasining eng qimmatbaho futbolchisi bo‘lgan Roke (unga 40 mln yevro to‘langan) qatorasiga ikkinchi o‘yinida zaxiradan tushib gol urdi va o‘ziga xos uslubda nishonladi.

Shu bilan o‘yinda intriga tugagandek edi, ammo Rokening o‘zi uni qaytardi. «Barsa»da butun o‘yin davomida jami ikki sariq kartochka bo‘ldi. Ikkisi ham – 18 yoshli forvardga ko‘rsatildi. Birinchi holatda u raqibdan qochib ketishga urinib qo‘l bilan zarba berib yuborgani uchun ogohlantirilgandi, ikkinchisida hakam braziliyalik to‘p uchun kurash vaqtida gazonda yotgan raqibiga qasddan zarba bergan deb topdi. Videotakror u raqib oyog‘iga sezilar-sezilmas darajada teginib ketganini ko‘rsatgandi, ammo hakam bu holatda fol ko‘rdi.

Xavi o‘yindan keyin hakamlikdan noroziligini va apellyatsiya berilishini bildirib o‘tdi.

«Bu bizga qarshi chiqarilgan hakamlarning yana bir xatosi. Men faqat kurashishimizga ruxsat berishlarini so‘rayman. Ortiq hakamlar haqida gapirmoqchi emasman. Bugun yana bir jiddiy xatoga yo‘l qo‘yildi. Biz Negreyra ishi uchun tovon to‘layapmiz. Boshqa gapirmayman, aks holda meni yana «ko‘masiz». Navbatdagi xato. 

Vitor — to‘purar va u bizga tarkibda keng imkoniyatlar beradi. Uning chetlatilishi juda adolatsiz. Apellyatsiya beramiz», dedi kataloniyaliklar ustozi. 

Bir kishi kam bo‘lib qolganiga qaramay kataloniyaliklar g‘alabani ushlab qolishdi. Jamoa Xavi «Barsa»dan ketishini e’lon qilganidan keyin o‘tkazilgan ikki o‘yinda ham g‘alaba qozondi. Endi «Real» bilan oradagi farq yetti ochkoni tashkil etmoqda, ammo madridliklar jamoasi keyingi ikki o‘yinini «Atletiko» va «Jirona»ga qarshi o‘tkazadi.

Italiya: Yovich nihoyat o‘z jamoasini topdimi?

«Frozinone» – «Milan» 2:3
Gollar:
0:1 – 17 Jiru, 1:1 – 24, penalti Soule, 2:1 – 65 Matssitelli, 2:2 – 72 Gabbiya, 2:3 – 81 Yovich.
«Frozinone» – Turati, Romanoli, Okoli, Breshianini (Reyniyer, 85), Matssitelli (Ibrahimovich, 85), Harrui (Lirola, 77), Barrenechea, Jyelli, Sek (Valeri, 77), Soule, Kayo Jorjye (Sheddira, 77).
«Milan» – Menyan, Kalabriya (Florensi, 86), Kiyer, Gabbiya, Ernandes, Loftus-Chik (Okafor, 62), Pulishich (Yovich, 80), Adli, Reynders (Binnosir, 62), Rafael Leau, Jiru (Musa, 86).
Ogohlantirishlar: Loftus-Chik (43), Reynders (48), Harrui (56), Florensi (90).

«Milan»ning oxirgi o‘yinlarida triller kafolatlanmoqda. «Udineze»ga qarshi o‘yinning 82-daqiqasida ham rossonerilar yutqazayotgandi, ammo keyin hisobni tenglashtirishga ham, qo‘shimcha daqiqalarda g‘alabani ilib ketishga ulgurishgandi (3:2). Bir hafta muqaddam Stefano Pioli jamoasi «Bolonya» bilan o‘yinda qo‘shimcha daqiqalarda penaltidan gol o‘tkazib g‘alabani qo‘ldan boy bergandi (2:2). Endi esa milanliklar «Frozinone» maydonida hisobda quvlashmachoq o‘ynashdi. Jiru bosh bilan o‘z uslubida hisobni ochgan bo‘lsa-da, o‘yin mehmonlar uchun oson kechmadi.

Mezbonlar nafaqat hisobni tenglashtirishdi, balki Menyan yaqin burchakka yo‘llangan kuchsiz zarbani o‘tkazib yuborishni uddalaganida oldinga ham chiqib olishdi. Bu fransuz darvozabonning oxirgi vaqtlardagi birinchi xatosi emas, u irqchilikka uchraganidan keyin o‘ziga kela olmayapti. Ammo bu safargi xato milanliklar safidagi sehrli tayoqchalar tufayli qimmatga tushmadi. Avvaliga Jiru Gabbiyani golli pas bilan ta’minladi, keyin esa zaxiradan tushgan Yovich yana hal qiluvchi golni urdi. Ushbu serbiyalik hujumchi qish boshlanganidan buyon beshta gol urdi, shundan uchtasi o‘yinda burilish yasagan.

Germaniya: Myullerning 500-g‘alabasi

«Bavariya» – «Borussiya» M 3:1
Gollar:
0:1 – 35 Elvedi, 1:1 – 45 Pavlovich, 2:1 – 70 Keyn, 3:1 – 86 de Ligt.
«Bavariya» – Noyyer, Mazraui (Boe, 62), Dayyer, de Ligt, Devis (Gerreyru, 86), Pavlovich, Goretska, Myuller (Tel, 71), Sane, Musiala, Keyn.
«Borussiya» M – Nikolas, Skalli, Elvedi, Fridrix, Nets (Layner, 62), Onora (Ranos, 89), Ngumu (Hak, 62), Vaygl, Noyhaus (Kone, 62), Rayts (Fukuda, 85), Siyebatsho.
Ogohlantirish: Noyhaus (30).

Murabbiylar va tarkiblar o‘zgaradi, ammo Menxengladbahning «Borussiya» jamoasi «Bavariya» uchun noqulay raqib bo‘lib qolaveradi. Bu safar myunxenliklarni himoyachi Elvedi hayron qila oldi. Shveytsariyalik futbolchi markaziy doira atrofida pressingga qo‘shildi va to‘pni raqib jarima maydonigacha olib borib, Siyebatsho bilan devor uslubida o‘ynaganidan keyin darvozani ishg‘ol etdi. «Bavariya»da esa bo‘lim oxirida 19 yoshli yarimhimoyachi Pavlovich o‘zini ko‘rsatdi, mavsumni «Bavariya»ning ikkinchi jamoasida boshlagan futbolchi qatorasiga ikkinchi o‘yinda o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ymoqda.

Uning goli juda muhim edi, ikkinchi bo‘lim boshidagi bir necha daqiqalarda esa o‘yin taqdiri hal bo‘ldi. Avvaliga mehmonlar futbolchisi qulay vaziyatni yo‘qqa chiqardi, keyin esa Nikolas to‘pga chiqishda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi, Keyn bundan foydalandi. Harri uchun bu chempionatdagi 24-gol bo‘ldi. Yana oltita aniq zarbadan keyin u afsonaviy Uve Zeyelerning rekordini takrorlaydi, u 60 yil muqaddam bundesligadagi ilk mavsumidayoq 30 gol urishni uddalagandi. Leverkuzenga tashrif arafasida peshqadam bilan oradagi farq ikki ochkoni tashkil etmoqda, shu kungi uch goldan ikkitasida qatnashgan Myuller esa hisobidagi g‘alabali o‘yinlari soni 500 taga yetgan bavariyalikka aylandi.

«Darmshtadt» – «Bayyer» 0:2
Gollar:
0:1 – 33 Tella, 0:2 – 52 Tella.
«Darmshtadt» – Shuen, Bader, Tsimmermann, Maglitsa (Klarer, 81), Karich, Holland (Melem, 67), Franich (Myuller, 81), Skarke, Pfayffer, Vilhelmsson (Torziyello, 67), Xoltmann (Polter, 65).
«Bayyer» – Gradetski, Ta, Stanishich, Inkapie, Grimaldo, Tella, Chaka (Tapsoba, 89), Andrix, Virts (Hofmann, 77), Iglesias, Glojyek (Mbamba, 90).
Ogohlantirishlar: Andrix (7), Tsimmermann (49), Franich (68), Glojyek (74).

Yangi yil kirib kelgach «Bayyer»ning har bir o‘yini «aspirinchilar» jamoasi muxlislari uchun haqiqiy sinovga aylanmoqda. «Augsburg» va «Leypsig»ga qarshi o‘yinlarda leverkuzenliklar hal qiluvchi gollarni qo‘shimcha daqiqalarda urishgandi, o‘tgan haftada esa Menxengladbah o‘z darvozasiga katta qulf osib qo‘ydi (0:0). Ammo bundesliganing eng so‘nggi o‘rindagi jamoasi maydonida chempionat peshqadami ortiqcha asabbuzarlikka uchramadi, o‘yin bosh qahramoni esa yana Tella bo‘ldi. Nigeriyaning Afrika Kubogi uchun tarkibiga kira olmagan ushbu lateral jamoaning bu mavsumdagi asosiy qahramonlaridan biri bo‘lgan Frimpongning o‘ng qanotida uning yo‘qligini bilintirmayapti.

Ikki tur oldin Tella jarohatlangan niderlandiyalik o‘rniga tushib gol urgandi. «Darmshtadt» bilan o‘yin esa uning uchun joriy mavsumda boshlang‘ich tarkibdagi birinchisi bo‘ldi. Ko‘rinib turibdiki, Habi Alonso murakkab hafta oldidan cheklangan resurslar bilan rotatsiya qilishga urinmoqda. Keyingi shanbada «Bavariya»ga qarshi hal qiluvchi uchrashuv kutadi. Faqat myunxenliklar mashg‘ulotlar uchun yetarlicha vaqtga ega bo‘ladi, «Bayyer» esa seshanba kuni yana bir jiddiy o‘yin o‘tkazishi kerak — kubok chorakfinalida «Shtutgart»ga qarshi.

«Frayburg» – «Shtutgart» 1:3
Gollar:
0:1 – 3 Undav, 0:2 – 7 Fyurix, 1:2 – 45 Kyubler, 1:3 – 74 Mittelshtedt.
«Frayburg» – Atubolu, Kyubler, Gulde, Ginter (Vayshaupt, 83), Makengo (Gyunter, 73), Hefler (Gregorich, 73), Grifo (Musliya, 83), Shallai, Eggeshtayn, Rel, Heler (Filipp, 83).
«Shtutgart» – Nyubel, Vagnoman, Anton, Stergiu, Ruo, Mittelshtedt (Shtensel, 82), Karazor, Shtiller, Fyurix (Leveling, 76), Miyo (Daud, 76), Undav.
Ogohlantirishlar: Ginter (41), Eggeshtayn (45), Mittelshtedt (72), Kyubler (90), Filipp (90), Shtiller (90).
Chetlatish: Rel (18).

Bu turda «Shtutgart» uchinchi o‘rinda mustahkam o‘rnashishi uchun ideal vaziyat yuzaga keldi. «Shvablar»ga yetib olayotgandek ko‘ringan Dortmundning «Borussiya» klubi juma kungi o‘yinda «Haydenhaym»ni yenga olmagandi (0:0). Shanba kungi o‘yinda esa Sebastyan Heness jamoasi yetti daqiqa ichida ikki gol urgan holda «Frayburg»ni shokka tushirib, o‘z ishining bir qismini bajarib qo‘ydi. 18-daqiqada esa raqiblar kamchilik bo‘lib ham qolidi. Ha, birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan 11 daqiqa (!) mezbonlarga burchak zarbasidan hisobni qisqartirishda yordam berdi, ammo ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida Mittelshtadtning muvaffaqiyatli yakunlangan reydi amalda intrigaga barham berdi. Bu g‘alabadan keyin Dortmund bilan oradagi farq uch ochkoga yetdi.

Kun statistikasi

  • APL tarixida ilk bor beshtadan ortiq o‘yin o‘tkazilmagan o‘yinlar kunida 25 ta gol urildi.
  • Germaniya chempionatida faqat «Verder» ikkinchi davra boshidan buyon uch g‘alabaga erishgan.
  • «Bayyer» 20 turdan keyin 52 ochko jamg‘argan. Bu o‘tgan chempionat oxirigacha to‘planganidan ko‘proq. Bundesliga tarixida bu oraliqda bundan yaxshiroq natija faqat ikki bor kuzatilgan — 2013/14 va 2015/16 yillar mavsumida «Bavariya» 20 turda 56 va 53 balldan to‘plagan.
  • «Empoli» hujumchisi Kambiyagi mavsum boshidan buyon 52 zarba yo‘lladi. Opta tomonidan bunday ko‘rsatkichlar statistikasi yuritilishi boshlangan 2004 yildan buyon A Seriyada birorta forvard bunday faollik namoyish etgan holda birorta gol ura olmasligi kuzatilmagan.
Ko‘proq yangiliklar: