Tog‘ etagidagi qishloq – Yordonda bir kun

Jamiyat 10:28 / 04.02.2024 29244

O‘zbekistonning tog‘ bag‘rida joylashgan eksklav hududi – Shohimardon va Yordon qishlog‘ida 7 mingga yaqin aholi yashaydi.  Yordon aholisi chorvachilik va dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Deyarli har bir yordonlikning tog‘ bag‘rida bog‘i, qo‘rasida echkisi, qoramol va qo‘yi bor.

Oila bekasi Dilrabo Rasulova qishloq hayoti haqida so‘zlab berdi:

Dilrabo Rasulova

“Besh farzandim bor, to‘rtta qiz va bir o‘g‘il. Ikki qizimizni turmushga berganmiz. Chorvachilik, dehqonchilik bilan shug‘ullanamiz. Bahor-yoz oylarida kartoshka, jo‘xori va boshqa turli sabzavotlar ekamiz. Hamma narsa – unimizdan tortib go‘shtgacha o‘zimizdan chiqadi.

Sut-qatiqdan ham daromad olamiz. Chorvaning hamma turidan bor, qo‘y, echki, sigir, ot kabilar. Echkilarni asosan go‘shti, suti uchun boqamiz. Turmush o‘rtog‘im bozor kunlari Vodil bozorida kartoshka sotadi. Dehqonchilikni ot, eshak yordamida qilamiz. Qo‘chqor boqib sotib kam-ko‘stimizga, to‘ylarga ishlatamiz.

Aprel oylarida echkilar tug‘adi, uloqlari o‘t yeydigan bo‘lganda sog‘ishni boshlaymiz. Echki sutidan qurut qilamiz. Echki tog‘ giyohlarini yegani uchun suti juda foydali bo‘ladi.

Ulov sifatida otdan foydalanamiz. Qizlarim ham, o‘g‘lim ham ot minadi. Navro‘zdan keyin sigirlarni tog‘ga qo‘yib yuboraman, sog‘in sigirlarim uyda bolasi qolgani uchun ertalab chiqib kechga qaytib keladi. Qolgan mollar uyga kelmay, oktyabr oyigacha tog‘da yuraveradi o‘zlari.

Echki sutidan bo‘lgan qurutlarni bankaga yopib qo‘yamiz, ko‘pincha ro‘za oylarida so‘rab kelishadi. Bunday qurutlarni suvga qo‘shib qaynatib ichsa, to‘q tutadi, quvvat bo‘ladi. Qurutlarni asosan turistlar sotib oladi”, deydi oila bekasi.

Oila boshlig‘i O‘ktamjon Rasulovni qishloqda “robot aka” deyishar ekan. Haqiqatan ham uning bir zum tinmasligiga guvoh bo‘ldik.  

O‘ktamjon aka Rasulov

“Erta bahordan chorva, dehqonchilik ishlari boshlanadi. Chorvamiz yoz oylarida uyda bo‘lmaydi, tog‘ga qo‘yib yuborib, xabar olib turamiz. Qishda uyda bo‘ladi. Mollarimiz, echkilarni qo‘shnilar bilan navbatdan tog‘da boqib tushamiz.

Kuzda shudgorimizni tayyorlab qo‘yamiz. Bahorda ot va eshaklarim bilan ekin ishlarini boshlab yuboraman. Hamma ishimiz qo‘lda bo‘ladi, texnikasiz.

Bozorimizni Vodil qishlog‘idan qilamiz. Ovqat qilishda qo‘y yog‘i bilan sariyog‘ ishlatamiz. Unimiz, meva-chevamiz yetarli, o‘zimizdan chiqadi.

Fermer xo‘jaligida ham ishlayman. Yerimizda o‘zimizga kerakli ekinlarni ekamiz, kuzgacha hammasini yig‘ib qishki o‘ralarga joylaymiz. Kartoshkani Vodil bozoriga olib tushib sotib, puliga xarajat qilib kelaman. Yaxshi hosil bo‘lganda 5 tonnagacha kartoshka olaman. Bundan tashqari, ro‘zg‘or uchun sabzi-sholg‘om, chorva uchun makkajo‘xori ekamiz”, deydi oila boshlig‘i.

Kun botib atrofni qorong‘ulik chulg‘adi. Zahmatkash qishloq odamlari dasturxon atrofida tamaddi qilgandek bo‘ldi-da, turshaklarni tun yarmigacha saralab qoplarga solishdi.

Tog‘lar bag‘ridagi ushbu qishloq odamlari chindan mehnatkash ekan: hamma o‘z yumushi bilan ovvora, ko‘cha-ko‘yda bekor yurgan kishini uchratish qiyin. Buni O‘ktamjon aka Rasulov misolida ham ko‘rdik.

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Jahongir Aliboyev

Ko‘proq yangiliklar: