Adliya vazirligi munosabati
Vazirlikning ma’lum qilishicha, 2024 yil 10 yanvarda qabul qilingan 15-sonli prezident qarori Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan va qaror loyiha holatida Adliya vazirligiga kiritilgan.
“Vazirlikka kiritilgan variantda O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirishda ularning sifati, xavfsizligi hamda servis kafolatini ta’minlaydigan ishlab chiqaruvchining vakolatli vakili yoki rasmiy dilerlari mavjud bo‘lishi talab qilinadigan mahsulotlar ro‘yxati (qarorning 3-ilovasi) mavjud bo‘lmagan. PQ-5025-sonli qarorda loyiha tashabbuskori hisoblangan davlat organi uni tartibga solish ta’sirini baholashdan o‘tkazishi zarurligi belgilangan. Adliya vazirligiga kiritilgan variantda 2024 yil 10 yanvardagi PQ-15-sonli qarorning 3-ilovasidagi masalalar mavjud bo‘lmagani bois, ushbu masala loyiha tashabbuskori tomonidan TSTBdan o‘tkazilgani haqida ma’lumot mavjud emas”, – deyiladi munosabatda.
Adliya vazirligi hujjat loyihasi ekspertizadan o‘tkazilish jarayonida o‘z e’tirozlarini bildirganini ma’lum qildi, ammo e’tirozlarning mazmuni qanday bo‘lgani, ular inobatga olingani yoki yo‘qligiga aniqlik kiritmadi.
Raqobat qo‘mitasi nima deydi?
Raqobat qo‘mitasi munosabatida esa qarorni qabul qilishda qo‘mitaning takliflari inobatga olingani va ayni damda unda raqobatga zid holatlar yo‘qligi ma’lum qilingan.
Qo‘mitaning ma’lum qilishicha, qaror loyihasi belgilangan tartibda Raqobat qo‘mitasiga kelishish uchun kiritilgan va loyihada nazarda tutilgan normalarning raqobatga ta’siri “ex-ante” usulida belgilangan tartibda baholanib, tegishli xulosa taqdim qilingan.
“Ushbu xulosada berilgan takliflar inobatga olingan. Xususan, tayyor elektrotexnika mahsulotlari O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishida import qilinadigan mahsulot qiymatining 1 foizi miqdorida amaldagi import bojlariga qo‘shimcha ravishda yig‘im undirilishini nazarda tutuvchi norma loyihadan chiqarib tashlangan”, – deyiladi qo‘mita munosabatida.
Qo‘shimcha qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunining 23-moddasida:
- davlat xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga soliq va bojxona imtiyozlari, subsidiyalar, grantlar, davlat kafolatlari, imtiyozli kreditlar, eksklyuziv huquqlar, davlat mulkini imtiyozli narxlarda sotish va ijaraga berish, yer resurslaridan va yerosti boyliklaridan foydalanish huquqlarining imtiyozli shartlar asosida berilishi hamda boshqa preferensiyalar va afzalliklar tarzida davlat yordami berilishi mumkinligi;
- ayrim xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarga sog‘lom raqobat muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan tarzda yakka tartibda davlat yordami berilishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.
Raqobat qo‘mitasi tomonidan ushbu qaror loyihasi ko‘rib chiqish jarayonida davlat yordami, shu jumladan, soliq imtiyozlari, preferensiyalar va afzalliklar elektrotexnika tarmog‘i korxonalariga umumiy berilayotgani, loyihada yakka tartibda davlat yordami nazarda tutilmagani aniqlangan.
Qo‘mitaning ta’kidlashicha, 15-sonli prezident qarori bilan elektrotexnika sanoatida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun imtiyozli davr bilan kredit liniyasini ochish; soliq imtiyozlari va davlat xaridlaridagi narx ustunligi barcha mahalliy ishlab chiqaruvchilarga berilgan.
Munosabatga qarorni amaliyotda qo‘llash jarayonida raqobatga zid harakatlar va holatlar amalga oshirilsa, ularni bartaraf etish bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlariga belgilangan tartibda taqdimnomalar, shuningdek, qonunchilik hujjatini takomillashtirish bo‘yicha Prezident administratsiyasiga va Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritilishi mumkinligi qo‘shimcha qilingan.
Raqobat qo‘mitasi munosabatida rasmiy dilerlar talabi borasida so‘z bormaydi.