Amaldagi chempionga qarshi yarimfinal uchun jang: O‘zbekiston Qatardagi eng yaxshi natijasini takrorlay oladimi?

Sport 18:57 / 03.02.2024 21852

Bugun, 3 fevral kuni O‘zbekiston milliy jamoasi Osiyo kubogi chorakfinalida mezbon va amaldagi chempion Qatarga qarshi saf tortadi. Butun Osiyoning nigohi qadalgan to‘qnashuvda yarimfinalning so‘nggi ishtirokchisi nomi ma’lum bo‘ladi. 

Chorakfinalgacha jamoalar qanday yetib keldi?

O‘zbekiston milliy jamoasi guruh bosqichida Suriya va Avstraliya bilan durang qayd etdi va Hindistonni yirik hisobda mag‘lub etgani evaziga pley-off bosqichiga yo‘llanma oldi. Nimchorakfinalda Tailandga qarshi saf tortgan Srechko Katanets shogirdlari Azizbek Turg‘unboyev va Abbosbek Fayzullayevning goli evaziga chorakfinalga yo‘llanma oldi.

O‘zbekistonning chorakfinalgacha yo‘li:

1-tur. O‘zbekiston – Suriya – 0:0

2-tur. O‘zbekiston – Hindiston – 3:0

3-tur. O‘zbekiston – Avstraliya – 1:1

1/8 final. O‘zbekiston – Tailand – 2:1

1/4 final. O‘zbekiston – Qatar.

Qatar esa turnirni Livan ustidan qozonilgan yirik hisobli g‘alaba bilan boshlagan bo‘lsa, Tojikiston va Xitoy ham minimal hisobda mag‘lub etilib, pley-offga maksimal ochko bilan chiqdi. Nimchorakfinalda Falastindan ustun kelgan mezbonlarni keyingi bosqichda O‘zbekiston kutib turgandi.

Qatarning chorakfinalgacha yo‘li:

1-tur. Qatar – Livan – 3:0

2-tur. Qatar – Tojikiston – 1:0

3-tur. Qatar – Xitoy – 1:0

1/8 final. Qatar – Falastin – 2:1

1/4 final. Qatar – O‘zbekiston.

O‘zaro o‘yinlar: Yaqqol ustunlik O‘zbekistonda

Qatarga qarshi bugungi uchrashuv milliy jamoamizning ushbu raqib bilan 15-o‘yiniga aylanadi. Vakillarimiz o‘tgan 14ta o‘yindan 9tasida g‘alaba qozongan. Boshqa biror jamoa ustidan bu qadar ko‘p g‘alabaga erishmaganmiz, Turkmanistonni hisobga olmaganda – 10 o‘yindan 9 tasida ustun kelganmiz.

O‘tgan 14 o‘yinda milliy jamoamiz qatarliklar darvozasiga 24ta to‘p kiritgan. Bundan ko‘proq golni faqat Turkmaniston (27) va Xitoy Taypeyiga (30) urganmiz. O‘zaro bahslarda O‘zbekiston 9 marta g‘alaba qozongan bo‘lsa, Qatar 3tasida yutgan. Uchala uchrashuv ham Dohada bo‘lib o‘tgan. Ikki o‘yinda durang qayd etilgan.

So‘nggi marta Qatar O‘zbekiston ustidan 2008 yilning 6 sentabrida — JCh-2010 saralash uchrashuvida 0:3 hisobida g‘alaba qozongan. O‘shandan beri jamoalar oltita rasmiy uchrashuv o‘tkazishgan: uchta Toshkentda, uchta Dohada, ularning barchasi O‘zbekiston milliy jamoasining g‘alabalari bilan yakunlangan. To‘plar nisbati 14:1. So‘nggi o‘yinda vakillarimiz 2018 yilda Ahmedov va Bikmayevning goli evaziga raqibni Toshkentda mag‘lub (2:0) etgandi.

Tarkiblar bahosi: O‘zbekiston Qatardan qimmatroq

Transfermarkt portaliga ko‘ra, O‘zbekiston milliy jamoasi tarkibi bahosi bo‘yicha Qatardan ustun. Srechko Katanets qo‘l ostidagi jamoaning umumiy bahosi 25,5 million yevroni tashkil etsa, mezbonlarning jami tarkibi 15,9 million yevroga baholangan.

Har ikki jamoaning eng qimmatbaho o‘yinchisining narxi 4 million yevroni tashkil etadi. Abbosbek Fayzullayev ham, Akrom Afif ham shunday narxlangan.

O‘zbekistonning eng qimmatbaho 3 futbolchisi:

1. Abbosbek Fayzullayev (TsSKA) – 4 mln yevro

2. Otabek Shukurov (erkin agent) – 2,5 mln yevro

3. Jaloliddin Masharipov (Panserraikos) – 1,5 mln yevro.

Qatarning eng qimmatbaho 3 futbolchisi:

1. Akrom Afif (As-Sadd) – 4 mln yevro

2. Ali Almuez (Duhayl) – 2 mln yevro

3. Abdulkarim Hasan (Persepolis) – 750 ming yevro.

2011 yilgi eng yaxshi natija takrorlanadimi?

Milliy jamoamiz Osiyo kubogi tarixidagi eng yaxshi natijasini 2011 yil Qatarda o‘tgan turnirda qayd etgan. O‘shanda Vadim Abramov murabbiyligida bosh jamoamiz yarimfinalga qadar yetib kelib, Osiyoning eng kuchli to‘rt jamoasi qatoriga kirgandi. Bu safar ham Qatarda mezbonlar mag‘lub etilsa, Srechko Katanets boshqaruvidagi jamoa turnirdagi eng yaxshi natijamizni takrorlagan bo‘ladi.

O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi uchrashuv g‘olibini 7 fevral kuni yarimfinalda Eron kutmoqda. Forslar Yaponiyani mag‘lub etib, yarimfinalga chiqishdi.

 O‘yinni koreyalik hakam boshqaradi 

Qatar – O‘zbekiston o‘yinida koreyalik Kim Hi Gon bosh hakam sifatida ishlasa, hamyurtlari Yoon Jae Yeol hamda Park Sang Jun qanot hakamlari sifatida yordam beradi. Zaxira hakami sifatida kuvaytlik Abdulla Jamali ishlaydi. Shuningdek, uchrashuv VAR hakami vazifasini Kim Jong Heok (Janubiy Koreya) bajarsa, AVAR sifatida kuvaytlik Ahmad Alali ishlashi ko‘zda tutilgan.

Ma’lumot uchun, Kim Hi Gon joriy mavsum jami 5 ta uchrashuvda ishlagan. Ushbu uchrashuvlarning barchasi klublar va terma jamoalar ishtirokidagi xalqaro musobaqalarga to‘g‘ri keladi. E’tiborli tomoni, ushbu hakam OChL guruh bosqichi 5-turida «Nasaf» – «Al-Faisali» (Iordaniya) uchrashuvini (3:1) boshqargan.

Anons. Osiyo kubogi-2023. 1/4 final

Qatar – O‘zbekiston

3 fevral | 20:30 (Toshkent vaqti)

Doha, «Al-Bayt» stadioni.

TV-translatsiya: «Cport».

Usmon Ibodov

Ko‘proq yangiliklar: