Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hamda Statistika agentligi 2023 yil uchun O‘zbekistonda kambag‘allik darajasini tahlil qildi.
Agentlik tomonidan o‘tkazilgan 16 mingta uy xo‘jaliklari kuzatuvlariga ko‘ra, 2023 yil davomida mamlakatda kambag‘allik darajasi 3,1 foizga kamayib, yil yakunida 11,0 foizni tashkil etgan.
“Jarayon Jahon banki ekspertlari tomonidan tekshirildi”, – deya ma’lum qildi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi.
“Kambag‘allikning pasayishi barcha viloyatlarda qayd etildi. Sirdaryo (19,5 foizdan 13,8 foizgacha), Andijon (17,4 foizdan 11,9 foizgacha) viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda (19,9 foizdan 13,7 foizgacha) sezilarli darajada qisqargan.
Minimal o‘zgarishlar Toshkent shahri (8,5 foizdan 7,9 foizgacha) va Buxoro (11.9 foizdan 11,8 foizgacha), Qashqadaryo (12,7 foizdan 11,5 foizgacha) viloyatlarida aniqlangan”, – deyiladi vazirlik xabarida. Qolgan hududlar bo‘yicha ko‘rsatkichlar keltirilmagan.
Qayd etish lozim, kuni kecha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan 2024 yilgi davlat dasturi loyihasida bu yil “kambag‘allik darajasini 12 foizdan 10 foizga kamaytirish” ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yili rasmiy kambag‘allik chegarasi yilning birinchi yarmida oyiga 498 ming so‘m, ikkinchi yarmida 568 ming so‘m bo‘lgandi. 2024 yil yanvarida bu chegara 621 ming so‘m deb belgilandi.
Avvalroq, Statistika agentligining aholi daromadlari haqidagi yillik hisobotidan, o‘tgan yili aholi jon boshiga real daromadlar o‘sishi sekinlashgani ma’lum bo‘lgandi. 2022 yilda 7,3 foiz bo‘lgan bu ko‘rsatkich 2023 yilda 2,4 foizgacha tushgan. Xususan, Xorazm viloyatida aholi jon boshiga real daromadlar 6,4 foizga kamaygan. Namangan, Buxoro, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida ham aholi jon boshiga real daromadlar pasaygan.
Bandlik vazirligi 31 yanvar kuni e’lon qilgan axborotida 2023 yil davomida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha qilingan ishlarni sanab o‘tgan.
“2023 yilda jami 4,1 mln aholi, shundan 2,3 mln nafari doimiy va mavsumiy ish o‘rinlarida, 112,8 ming nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlarida, 1,6 mln aholi o‘zini o‘zi band qilish hisobiga bandligini ta’minlashga erishildi.
Hokim yordamchilari ko‘magida 241,3 ming nafar fuqarolarga ijara asosida yer maydonlari ajratildi.
“20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi doirasida 6 745 ta tadbirkorlik sub’yekti bilan 455,0 ming nafar aholini badligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Shuningdek, 472 mingta oilaviy tadbirkorlik loyihalariga 10 trln so‘m imtiyozli kreditlar va 73 ming nafar ishsiz fuqarolarga 356 mlrd so‘m subsidiya mablag‘lari ajratildi.
Mahallabay ishlash asosida 51 mingta mikroloyihalarni amalga oshirilishi natijasida 206 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi.
181 ming nafar ishsizlar fuqarolar kasb-hunarga o‘qitildi va 183,8 mingta yangi tadbirkorlik sub’yektlari tashkil etildi”, – deyiladi rasmiy xabarda.
Vazirlik 2023 yil noyabr oyida 1,2 millionta kambag‘al oilaning ro‘yxati tuzilgani haqida xabar bergandi.