Yevropada qishki transferlar yakunidagi asosiy intrigalar

Sport 19:29 / 31.01.2024 18880

31 yanvar kuni Yevropaning beshta yetakchi ligasida qishki transferlar oynasi yopiladi. Klublar allaqachon qator futbolchilarni o‘z saflariga qo‘shib olishgan, ammo har safar dedlaynda qiziqarli kelishuvlar ham e’lon qilinadi. So‘nggi kun davomida yana qanday transferlar kutilmoqda?

Armando Broya: «Chelsi» → «Vulverhempton»

Armando Broya
Foto: MIKE HEWITT/GETTY IMAGES

«Chelsi» hujumchisi Maurisio Pochettinoda yaxshi taassurot qoldira olmadi. 22 yoshli albaniyalik barcha turnirlar doirasidagi 19 o‘yinda atigi ikki gol urgan. Endi «Chelsi» uni sotish uchun variantlar izlamoqda. Broyaga da’vogarlardan biri — «Vulverhempton». «Bo‘rilar» Armandoni sotib olish shartisiz ijaraga olish bo‘yicha taklif yuborgan. Ammo «Chelsi» bu taklifni rad etib, klubni oddiy ijara kelishuvi qiziqtirmasligini bildirgan. Yanvar oyi o‘rtalarida The Telegraph londonliklar Broyaning transferini 60 mln yevroga baholayotgani haqida xabar tarqatgandi. «Chelsi» asosiy tarkib futbolchisi bo‘lmagan Broya uchun bunday katta mablag‘ ishlab olishi dargumon, lekin katta ehtimol bilan qolgan soatlar ichida albaniyalik futbolchi uchun xaridor topiladi.

Fakundo Pellistri: «Manchester Yunayted» → «Granada»

Fakundo Pellistri
Foto: BRYN LENNON/GETTY IMAGES

22 yoshli vinger «MYu» o‘yinlarida asosan zaxiradan tushiriladi. U barcha turnirlar doirasidagi 14 o‘yinda atigi bitta assist muallifi bo‘lgan. Va bu «Yunayted»da qanot hujumchilari va yarimhimoyachilar taqchilligi kuzatilayotgan davrda. Antoni o‘zidan kutilgan o‘yinni ko‘rsata olmayapti, Markus Reshford tungi klublarni kezmoqda, Jyeydon Sancho esa «Borussiya»ga qaytib ketdi. Umuman olganda, urugvaylik futbolchida asosiy tarkibga kirib olish imkoniyati bor edi, ammo u bundan foydalana olmadi. Endi esa, Fabritsio Romanoning ma’lumotiga ko‘ra, u mavsum yakuniga qadar ijara asosida Ispaniyaning «Granada» klubiga yo‘l oladi. Kelishuvga sotib olish huquqi haqidagi band kiritilmagan, shuningdek, «MYu» futbolchining maoshining bir qismini to‘lashda davom etadi. Bu transfer haqida yaqin vaqtlar ichida e’lon qilinishi kutilmoqda.

Eldor Shomurodov: «Roma» → «Salernitana»

Eldor Shomurodov
Foto: Kaustubh Pandey / GIFN

O‘zbekiston milliy jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov Italiya A Seriyasidagi klubini o‘zgartirishi mumkin. Insayder Janluka Di Marsioning xabariga ko‘ra, transfer huquqi «Roma»ga tegishli bo‘lgan hujumchini «Salernitana» o‘z safiga qo‘shib olmoqchi. Ushbu klub bosh direktori Valter Sabatini hozirda ijara asosida «Kalyari» sharafini himoya qilayotgan Shomurodovni yarim yillik ijaraga olish bo‘yicha Rim klubiga taklif bilan chiqqan.

Eldorning «Roma» bilan amaldagi shartnomasi 2026 yilga qadar mo‘ljallangan. U joriy mavsumda A Seriyaning 11 o‘yinida maydonga tushib, ikki uzatma bergan, shuningdek, Italiya Kubogi doirasida bitta o‘yin o‘tkazgan. Hujumchi jarohati sababli Osiyo kubogiga bora olmay, Italiyada tiklanish jarayonini o‘tkazmoqda.

«Kalyari» 22-turdan keyin turnir jadvalida 18 ochko bilan 18-o‘rinni egallab turibdi, «Salernitana» esa 12 ochko bilan so‘nggi o‘rinda bormoqda.

Jyerom Boateng: erkin agent → «Salernitana»

Foto: PETER FOX/GETTY IMAGES

2014 yil Germaniya safida jahon chempioni bo‘lgan himoyachi 2023 yil iyulidan buyon erkin agent bo‘lib qolmoqda. «Bavariya» safida ko‘p yillar o‘ynagan Boatengning so‘nggi jamoasi «Lion» bo‘lgan. U ham «Salernitana» safiga qo‘shilishi mumkin. Fabritsio Romanoning xabariga ko‘ra, Italiya klubi rahbarlari kelishuv ustida ish olib bormoqda. «Salernitana» Boatengga mavsum yakuniga qadar shartnoma taklif etgan. Bu jamoada avvalroq «Bavariya»ning yana bir afsonasi Frank Riberi ham to‘p surgandi.

Ruslan Malinovskiy: «Marsel» → «Jyenoa»

Foto: SIMONE ARVEDA/GETTY IMAGES

«Jyenoa» transfer huquqi «Marsel»ga tegishli bo‘lgan ukrainalik yarimhimoyachi Ruslan Malinovskiyni rasman o‘z a’zosiga aylantirmoqchi. Jurnalist Nikolo Shiraga ko‘ra, italyanlar transfer uchun 7,5 mln yevro to‘laydi va futbolchi bilan 2027 yil yoziga qadar shartnoma imzolaydi. Malinovskiy 2023 yil yozida ijara huquqi asosida «Jyenoa»ga o‘tgandi. 30 yoshli futbolchi joriy mavsumda Italiya chempionatida 19 o‘yinda maydonga tushib, ikki gol urdi va bir golga uzatma berdi. Umuman olganda, A Seriyada uning ishlari Fransiyadagiga qaraganda yaxshiroq kechmoqda. U avval Jan Piyero Gasperini boshqaruvidagi «Atalanta»da ham muvaffaqiyatli to‘p surgandi.

Muhammad Said Benrahma: «Vest Hem» → «Lion»

Said Benrahma
Foto: ALEX PANTLING/GETTY IMAGES

Britaniyalik nufuzli jurnalist David Ornshteyn «Lion» «Vest Hem» forvardi Said Benrahma transferi bo‘yicha faol muzokara olib borayotganini xabar qilgan. Manba fransuzlar jamoasi 28 yoshli futbolchi uchun 20 mln yevro, shuningdek qo‘shimcha bonuslar taklif etgani, «Vest Hem» bu taklifni qabul qilmaganini aytgandi. Ammo keyinroq yanada ishonchli manba hisoblangan Fabritsio Romano tomonlar ushbu jazoirlik futbolchi bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, «Lion» futbolchini mavsum yakuniga qadar 5 million yevro evaziga ijaraga oladi, mavsum yakunida esa 12 million yevro to‘lab transferni yakunlaydi.

Konor Gallaher: «Chelsi» → «Tottenhem»

Foto: MIKE HEWITT/GETTY IMAGES

Football Insider xabariga ko‘ra, «Tottenhem» hamon «Chelsi» yarimhimoyachisini qo‘lga kiritishdan umid uzmagan. Qayd etilishicha, «shporlar» rahbariyati kelishuv bo‘yicha muzokaralar o‘tkazgan. «Chelsi» futbolchi uchun kamida 90 mln yevro olishni istamoqda. «Tottenhem» bunday pul to‘lashi dargumon. Transfermarkt portalida esa Gallaherning transfer bahosi 42 mln yevro etib ko‘rsatilgan. Angliyalik futbolchining «Chelsi» bilan shartnomasi 2025 yil 30 iyuniga qadar mo‘ljallangan.

Yozua Kimmih: «Bavariya» → «Tottenhem» / «Liverpul» / «Manchester Siti»

Yozua Kimmih
Foto: CHRISTIAN KASPAR-BARTKE/GETTY IMAGES

Myunxenning «Bavariya» klubi yetakchilaridan biri bilan xayrlashishi mumkin. Kimmihga APL top-klublari — «Tottenhem», «Liverpul» va «Manchester Siti» qiziqmoqda. Football Insider xabariga ko‘ra, Yozua Germaniyani shu yil qishki transferlar oynasi doirasida ham tark etishi mumkin. «Tottenhem» u orqali yarimhimoya chizig‘ini kuchaytirishdan umid qilmoqda. Agar «shporlar» «Chelsi» yarimhimoyachisi Konor Gallaher transferini hal qila olishmasa, bor e’tiborini Kimmihga qaratadi. Myunxenliklar esa 28 yoshli futbolchisi uchun 50-70 mln yevro so‘raydi.

Jyeykob Remsi: «Aston Villa» → «Nyukasl»

Jyeykob Remsi
Foto: RICHARD HEATHCOTE/GETTY IMAGES

Unai Emeri muhim futbolchilaridan biridan ayrilishi mumkin. The Athletic xabar berishicha, «Aston Villa»ning angliyalik yarimhimoyachisi Jyeykob Remsiga «Nyukasl» jiddiy qiziqmoqda. Ammo «qarg‘alar» 22 yoshli futbolchini o‘z safiga qo‘shib olish uchun bir qator futbolchilarini sotishi kerak. Qayd etilishicha, Remsiga «Tottenhem» va «Bavariya»dan ham qiziqish mavjud. Ehtimoliy xaridorlarni transfer summasi cho‘chitmoqda — «Villa» bu futbolchisini 58 mln yevrodan kamiga qo‘yib yubormoqchi emas.

Mehdi Torimiy: «Portu» → «Inter»

Mehdi Torimiy
Foto: OCTAVIO PASSOS/GETTY IMAGES

Fabritsio Romano xabar berishicha, «Inter» «Portu» forvardi bilan shartnoma imzolashga yaqin. Milanliklar klubi rahbarlari hamda eronlik hujumchining vakillari amalda ikki yillik shartnoma bo‘yicha kelishuvga erishishgan. Kelishuv shartnomani yana bir yilga uzaytirishni ko‘zda tutadi. Tomonlar shartnomaning ayrim jihatlarini hal qilishi qolgan. Torimiy 2020 yildan buyon «Portu» safida to‘p surib keladi. Ayni vaqtda Eron milliy jamoasi bilan Osiyo kubogidagi ishtirokini davom ettirayotgan futbolchining portugallar klubi bilan shartnomasi 2024 yil iyun oyi oxiriga qadar tuzilgan. Shunday ekan, Mehdi «Inter»ga mavsum yakunida erkin agent sifatida o‘tadi.

Leni Yoro: «Lill» → «PSJ»

Leni Yoro. Foto: LIGUE1.COM

L’Equipe xabariga ko‘ra, «PSJ» «Lill»dagi yosh iste’dod sohibi Leni Yoroni o‘z safida ko‘rishni istamoqda. «Lill» prezidenti Olive Letang avvalroq klub ushbu futbolchini qishki transferlar oynasi vaqtida sotish bo‘yicha muzokaralarga kirishmasligini ma’lum qilgandi. Ammo «PSJ» ushbu 18 yoshli futbolchi uchun 50 mln yevro taklif qilmoqchi. Yoroga Yevropaning boshqa top-klublari ham qiziqish bildirgan: «Bavariya», «Manchester Yunayted», «Manchester Siti», «Liverpul», «Real», «Chelsi» va «Tottenhem». Lenining «Lill» bilan shartnomasi 2025 yil iyun oyi oxiriga qadar tuzilgan. Transfermarkt portali futbolchini 25 mln yevroga baholagan.

Jakomo Bonaventura: «Fiorentina» → «Yuventus», Roberto Pereyra: «Udineze» → «Yuventus»

Foto: VALERIO PENNICINO/GETTY IMAGES

«Yuventus» rahbariyati mavsumning ikkinchi yarmida jamoaga yordam berishi mumkin bo‘lgan tajribali yarimhimoyachi qidirmoqda. Maks Allegri jamoasi A Seriyaning oltin medallari uchun «Inter» bilan kurash olib bormoqda. Turinliklarda tarkibni kuchaytirish uchun ikkita variant bor: Jakomo Bonaventura («Fiorentina») va Roberto Pereyru («Udineze»). E’tiborli jihati, argentinalik futbolchi avval ham, 2014 yildan 2016 yilga qadar «Yuve»da to‘p surgan. Jurnalist Mirko Di Natalening xabar berishicha, «Fiorentina» Bonaventurani tekinga qo‘yib yubormoqchi emas. «Udineze» esa Pereyra uchun 3-4 mln yevro so‘ramoqda.

Tiyago Almada: «Atlanta Yunayted» → «Fiorentina»

Tiyago Almada
Foto: MICHAEL ZARRILLI/GETTY IMAGES

«Fiorentina» 2022 yilgi jahon chempionini o‘z safiga qo‘shib olishni istamoqda — Football Italia xabariga ko‘ra, klub argentinalik Tiyago Almada transferi ustida ish olib bormoqda. «Binafshalar» jamoasi «Atlanta Yunayted» bilan muloqot o‘rnatgan Amerika klubi transfer uchun 25 mln yevro so‘ragan, italyanlar buncha katta mablag‘ to‘lashga rozi emas, ammo muzokaralar davom ettirilmoqda. Almadaning o‘zi ham A Seriyaga ko‘chib o‘tishni istamoqda. Tiyago «Atlanta Yunayted» safida 2022 yildan buyon o‘ynamoqda. Ushbu yarimhimoyachi o‘tgan mavsumda barcha turnirlar doirasida 35 o‘yinda maydonga tushib, 13 gol urgan va 19 golga uzatma bergan. Transfermarkt portali uning transferini 27 mln yevroga baholagan.

Ko‘proq yangiliklar: