“Ko‘mirdan foydalanish sezilarli darajada tezroq kamayishi kerak” – Xalqaro energetika agentligi

Jahon 16:07 / 24.01.2024 8867

Xalqaro energetika agentligining (IEA) yillik ko‘mir bozori bo‘yicha hisobotiga ko‘ra, 2023 yilda ko‘mir iste’moli eng yuqori ko‘rsatkichga chiqqan. Ammo bu yilgi hisobotda birinchi marta raqamlar kamayishiga oid prognozlar berilmoqda. Unga ko‘ra, ko‘mirga bo‘lgan talab 2026 yilga qadar kamayishi mumkin.

Ma’lumotlar o‘tgan yil davomida butun dunyo miqyosida ko‘mirga bo‘lgan global talab 1,4 foizga o‘sib, birinchi marta 8,5 milliard tonnadan oshganini ko‘rsatdi. Biroq har mintaqada bu raqamlar turlicha taqsimlangan, hatto ba’zi hududlarda ko‘mir iste’moli kamaygan.

Agentlik taqdim qilgan axborotda 2023 yilda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va AQShda ko‘mirga bo‘lgan talab rekord darajada – 20 foizga pasaygani keltirilgan. Rivojlangan va rivojlanayotgan iqtisodga ega mamlakatlarda bu hodisa qayta tiklanuvchi energiya resurslaridan samarali foydalanish bilan bog‘liq. Elektr energiyasiga bo‘lgan talabi yetarli, ammo gidroenergetikasi zaif bo‘lgan Hindiston va Xitoyda bu raqamlar mos ravishda 8 va 5 foizga oshgan.

Hisobotga ko‘ra, jahon mamlakatlari kuchliroq toza energiya va iqlim siyosatini e’lon qilmasa va amalga oshirmasa ham, 2026 yilga borib, 2023 yil darajasiga nisbatan global ko‘mirga bo‘lgan talab 2,3 foizga kamayishi kutilmoqda. Lekin bu jarayon uch yil ichida qayta tiklanadigan energiya quvvatlarining sezilarli darajada kengayishi bilan bog‘liq.

Hozirda dunyoda ko‘mirga bo‘lgan talabning yarmidan ko‘pi Xitoyning hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu sababli ham global qayta tiklanadigan quvvatni kengaytirish ko‘proq shu mamlakatda amalga oshirilishi lozim. Shunda Xitoyning ko‘mirga bo‘lgan talabi 2024 yildan pasayishni boshlaydi.

Ko‘mirdan foydalanishni kamaytirish bo‘yicha kuchliroq choralar ko‘rilishi kerak”

Hozirgi vaqtda energiya, po‘lat va sement ishlab chiqarish hamda inson faoliyati natijasida karbonat angidrid (CO2) chiqindilarining eng katta manbai bo‘lgan ko‘mirga global talabning prognoz qilinayotgan pasayishi tarixiy burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin. Biroq bozor hisobotiga ko‘ra, global iste’mol 2026 yilgacha 8 milliard tonnadan ancha yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Parij kelishuvi maqsadlariga mos keladigan tezlikda chiqindilarni kamaytirish uchun ko‘mirdan foydalanish sezilarli darajada tezroq kamayishi kerak.

Agentlik xalqaro iqlim maqsadlariga erishish yo‘lida talabning keskin pasayishiga erishish uchun kuchliroq choralar ko‘rish zarurligini aytmoqda.

Biz ko‘mirga bo‘lgan global talabning bir necha bor pasayganini ko‘rdik, ammo bu qisqa muddatli bo‘ldi va Sovet Ittifoqining qulashi yoki Covid-19 inqirozi kabi ekstremal hodisalar tufayli yuzaga keldi. Bu safar vaziyat boshqacha ko‘rinadi, chunki tanazzul yanada tizimli bo‘lib, toza energiya texnologiyalarining ulkan va barqaror kengayishi bilan izohlanadi.

Ko‘mir uchun burilish nuqtasi aniq savol ostida. Bu Osiyo mamlakatlarining qayta tiklanadigan energiyani kengaytirishi va uning sur’ati bilan bog‘liq. Xalqaro iqlim maqsadlariga erishish uchun ko‘proq harakat qilish kerak”, – deydi Xalqaro energetika agentligining energiya bozorlari va xavfsizlik bo‘yicha direktori Keysuke Sadamori.

2026 yilda ham Osiyo mintaqasida ko‘mir iste’moli kamaymasligi mumkin

Hisobotda ko‘mirga bo‘lgan talab va uni ishlab chiqarish Osiyoda tezlashayotgani qayd etilgan. 2023 yilda ko‘mirga bo‘lgan global iste’molning to‘rtdan uch qismi Xitoy, Hindiston va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan. 1990 yilda bu ko‘rsatkich to‘rtdan birni tashkil etgandi. Xalqaro tashkilotga ko‘ra, 2026 yilga kelib Hindiston va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarida ko‘mir iste’moli sezilarli darajada o‘sishi kutilayotgan yagona mintaqa hisoblanadi. Iqtisodiyotlari rivojlangan mamlakatlarda elektr energiyasiga talabning zaif o‘sishi sharoitida qayta tiklanadigan energiya manbalarining kengayishi ko‘mir iste’molining tarkibiy pasayishiga olib kelgan.

Ayni paytda, Xitoy, Hindiston va Indoneziya – dunyodagi uchta eng yirik ko‘mir ishlab chiqaruvchidir. Bu davlatlar 2023 yilda ishlab chiqarish rekordini yangilashi kutilmoqda, bu esa 2023 yilda global ishlab chiqarishni yangi eng yuqori darajaga ko‘taradi. Hozirda bu uch mamlakat dunyoda ko‘mir qazib olish borasida 70% dan ortiq ulushni egallagan.

Kelgusi yillarda talabning pasayishi tufayli global ko‘mir savdosi qisqarishi mumkin. Lekin 2023 yilgi hisobotlarda ko‘mir savdosi Osiyodagi kuchli o‘sish tufayli yangi yuqori darajaga yetishi mumkin. Xitoy importi 450 million tonnaga yetadi, bu 2013 yilda mamlakat tomonidan o‘rnatilgan oldingi global rekorddan 100 million tonnadan ko‘proqdir. Indoneziyaning eksporti esa 2023 yilda 500 million tonnaga yaqin bo‘ladi – bu ham global rekord hisoblanadi.

Energetikada ko‘mir yechim emas”

12 yanvar sanasida Ekologiya vazirligida o‘tgan matbuot anjumanida vazirlikning ekologik siyosat boshqarmasi boshlig‘i Farrux Sattorov O‘zbekistonning ko‘mir siyosatini olib borayotganini 2023 yildan boshlab dunyoda, xususan, G‘arb davlatlarida ham energetik krizis kuzatilgani, ular ko‘mirga o‘tgani bilan izohlagandi.

Yevropa davlatlari ham energetik resurslar kamaygani hisobiga ko‘mirga o‘tishni boshladi. Va bu tendensiya faqat O‘zbekistonda emas, hamma joyda bo‘lyapti. Misol uchun Xitoyni gapirayotgan bo‘lsangiz, ko‘mir stansiyalari 1-2 yil oldin yopilgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib yana ochilyapti”, – degandi u.

Biroq yuqorida Xalqaro energetika agentligining hisoboti butun dunyoda ko‘mir iste’moli ortmagani, hatto ba’zi hududlarda kamayganini isbotlab turibdi. Agentlik dunyo mamlakatlarini iqlim shartnomalariga amal qilishga hamda qayta tiklanuvchi energiya resurslaridan foydalanishga chaqirmoqda.

Germaniyadagi o‘zbek energetigi Ravshan Xo‘janov ham Kun.uzʼga bergan intervyusida uzoq yillik rejada ko‘mir stansiyalariga o‘tish noto‘g‘ri ekanini, soha uchun bu vaqtinchalik yechimligini aytgandi. U ham an’anaviy energiya beruvchi manbalardan voz kechish kerakligini qayta eslatgandi.

Ko‘proq yangiliklar: