O‘zbekiston Avstraliya bilan durang o‘ynab pley-offga yo‘l oldi

Sport 18:37 / 23.01.2024 18409

Osiyo Kubogi-2023. B guruhi
3-tur. 23 yanvar
Avstraliya — O‘zbekiston 1:1

Gollar: Boyl (45+1, penalti) — Turg‘unboyev (78). 
Avstraliya — Rayan, Atkinson (Miller, 90+3), Suttar, Rouls, Behich, Makgi (Fornaroli, 83), Bakkus (O'Nil, 83), Irvin, Boyl (Metkalf, 72), Bos (Tilio, 90+3), Yyengi. 
O‘zbekiston — O‘tkir Yusupov, Zafarmurod Abdurahmatov, Abdulla Abdullayev, Umar Eshmurodov, Rustam Ashurmatov, Farrux Sayfiyev, Otabek Shukurov, Odil Hamrobekov, Oston O‘runov (Jaloliddin Masharipov, 46), Abbos Fayzullayev (Igor Sergeyev 63, Jamshid Iskanderov 84), Hojimat Erkinov (Aziz Turg‘unboyev, 63). 
Ogohlantirishlar: Eshmurodov (25), Hamrobekov (45), Shukurov (45+3), Suttar (50), Makgi (70). 

O‘zbekiston milliy jamoasi Osiyo kubogi guruh bosqichining 3-turida Avstraliyaga qarshi durang o‘ynab (1:1), 2-o‘rinni egalladi va 1/8 finalga yo‘llanma oldi.

Avstraliya guruh masalasini oldindan hal qilib bo‘lgani tufayli aralash tarkibni tushirdi va o‘yin nisbatan teng kechdi.

Birinchi bo‘lim so‘ngida yaponiyalik hakam O‘zbekiston jamoasi darvozasiga bahsli penalti belgiladi, bu vaziyatda to‘p yerda yotgan Hamrobekovning qo‘liga tegib ketdi, ammo hakam to‘p avstraliyaliklarda qolgani uchun o‘yinni to‘xtatmadi va keyin esa videotakrorni ko‘rib chiqib, 11 metrlik jarima nuqtasini ko‘rsatdi, nuqtaga yaqinlashgan Boyl esa zarba berishda adashmadi.

Ikkinchi bo‘limda O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi tarkibda o‘zgarishlar amalga oshirdi, dastlab Oston O‘runov o‘rnini Jaloliddin Masharipov egalladi, keyin Abbosbek Fayzullayev hamda Hojimat Erkinov o‘rniga Igor Sergeyev hamda Aziz Turg‘unboyev maydonga tushdi. 

60-daqiqada Masharipovning jarima zarbasidan uzatgan to‘pini himoyachi Umar Eshmurodov bosh bilan darvoza to‘riga joyladi, ammo hakamlar ofsayd holatini qayd etishdi.

78-daqiqada esa Masharipov qanotdan oldinga yurib, to‘pni jarima maydoni ichidagi Turg‘unboyevning boshiga yetkazib berdi va hisob tenglashdi. Bu O‘zbekiston milliy jamoasining Avstraliya bilan o‘yinlardagi ilk goli bo‘ldi. Bungacha yashil qit’a vakillariga qarshi to‘rt o‘yinda 0:1, 0:2, 0:6 va 0:0 (2:4) hisoblari qayd etilgandi.  

O‘yinning qolgan qismi Igor Sergeyevning jarohati bilan yodda qoldi. Bu ushbu turnir doirasidagi uchinchi jarohatga aylandi - bungacha himoyachilar Husniddin Aliqulov va Hojiakbar Alijonov safdan chiqqandi. Bundan tashqari, turnir arafasida jamoaning asosiy hujumchisi va yetakchisi Eldor Shomurodov jarohatlangandi.

O‘yin statistikasi

Turnir jadvalidagi vaziyat

Suriya — Hindiston 1:0
Gol: Harbin (76). 

Suriya — Ahmad, Vayss, Usou, Kruma, Ajan, Alasvad (Aniz, 82), Elias, Ham, Ramadan (Al Dali, 69), Hesar, Sabbag (Harbin, 76). 
Hindiston — Sandhu, Rahul, Jingan (Pujari, 47), Bose, Mishra, Apuya (Tapa, 80), Tangri (Vangjam, 64), Changte, Manvir (Samad, 64), Singh (Udanta, 46), Chetri.
Ogohlantirishlar: Rahul (2), Singh (26), Vayss (26), Harbin (77).

B guruhidagi ikkinchi o‘yinida Suriya Hindistonni mag‘lub etib (1:0), eng yaxshi 3-o‘rin egalari qatorida pley-offga chiqadigan bo‘ldi.

O‘zbekiston endi nimchorakfinalda F guruhida 2-o‘rinni egallagan jamoaga qarshi maydonga tushadi. Bu Saudiya Arabistoni va Tailanddan biri bo‘ladi. Srechko Katanets shogirdlari pley-off o‘yinini 30 yanvar kuni o‘tkazadi. 

Ko‘proq yangiliklar: