Madridda derbi, «Arsenal» - «Liverpul», «Inter» «Yuve»ga qarshi. Hafta o‘yinlari anonsi

Sport 16:38 / 03.02.2024 14279

BAVARIYa – BORUSSIYa M (3 fevral, 19:30)

Agar «Bavariya» Bundesligada faqat ushbu «Borussiya» bilan o‘ynaganda, turnir jadvalining ikkinchi yarmida yurardi. Bu hazil emas, zero qatorasiga oxirgi yetti mavsumda «Bavariya» kamida bir martadan menxengladbaxliklardan mag‘lubiyatga uchragan. Oxirgi 34 uchrashuvni olsak ham, g‘alabalar soni ikki tomonda ham teng – 12tadan. 10 uchrashuv durang bilan yakunlangan. Birinchi davradagi o‘yinda «Bavariya» 2:1 hisobida g‘alaba qozonganini e’tiborga olsak, an’ana bo‘yicha bu safar mehmonlar g‘alaba qozonishi kerak bo‘ladi. Myunxendagi oxirgi ikki o‘yinda mezbonlar g‘alaba qozona olishmagan, bir durang va bir «Borussiya»ning g‘alabasi qayd etilgan. Qizig‘i, undan oldingi Myunxendagi uchrashuvda «Bavariya» 6:0 hisobida ustun kelgan. Mana shunday, har qanday ssenariy kutish mumkin bo‘lgan to‘qnashuv.

«Borussiya» nafaqat «Bavariya», boshqa peshqadamlar bilan ham munosib o‘ynaganini e’tirof etish lozim. Masalan, o‘tgan turda jamoa Leverkuzenda durang o‘ynab, qaysidir ma’noda «Bavariya»ga yordam berib yubordi. Undan oldinroq «Shtutgart» ustidan ham ishonchli g‘alabaga erishilgan.

«Bavariya»ning aynan shu turda ochko yo‘qotishga umuman haqqi yo‘q. Ma’lumki, kelasi turda Leverkuzenda «Bayyer» va «Bavariya» o‘yini bo‘lib o‘tadi. Hozirda jamoalar o‘rtasida 2 ochkolik farq saqlanib turibdi. «Bayyer» ustidan g‘alaba qozonib, turnir jadvali peshqadami bo‘lib olish imkoniyati saqlanib turishi uchun ham Tuxel shogirdlari ushbu uchrashuvda g‘alaba qozonishi shart. «Bayyer» bu turda «Darmshtadt» mehmoni bo‘ladi va katta ehtimol bilan ochko yo‘qotmaydi. Bundan tashqari, kelasi haftadan yevrokuboklar boshlanadi. To‘g‘ri, «Bayyer» ham Yevropa Ligasida ishtirok etmoqda, ammo yuklama va bosim yuzasidan Chempionlar Ligasi jiddiyroq turnir va bahorda «Bayyer»ning Bundesliga o‘yinlariga yaxshiroq tayyorlanish imkoniyati yuqoriroq bo‘lishi tabiiy.

Tarkiblar borasida mezbonlarda yo‘qotishlar ko‘proq. Kim Janubiy Koreya safida Osiyo kubogi yarimfinaliga chiqdi, Gnabri, Laymer, Koman, Kimmix kabi futbolchilar kamida bir oydan keyin mashg‘ulotlarga qaytishi mumkin. Shuningdek, Dayot Upamekano ham hali to‘liq tiklanib ulgurmagan. «Borussiya» safida esa Volf, Omlin, Ulrix, Xermann, Xak kabi futbolchilarda turli shakldagi jarohatlar bor. Ko Itakura esa Yaponiya milliy jamoasi safida Qatarda bo‘lib turibdi.

JIRONA – ReAL SOSIYeDAD (4 fevralga o‘tar kechasi, 01:00)

«Jirona»da yana kamida bir kunga turnir jadvalini boshqarib turish imkoni bor. «Real» yakshanba oqshomida «Atletiko»ga qarshi derbida maydonga tushishini e’tiborga olsak, peshqadamlik muddati cho‘zilishi ham mumkin. Albatta, basklarning ancha noqulay va jiddiy raqib ekanini ham ta’kidlash kerak. «Sosiyedad» ko‘p durang o‘ynab yuborgani uchun ham turnir jadvalida biroz pastroqda joylashgan, ammo jamoa barcha musobaqalardagi oxirgi 15 o‘yindan faqat bir marta mag‘lubiyatga uchragani ham o‘yinning ancha murosasiz kechishidan dalolat qilib turibdi. Jamoalarning birinchi davradagi bahsida 1:1 hisobida durang qayd etilgandi.

Tarkiblardagi yo‘qotishlarga kelsak, mehmonlarning holati biroz yomonroq. Asosiy futbolchilardan Amari Traore Afrika Millatlar kubogida, Takefusa Kubo esa Yaponiya bilan Osiyo kubogida ishtirokini davom ettirmoqda. Martin Markelans, Kiran Tirni, Zaxaryan, Luna, Barrenechea, hamda Ayyen Munos kabi futbolchilarda jarohatlar bor. «Jirona» safida esa Xuanpe, Roka va David Lopes kabi futbolchilar sheriklariga yordam bera olishmaydi.

Yuqorida so‘nggi o‘zaro o‘yin haqida to‘xtaldik, umuman olganda, «Jirona» va «Sosedad» o‘rtasidagi uchrashuvlarda basklarning ustunligi katta. Xususan, Primeraga chiqqanidan buyon kataloniyaliklar biror marta ham «Sosiyedad» ustidan g‘alaba qozona olishmagan. Besh o‘yinda durang qayd etilgan bo‘lsa, ikki marta «Sosiyedad»ning qo‘li baland kelgan. Ayniqsa, o‘tgan mavsum Jironada bo‘lib o‘tgan o‘yin hammaning yodidan chiqmagan bo‘lsa kerak. O‘shanda mehmonlar 5:3 hisobida irodali g‘alabaga erishgan edi.

ARSeNAL – LIVeRPUL (4 fevral, 21:30)

Londonda nafaqat turning, balkim mavsumning ham markaziy uchrashuvlaridan biri bo‘lib o‘tadi. «Arsenal» bir qator mag‘lubiyatlardan so‘ng, turnir jadvalidagi pozitsiyasini boy berib qo‘ydi, ammo tanaffusdan so‘ng yana g‘alabali yo‘lga tushib olganini ko‘rishimiz mumkin. Zero «Kristal Pelas» (5:0) va «Nottinghem»ga (2:1) qarshi o‘yinlarda Arteta shogirdlari doimgidek raqibdan yaqqol ustunlik qila olishdi. Bu o‘yindagi g‘alaba «Arsenal»ning peshqadam bilan farqini 2 ochkogacha qisqartirishi mumkin.

«Liverpul» esa so‘nggi uchrashuvlarni yanada ko‘tarinki ruhda o‘tkazayotganini ko‘rishimiz mumkin. Aslida Kloppning yozda ketishi jamoa kayfiyatini tushirib yuborgani shubhasiz, ammo boshqa tarafdan, murabbiyning so‘nggi mavsumida ham unga chempionlikni tortiq qilish istagi futbolchilarga qo‘shimcha motivatsiya bersa, ne ajab. «Liverpul»ning so‘nggi o‘yinlari aynan shu jihatni isbotlayotgandek – hatto Endo, Saloh kabi futbolchilarning yo‘qligi ham deyarli sezilmayapti. O‘tgan turda «Chelsi»ga qarshi bahsda «Liverpul» mavsumdagi eng yaxshi o‘yinlaridan birini o‘tkazdi. «Arsenal»ga qarshi o‘yinda ham mehmonlar sentabrdan buyon APLda davom etib kelayotgan mag‘lubiyatsiz seriyani davom ettirishga harakat qilishi tabiiy.

Tarkiblarga keladigan bo‘lsak, yuqorida tilga olingan Saloh va Endodan tashqari, Tsimikas va Bayjyetichlarda jarohat bor. Ammo yaxshi xabar shuki, Tyago Alkantara umumiy guruhda shug‘ullanishni boshlagan va ispaniyalik yarimhimoyachi mavsumda ilk marotaba maydonga tushishi mumkin. Mezbonlardan esa Takexiro Tomiyasu Osiyo chempionatiga ketgan. Tomas Parti esa Artetaning aytishicha, jarohatini yangilab olgan va uning safga qaytishi yana kechikishi mumkin.

Ushbu uchrashuv jamoalarning mavsumdagi uchinchi to‘qnashishi bo‘ladi. Premer-liga doirasida kechgan o‘yinda 1:1 hisobida durang qayd etilgandi. Ikki hafta oldin esa jamoalar xuddi shu stadionda Angliya kubogi ilk bosqichida kuch sinashishgandi. O‘yinda «Liverpul» safarda to‘p surganiga qaramay, 2:0 hisobida g‘alaba qozongan.

INTeR – YuVeNTUS (5 fevralga o‘tar kechasi, 00:45)

Angliyada yil o‘yinlaridan biri bo‘lib o‘tsa, Italiyada umuman mavsumning eng muhim uchrashuvi shu haftaga belgilangan. «Inter» va «Yuventus» deyarli mavsum boshidan beri qadamma qadam birgalikda borishmoqda va yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha milanliklar 4 ochkolik ustunlikka ega. O‘zaro o‘yin esa tabiiyki, «Yuventus» uchun yaxshi imkoniyat. Oradagi farqni qisqartirish va chempionlik poygasini yangicha bosqichga olib chiqish uchun. Ammo o‘z navbatida, «Inter» uchun ham g‘alaba juda zarur, birinchidan o‘yin Milanda bo‘lib o‘tishini inobatga olsak, mezbon sifatida uch ochko uchun o‘ynash shart, ikkinchidan, oradagi farqni kattalashtirib, biroz bosimni kamaytirishning ayni vaqti. Zero kelasi haftadan yevrokuboklar boshlanadi va «Inter» Chempionlar Ligasidagi kurashini davom ettirmoqda. «Yuventus»da esa hech qanday qo‘shimcha turnirlar yo‘q. Shuni e’tiborga olsak, bahorda «Yuventus»ning jismoniy tomondan imkoniyatlari oshib ketishi va yanada barqarorroq o‘yin ko‘rsatishini kutsak bo‘ladi.

A Seriya doirasida aynan Milanda kechgan o‘zaro o‘yinlarga e’tibor bersak, oxirgi 7 uchrashuvda mezbonlar atigi bir marta g‘alaba qozongan xolos. Demak «Yuventus» odatja «Inter»ga qarshi safar o‘yinlarini ancha ishonchli o‘tkazadi va bu safar ham ancha murosasiz to‘qnashuv kutishga haqlimiz. «Inter» bu o‘yindan keyingi bahsni Rimda «Roma»ga qarshi o‘tkazadi. Indzagi shogirdlari keyingi turlarda o‘zini ancha bemalol his qilishi uchun «Yuventus»ga qarshi o‘yinda ijobiy natija qayd etishi shart.

O‘tgan turda «Yuventus» kutilmaganda «Empoli» bilan durang qayd etdi va albatta, buning asosiy sababi Arkadiush Milikning o‘yin boshlarida hakam tomonidan maydondan chetlatilgani bo‘lgandi. Polshalik hujumchi «Inter»ga qarshi o‘yinni diskvalifikatsiya tufayli o‘tkazib yuboradi. Ammo Moyze Kin mashg‘ulotlarga qaytdi va bu o‘yinda qaydnomadan joy olishi mumkin. Mezbonlar safida esa barcha futbolchilar safda. Faqat sobiq «yuve»chi Xuan Kuardadoning jarohatdan tiklanishiga yana kamida bir oy vaqt bor.

ReAL MADRID – ATLeTIKO (5 fevralga o‘tar kechasi, 01:00)

«Real» ushbu mavsumda barcha musobaqalarda faqat ikki marta mag‘lubiyatga uchradi. Har ikkisida ham aynan Simeone jamoasi «qirollik klubi»dan ustun keldi. Chempionat o‘yinida ham, Ispaniya kubogi bahsida ham o‘yin «Metropolitano»da bo‘lib o‘tgan va mezbonlar g‘alabasi bilan tugagan. To‘g‘ri, chempionatdagi mag‘lubiyat uchun «Real» qasos olib ulgurdi va yaqinda superkubok bahsida 5:3 hisobida g‘alaba qozondi. Endi ikkinchi mag‘lubiyat uchun o‘ch olish navbati keldi va «Real» mezbon sifatida faqat g‘alaba uchun o‘ynashi shubhasiz. Zero aynan «Bernabeu»da kechadigan o‘yinlarda «Real»ning ustunligi yaqqol seziladi. Simeone shogirdlari bu yerda oxirgi marta 2016 yilda 1:0 hisobida g‘alaba qozongan edilar. Qizig‘i, o‘sha o‘yindagi yagona gol muallifi Antuan Grizmann hali ham «Atletiko» safida. «Oqlar»dan Toni Kroos, Luka Modrich va Dani Karvaxal o‘sha mag‘lubiyatda ishtirok etgandilar.

Bu safargi derbiga har ikki tomon ham jiddiy muammolar bilan kelmoqda. Militao va Alabaning jarohatini Anchelotti bir amallab yopa olgandi, ammo «Xetafe»ga qarshi o‘yinda yana bir markaziy himoyachi Antonio Ryudiger ham jarohatlanib maydonni tark etdi. Vaziyatdan kelib chiqib uning o‘rnini egallagan Orelen Tchuameni esa, o‘yin oxirlarida sariq kartochkaga loyiq ko‘rildi va diskvalifikatsiya tufayli navbatdagi o‘yinni o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi. Murabbiy himoyadagi muammolarni bu safar qanday hal qilishi qiziq bo‘ladi. Mehmonlar tarkibida ham yetakchi markaziy himoyachi Xose Ximenesda kichik jarohat bor. Shuningdek, Alvaro Morata, Toma Lemar kabi futbolchilarning bu o‘yinda ishtirok etishi so‘roq ostida qolmoqda. Aspilikueta, Vitolo, hamda Paulolarning jarohati jiddiyroq va ushbu uchrashuv qaydnomasidan tashqarida qolishlari aniq.

Keyingi turda «Real» «Jirona»ni qabul qiladi. Peshqadamlarning o‘zaro o‘yinida ruhiy ustunlikda bo‘lish uchun ham ushbu uchrashuvda ochko yo‘qotmaslik juda zarur.

BOShQA O‘YINLAR

3 fevral. Everton – TOTTeNHEM (17:30), Darmshtadt – BAYYeR (19:30), NYuKASL – Luton (20:00), Frozinone – MILAN (22:00), Alaves – BARSeLONA (22:30),

4 fevral. CheLSI – Vulverhempton (19:00), MYu – Vest Hem (19:00), ATALANTA – LATsIO (22:00).

Ko‘proq yangiliklar: