Qo‘yliq bozorining yopilishi Toshkentda meva-sabzavotlarni qimmatlashtirdi

Iqtisodiyot 17:14 / 20.01.2024 16198

Qo‘yliq bozorining rekonstruksiya qilinishi vaji bilan yopilishi sababli Iqtisodiyot va moliya vazirligi asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining kunlik ulgurji narxlarini e’lon qilib borishni bir muddat to‘xtatgan edi.

Vazirlik oradan 12 kun o‘tib, Qo‘yliq o‘rniga Food city'dagi meva va sabzavotlar narxini e’lon qila boshladi. Iqtisodchi Otabek Bakirov bu muddat davomida ayrim mahsulotlar sezilarli darajada qimmatlashganiga e’tibor qaratdi.

“Qo‘yliqning yopilishi va Food city'ga tadbirkorlarning majburiy ko‘chirilishi narxlarni oshirgan. Xususan, Qo‘yliqning oxirgi kuni bo‘lgan 5 yanvarga nisbatan 17 yanvar holatiga quyidagi meva sabzavotlarning maksimal narxi sezilarli ko‘tarilgan:

  • behi 25 ming so‘mdan 50 ming so‘mgacha;
  • anor 35 ming so‘mdan 45 ming so‘mgacha;
  • sarimsoq piyoz 33 ming so‘mdan 40 ming so‘mgacha;
  • limon 22 ming so‘mdan 30 ming so‘mgacha;
  • banan 26 ming so‘mdan 28 ming so‘mgacha;
  • mandarin 22 ming so‘mdan 28 ming so‘mgacha;
  • kivi 22 ming so‘mdan 28 ming so‘mgacha;
  • apelsin 19 ming so‘mdan 25 ming so‘mgacha;
  • olma 18 ming so‘mdan 19 ming so‘mgacha;
  • sabzi 2500 so‘mdan 5000 so‘mgacha;
  • piyoz 2200 so‘mdan 2800 so‘mgacha;
  • karam 1500 so‘mdan 2000 so‘mgacha.

Qo‘yliq bozori bo‘yicha e’lon qilib borilgan bulg‘or qalampiri, baqlajon va qovun narxlari Food city'da ko‘rsatilmagan. Shuningdek, no‘xat 20 ming so‘mdan 35 ming so‘mgacha oshib ketgan”, deya yozdi iqtisodchi.

Shundan so‘ng, Iqtisodiyot va moliya vazirligi rasmiy izoh berib, Food city'dagi yuqori ulgurji narxlar shahar ichidagi chakana narxlardan katta farq qilmayotganini tasdiqladi.

“Joriy yil 4–6 yanvar kunlari Qo‘yliq ulgurji bozori va Food city majmuasidagi narxlar orasida sezilarli tafovut mavjud bo‘lmagan.

Masalan, kartoshka, piyoz, karam, sabzi, olma, uzum, anor, nok narxlarida deyarli tafovut mavjud bo‘lmagan bo‘lsa, pomidor, banan va boshqa mahsulotlar narxlari orasida 5 foizgacha (2 000–3 000 so‘m) farq kuzatilgan. Ushbu davrda bodringning minimal narxi Food city'da Qo‘yliq ulgurji bozoriga nisbatan 6 000 so‘mga (-20 foizgacha) arzonroq bo‘lgan.

Shu bilan birga, Food city'da ayrim mahsulotlarning yuqori ulgurji narxlari Toshkent shahrining boshqa dehqon bozorlaridagi chakana yuqori narxlarga yaqin bo‘lmoqda.

Bu Food city'da narxlar bo‘yicha monitoring ishlari dastlabki bosqichdaligi, monitoring jarayonida ayrim sotuvchilar tomonidan chakana va ulgurji narxlarning bir xil e’lon qilingani bilan bog‘liq.

Masalan, bodring, sarimsoq piyoz, no‘xatning maksimal ulgurji narxlari Tansiqboyev, Aviasozlar va boshqa bozorlardagi eng yuqori chakana narxlar bilan deyarli bir xil. Shuning uchun narx o‘zgarishlari to‘g‘risidagi umumiy xulosalar uchun muayyan vaqt talab qilinishi mumkin.

Kelgusida bozor faoliyatining to‘liq yo‘lga qo‘yilishi, sotuvchi va xaridorlarning yangi sharoitga moslashuvi bilan ulgurji hamda chakana narxlar bo‘yicha ma’lumotlar sifati va kuzatish metodologiyasi takomillashtirib boriladi”, deyiladi IMV bayonotida.

Otabek Bakirovning ta’kidlashicha, iste’molchilarga shahar ichidagi bozorlardan savdo qilish nisbatan arzonga tushmoqda.

“Bu nima degani? Amalda viloyatdan va chetdan mahsulot keltirayotgan va kelayotgan ulgurji sotuvchilar ilgarigidek buzilgan Qo‘yliq bozoriga emas, shahar ichidagi bozorlarga mahsulot tarqatmoqda va yetkazmoqda.

Qo‘yliq parokanda qilib yopilgach, eski ulgurji hamkorlar aloqalarini yo‘qotgan, lekin endi ular bir-birini shahar ichidagi bozorlardan topmoqda.

Asosiy oriyentir uchun endi Farhod, TTZ yo Aviasozlar kabi bozorlardagi narxlarni e’lon qilib borish kerak”, deya yozadi iqtisodchi.

Eslatib o‘tamiz, Qo‘yliq bozoridagi rekonstruksiya qancha davom etishi ma’lum qilinmagan.

Ko‘proq yangiliklar: