Yevropada hafta transferlari. Sanchoning qaytishi va «Bavariya»ning kutilmagan xaridi

Sport 21:39 / 16.01.2024 10381

O‘tgan hafta davomida Yevropada qishki transferlar oynasida faollashuv kuzatildi. Klublar kelishuvlarga erishib, mavsumning birinchi qismida yuzaga kelgan muammolarni hal qilishmoqda. Quyida so‘nggi kunlarda e’lon qilingan asosiy transferlar keltiriladi.

Muhammad-Ali Sho: «Real Sosiyedad» → «Nitssa» (10 mln yevro)

19 yoshli fransuz forvardi «Sosiyedad»ning asosiy tarkibidan joy ololmadi. Sho joriy mavsumda 17 o‘yinda ishtirok etdi (ammo jami 484 daqiqa maydonda bo‘ldi), birorta gol yoki golli pas muallifi bo‘la olmadi. U basklar safidagi jami 40 o‘yinida atigi ikki bor gol urgan. «Sosiyedad» Muhammad-Alini ijaraga berishni istamad va uni «Nitssa»ga yaxshigina narx evaziga pulladi. Yosh hujumchi o‘z vatanida yaxshiroq o‘ynab ketadimi?

Filippo Terrachchano: «Verona» → «Milan» (4,5 mln yevro)

«Milan» mavsumni u qadar kuchli o‘tkazmayapti. A Seriyada jamoa uchlikda bormoqda, ammo «Inter» hamda «Yuventus»ning oltin uchun raqobatiga qo‘shila olmayapti. «Rossonerilar» Italiya kubogini ham tark etishdi, Chempionlar ligasida esa guruhda uchinchi o‘rinni egallashdi. Jamoadagi muammolardan biri — zaxira o‘rindig‘i keng emasligida: yetakchilardan kimdir safdan chiqsa, «Milan» o‘yinida pasayish yuzaga kelmoqda. «Verona»dan himoyachi Filippo Terrachchanoning sotib olinishi — vaziyatni o‘nglash uchun tashlangan qadamlardan biri bo‘ldi. Ushbu futbolchi o‘ng qanotda ham, markazda ham va hatto yarimhimoyada ham o‘ynashga tayyor. Umuman olganda, Pioli u qadar katta bo‘lmagan mablag‘ evaziga universal futbolchiga ega bo‘ldi. Terrachchano bilan shartnoma 2028 yil yoziga qadar imzolangan. Filippo «Milan»ga moslashib ketish uchun yetarlicha vaqt bo‘ladi.

Malik Fofana: «Gent» → «Lion» (17 mln yevro)

«Lion»da kelajak uchun navbatdagi transfer. Klub 18 yoshli vinger Malik Fofana bilan shartnoma imzoladi. Uning transferi uchun «Gent»ga — 17 mln yevro to‘landi. Shuningdek, klublar o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, ma’lum shartlar bajarilganda, bonuslar to‘lanishi ham ko‘zda tutilgan. Joriy mavsumda Fofana «Gent» uchun barcha turnirlar doirasida 31 uchrashuvda maydonga tushib, to‘rt gol urgan va besh golga uzatma bergan. «Lion» ichki chempionatda 16-o‘rinda bormoqda, jamoada vaziyat juda yomon. Yangi futbolchi «Lion»ga inqirozdan chiqishga yordam bera oladimi?

Radu Dregushin: «Jyenoa» → «Tottenhem» (25 mln yevro)

«Tottenhem» jiddiy kadrlar muammosini boshdan kechirmoqda. «Shporlar» mavsumni kuchli boshlagan va ma’lum vaqt davomida APLda yetakchilik qilgandi, ammo jarohatlar barchasini barbod qildi. Bir necha o‘yinlarda himoya markazida qanot futbolchilarini o‘ynatishga to‘g‘ri keldi. Umuman, jamoa ushbu pozitsiyani kuchaytirishga ehtiyoj sezayotgandi. Va «Tottenhem» Italiyadan himoyachi topdi. Londonliklar 25 mln yevro evaziga «Jyenoa»dan Radu Dregushinni olib kelishdi. Inglizlar ushbu futbolchi uchun raqobatda «Bavariya»dan ustun keldi. Ruminiyalik futbolchi dastlab londonliklarga va’da berib qo‘ygani tufayli Germaniya grandiga rad javobini berdi, London klubi esa uni bu mardligi uchun ko‘proq maosh bilan siyladi. U allaqachon APLda «Manchester Yunayted»ga qarshi kechgan o‘yin (2:2) oxirida maydonga tushib, «shporlar» safidagi debyutini amalga oshirdi. Bu transfer doirasida (sotib olish huquqi bilan) «Tottenhem» himoyachisi Jyed Spens Italiya klubiga ijaraga berilgan.

Erik Dayyer: «Tottenhem» → «Bavariya» (tekinga)

Kutilmagan transfer. Dayyer bu mavsumda «Tottenhem»ning asosiy tarkibidan tushib qoldi. Ammo «Bavariya» ushbu inglizni o‘z safiga olishga qaror qildi. Agar jurnalist Florian Plettenbergga ishonilsa, myunxenliklar ingliz futbolchini tekinga qo‘lga kiritgan. Ammo u agar ma’lum vaqt oralig‘ida muayyan miqdordagi o‘yinlarda maydonga tushadigan bo‘lsa, to‘lov qilishga to‘g‘ri keladi. Bu summa 3-3,5 mln yevrodan oshmaydi. Futbolchi bilan shartnoma yana bir mavsumga uzaytirish ehtimoli bilan 2024 yil yoziga qadar tuzilgan. Dayyer «Bavariya»ga o‘tishini — «orzularning amalga oshishi» deb ta’rifladi. E’tiborli jihati, Erik Myunxenda «Tottenhem»dagi sobiq jamoadoshi Harri Keyn bilan birga to‘p suradi. Shunday ekan, unda moslashish jarayoni osonroq kechadi.

Fabiu Karvalio: «Liverpul» → «Hall Siti» (ijara)

«Liverpul» portugaliyalik futbolchisini «RB Leypsig»dan qaytardi va uni boshqa klubga ijaraga berdi. Germaniyada Karvalio barcha turnirlar doirasida 15 o‘yinda maydonga tushdi, ammo gol yoki golli pas muallifi bo‘la olmadi. Endi ushbu yarimhimoyachisi Chempioshipda «Hall Siti» uchun to‘p suradi. Kelishuv 2023/2024 yillar mavsumi yakunigacha tuzilgan. «Hall» APLga qaytish uchun kurashmoqda. Karvalio yangi klubi bilan bunga erisha olsa, Yurgen Klopp unga «Liverpul»da yana imkon berishi mumkin.

Timo Verner: «RB Leypsig» → «Tottenhem» (ijara)

«Tottenhem»dan yana bir o‘ziga xos qadam. Jarohatlar va Son Xin Min Osiyo Kubogiga yo‘l olgani tufayli klub hujum chizig‘ida ham cheklanib qoldi. Bu muammoni hal etish uchun, «shporlar» «Leypsig»dan germaniyalik forvard Timo Vernerni ijaraga oldi. Kelishuvga ko‘ra, u mavsum yakunida 18 mln yevroga sotib olinishi ham mumkin. Verner bundesliganing joriy mavsumida barcha turnirlar doirasida 14 uchrashuvda maydonga tushib, ikki gol urgan va bir golga uzatma bergandi. APLda «Chelsi»da o‘ynab keta olmagan Timo Londonning boshqa klubi safida debyut qilishga ulgurdi va «MYu» darvozasiga urilgan ikkinchi javob goliga assistentlik qildi.

Yan Matsen: «Chelsi» → «Borussiya» Dortmund (ijara)

«Borussiya» qishki transferlar oynasida APLning top klublari futbolchilarini ijaraga olish strategiyasini amalga oshirmoqda. Dortmundliklar dastlab «Chelsi»dan himoyachi Yan Matsenni oldi. «Borussiya»da himoyaning chap qanotida muammo kuzatilmoqda, shu tufayli 21 yoshli niderlandiyalikning xizmatlariga ehtiyoj sezildi. Matsen 2018 yildan buyon «Chelsi» tizimida. Joriy mavsumda u «ko‘klar» uchun barcha turnirlar doirasida 15 o‘yin o‘tkazdi. Transfermarkt portali uning transferini 20 mln yevroga baholagan. Agar u «Borussiya»da o‘zini ko‘rsata olsa, mavsum yakunida to‘laqonli transfer bo‘yicha muzokaralar boshlanishi mumkin.

Jyeydon Sancho: «Manchester Yunayted» → «Borussiya» Dortmund (ijara)

Angliyalik vinger bosh murabbiy Erik ten Hag bilan ziddiyat tufayli «MYu» tarkibidan chetlatilgandi. Sancho 2023 yil avgustidan buyon o‘ynamadi va vatanida g‘amgin kunlarni boshdan kechirdi. Yakunda Dortmundning «Borussiya» klubi yordamga keldi. Nemislar sobiq futbolchisini ijaraga oldi. Jyeydon ushbu transferdan keyin nihoyat yuzida tabassum bilan futbol o‘ynashi mumkinligi haqida gapirdi: u chindan ham o‘zini baxtiyor his qilmoqda va «Borussiya»ga qaytganidan keyingi ilk o‘yinida golli pas muallifiga aylandi. Vinger uchun faoliyatini qaytadan yo‘lga qo‘yish uchun yaxshi imkoniyat.

Rade Krunich: «Milan» → «Fenerbahche» (ijara)

«Fenerbahche» joriy mavsumda Turkiya chempionligi uchun jiddiy bel bog‘lagan. «Kanareykalar» chempionatda 10 yildan buyon g‘olib chiqmagan, shu tufayli sovrinni o‘ziniki qilish uchun barcha choralarni ko‘rmoqda. Bu qadamlardan biri — sifatli futbolchilarni ijaraga olish. «Milan» yarimhimoyachisi Rade Krunich Istanbulga tashrif buyurdi. Bosniyalik futbolchi mavsum yakuniga qadar ijaraga olingan. «Milan» va «Fenerbahche» o‘rtasidagi kelishuvda to‘laqonli transfer imkoniyati to‘g‘risidagi band ham bor. Futbolchi joriy mavsumda «rossonerilar» uchun barcha turnirlar doirasida 14 o‘yin o‘tkazgan.

Leonardo Bonuchchi: «Union» → «Fenerbahche» (summasi noma’lum)

«Fenerbahche»da yana bir foydali transfer. Italiyaning ko‘p karra chempioni va Yevropa chempioni Leonardo Bonuchchi Istanbulga keldi. Ushbu tajribali himoyachi Berlining «Union» klubiga moslasha olmadi, shu tufayli vaziyatni o‘zgartirishga qaror qildi. Bonuchchi «Fenerbahche» bilan mavsum yakuniga qadar shartnoma tuzgan. Jurnalist Nikolo Shiraning xabariga ko‘ra, Leo turklar klubidagi yarim yil ichida 1,2 mln yevro ishlab oladi. O‘z navbatida, bu «Fenerbahche» uchun ham marketing va PR jihatdan ajoyib yurish bo‘ldi. Endi asosiysi, Bonuchchi jamoaga maydonda ham yordam berishi.

Ko‘proq yangiliklar: