O‘zbekistondagi o‘rtacha maoshlar ma’lum qilindi

Iqtisodiyot 23:12 / 29.01.2024 46545

2023 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi o‘rtacha oylik nominal ish haqi 4 mln 551 ming so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan o‘sish sur’ati 17,2 foizni tashkil qilgan. Bu haqda Statistika agentligi ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, hisobotni tuzishda mudofaa, ichki ishlar, bojxona, DXX, prokuratura va sud tizimlaridagi maoshlar, shuningdek, kichik tadbirkorlik sub’yektlarida va qishloq xo‘jaligi sohasida ishlovchilarning maoshlari kiritilmagan.

Hududlar kesimida o‘rtacha oylik ish haqining eng yuqori miqdori Toshkent shahri (7 mln 453 ming), Navoiy (5 mln 887 ming) va Toshkent viloyatida (4 mln 526 ming) qayd etilgan.

Eng kam maoshlar esa Namangan (3 mln 310 ming), Qashqadaryo(3 mln 367 ming) va Surxondaryo (3 mln 379 ming) viloyatlarida qayd etilgan.

Hisobot davrida faqatgina ikkita ma’muriy hududda – Toshkent shahri va Navoiy viloyatida nominal ish haqining darajasi respublikadagi o‘rtacha darajadan yuqori bo‘lib, qolgan barcha hududlarda bu ko‘rsatkich respublika darajasidan turli miqdorda past shakllangan.

2023 yilning yanvar-dekabr oylarida hududlar bo‘yicha o‘rtacha oylik nominal ish haqining eng yuqori o‘sish sur’atlari Farg‘ona viloyatida (19,1 foiz), Toshkent shahrida (18,7 foiz) va Jizzax (18,1 foiz), Xorazm (18 foiz) hamda Samarqand viloyatlarida (17,8 ) qayd etilgan.

Maoshlar oshgani ortidan, hududlar kesimidagi farqlanish kuchayib bormoqda. Masalan, 2021 yilda eng boy va eng kambag‘al hududlardagi (Toshkent/Surxondaryo) o‘rtacha ish haqidagi farq 2 barobar, 2022 yilda 2,18 barobar (Toshkent/Farg‘ona) bo‘lgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 2,25 barobarga yetgan.

2023 yilda o‘rtacha oylik ish haqini hisoblashda 3 mln 101 ming xodimning ma’lumotlaridan foydalanilgan. Shundan 37,7 foizi ta’lim, 18,3 foizi sanoat, 16,9 foizi sog‘liqni saqlash sohasi vakillari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

2023 yil yakunlari bo‘yicha sohalar kesimida eng yuqori o‘rtacha oylik ish haqi miqdori:

·       moliya va sug‘urta faoliyatida – 13,3 million so‘m;

·       axborot va aloqa sohasida –10,6 mln so‘m;

·       tashish va saqlash sohasida – 6,9 mln so‘m;

·       sanoat sohasida – 5,6 mln so‘m;

·       qurilish sohasida – 5,2 mln so‘m;

·       savdo sohasida – 4,9 mln so‘m;

·       yashash va ovqatlanish xizmatlari sohasida – 3,9 mln so‘m;

·       san’at, ko‘ngil ochish va dam olish sohasida – 3,7 mln so‘m;

·       ta’lim sohasida – 3,1 mln so‘m;

·       sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida – 3 mln so‘m.

Ta’lim sohasi bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqining respublikadagi o‘rtacha oylik ish haqiga nisbati 2020 yilda – 74,1 foizni, 2021 yilda – 71,8 foizni, 2022 yilda – 69,2 foizni, 2023 yilda – 68,6 foizni tashkil qilgan. Ya’ni ta’lim sohasida ish haqi miqdorining oshishi boshqa sohalarga nisbatan sekin kechmoqda, bu esa ushbu tarmoqda mehnat qilayotganlarning yildan yilga boshqa soha vakillariga nisbatan kambag‘allashib borishiga olib kelmoqda.

Agar individual sohalar o‘zaro taqqoslansa, ish haqining tarmoqlar kesimidagi tengsizligini yanada aniqroq ko‘rish mumkin. Xususan, 2019-2023 yillar oralig‘ida moliya va sug‘urta faoliyatida band bo‘lgan xodimlarning oylik maoshi 2,77 barobarga ( 4,8 mln so‘mdan 13,8 mln so‘mga), axborot va aloqa sohasida 2,67 barobarga (3,9 mln so‘mdan 10,6 mln so‘mga) oshgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich sog‘liqni saqlash sohasida 95 foizni(1,5 mln so‘mdan 3 mln so‘mga), ta’lim sohasida 69 foizni(1,8 mln so‘mdan 3,1 mln so‘mga) tashkil etgan.

Ko‘proq yangiliklar: