Idish yuvishda ko‘pchilik bugun kimyoviy gellardan foydalanadi. Gellar yog‘ni yaxshi ketkazib berib, idishni yarqiratib qo‘yishi ayon, biroq uning zarari haqida deyarli gapirilmaydi.
Toshkent kimyo-texnologiya instituti Ozik-ovqat mahsulotlari texnologiyasi kafedrasi dotsenti t.f.d. Saidazim Saidvaliyev idish yuvish gellarining tarkibi haqida batafsil ma’lumot berib, geldan foydalanish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini aytdi.
Mutaxassis yuvish vositalarining tozalashga yordam beradigan qanday kimyoviy moddalardan tarkib topishini sanadi.
Yuvish vositalarining tarkibi:
– sirt faol moddalar;
– ko‘pik regulyatorlari;
– yordamchi moddalar;
– qo‘shimchalar.
Sirt faol moddalar, ya’ni sirt tarangligi bo‘lgan molekulalar yuqori molekulyar og‘irlikdagi qutbli molekulalar bo‘lib, ikki uchli molekulalardir. Molekulalarning bir uchi suvda, ikkinchi uchi esa yog‘da yaxshi eriydi.
Sirt faol moddalar odatda 4 guruhga bo‘linadi:
– anion sirt faol moddalar;
– kationik sirt faol moddalar;
– amfoter sirt faol moddalar;
– ion bo‘lmagan sirt faol moddalar.
Yuvish vositalarining eng agressiv tarkibiy qismlaridan biri sirt faol moddalar hisoblanadi. Ular idishlardan yog‘ va kirlarni yuvib tashlaydi va shu bilan birga qo‘llarning terisini quritadi. Shu sababli, idishlarni har doim faqat rezina qo‘lqoplarni kiygan holda yuvish kerak.
Agar siz idishlarni yaxshi yuvmasangiz va gel qoldig‘i idishlarda qolsa, yuvish vositasi tanaga katta zarar yetkazishi mumkin. Bunday holda, oziq – ovqat bilan birga kimyoviy moddalar oshqozonga tushadi. Ularni muntazam ravishda "iste’mol qilish" metabolik kasalliklarga, ichki organlarning noto‘g‘ri ishlashiga, gastritga olib kelishi mumkin.
Zaharli moddalar tanaga tushishining oldini olish usullari:
– tanani himoya qilish uchun yuvish vositalarini suv bilan suyultirish, ya’ni yuvish vositasining suvli eritmasidan foydalanish;
– idish yuvish gubkasini ishlatib bo‘lgandan so‘ng yaxshilab yuvish;
– idishlarni kamida 20 soniya davomida oqib turgan suv bilan chayish;
– yog‘li bo‘lmagan idishlarni faqatgina osh sodasi bilan yuvish.
“Uyda yog‘li bo‘lmagan narsalarni gelda yuvishga ruxsat bermayman. Uning o‘rniga osh sodasi ishlatishadi. Agar juda yog‘li narsani yuvmoqchi bo‘lib, geldan foydalansak, albatta, yuvishdan oldin qog‘oz sochiq bilan yog‘ni yaxshilab artib tashlaymiz, keyin gelda yuvamiz. Chunki kamroq gel ishlatilganda, uning idishda qolish foizi ham kamayadi”, – deydi Saidvaliyev.
Mutaxassis gelni kam ishlatish oqova quvurlarda yog‘ tiqilib qolib, suv ketmasligiga sabab bo‘lishining oldini olishini ham aytadi. Chunki yog‘ning orqasidan sovuq suv quyilishi turbada yog‘ qotib qolishiga va bu kanalizatsiya tizimining tez buzilishiga sabab bo‘ladi.
Qo‘shimcha qilib shuni aytish mumkinki, suv tobora kamayib borayotgan sayyorada, O‘zbekistonda suvni isrof qilmaslik uchun ham geldan kamroq foydalangan maq’ul. Shu yo‘l bilan siz ham o‘z sog‘lig‘ingiz, ham suvni asragan bo‘lasiz.