Tsementchilar uchun soliq 4 barobarga pasaytirildi. Budjet yana milliardlab tushumni yo‘qotadi

Iqtisodiyot 11:35 / 12.01.2024 18566

O‘zbekiston hukumati va parlamenti 2024 yildan boshlab sement ishlab chiqarishga mo‘ljallangan ohaktosh bo‘yicha soliq stavkasini salkam 4 barobarga: tonnasiga 22 500 so‘mdan 6 ming so‘mgacha pasaytirdi.

Vaholanki, Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2023 yil oxirida e’lon qilgan budjetnomada bu stavkani 2 barobarga – 22 500 so‘mdan 11 250 so‘mgacha so‘mgacha tushirish rejasi ko‘rsatilgan edi.

Rasmiylar izohiga ko‘ra, soliq stavkasining kamaytirilishi “sement mahsulotlari narxining keskin oshishi hamda narxlarning ko‘tarilishiga yo‘l qo‘ymaslik”, “mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xorijiy sement yetkazib beruvchilar oldida raqobatbardoshligini oshirish” maqsadlari bilan bog‘liq.

Raqamlar: Tsement ishlab chiqarish 4 yilda 39 foizga oshgan

Iqtisodiyot va moliya vazirligining Gazeta.uz'ga ma’lum qilishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda sement ishlab chiqarish quvvatlari 1,8 baravarga oshgan (2019 yildagi 15,1 mln tonnadan 2023 yilda 26,7 mln tonnagacha).

Bu davrda ishlab chiqarish hajmi 1,4 baravarga – 10,9 mln tonnadan 15,2 mln tonnagacha ko‘paygan. Bu vaqtda sementga bo‘lgan talab 1,2 baravar – yiliga 13,8 mln tonnadan 16,5 mln tonnagacha oshgan.

IMVga ko‘ra, 2024 yilda zavodlar quvvati 30 foizga yoki 7,9 mln tonnaga ko‘payib, 34,6 mln tonnagacha, ishlab chiqarish hajmi esa 10 foizga yoki 1,6 mln tonnaga oshib, 16,7 mln tonnagacha yetishi mumkin. Import esa 1 mln tonnagacha qisqarishi kutilmoqda (kamayish – 57 foiz yoki 800 ming tonna).

Vazirlik mahalliy korxonalar ichki bozordagi talabning 98 foizini qoplay olishini prognoz qilgan.

Soliq stavkasining ko‘tarilishi sement narxlari oshishiga olib keldi”

Holat yuzasidan “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi qo‘shimcha izoh berdi. Ta’kidlanishicha, 2019 yilgacha ohaktosh uchun yer qa’ridan foydalanganlik soliq stavkasi 5 foizni tashkil qilgan. 2019 yildan boshlab esa bu miqdor oshirilgan va har bir tonna ishlab chiqarilgan ohaktosh uchun 22,5 ming so‘m (yoki ohaktosh tannarxining 75 foizi) etib belgilangan.

“Bu sement narxlari oshishiga olib keldi. Hozirda bir tonna ohaktoshning o‘rtacha narxi 30 ming so‘mni tashkil etadi. Ohaktoshga soliq stavkasini pasaytirish mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan.

Stavkalar pasaytirilganiga qaramasdan, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq ohaktosh tannarxidan O‘zbekistonda – 20 foizni, qo‘shni davlatlarda: Qozog‘istonda – 4,7 foizni, Qirg‘izistonda – 3 foizni Tojikistonda – 7 foizni tashkil etadi”, deyiladi rasmiy munosabatda.

Tsement butun 2023 yil davomida arzonlagan

Iqtisodchi Otabek Bakirovning ta’kidlashicha, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasining soliq oshgani uchun sement narxi ko‘tarildi degan argumenti haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

“Yuqori soliqlar sement narxining oshishiga olib kelgani haqida bong urgan “O‘zqurilishmateriallari”ning argumenti shunchalar zaif va mo‘rtki, menda o‘zini vazirlik deb biladigan uyushma sement narxlari haqida xabardorligiga ham shubha paydo bo‘ldi.

Demak, sement bo‘yicha o‘rtacha birja narxlari (1 tonna uchun):

2022 yil 9 dekabr: 601 ming so‘m;
2023 yil 11 dekabr: 571,4 ming so‘m.

2023 yil 9 yanvar: 605,5 ming so‘m;
2024 yil 9 yanvar: 550,4 ming so‘m.

Xuddi shunday, 2023 yil tegishli davrlari va 2022 yil tegishli davrlari bilan narxlar dinamikasini solishtirishingiz mumkin. Narxlar 2023 yil davomida (va o‘zi oxirgi 6 yilda ham) yaqqol pasayish tendensiyasiga ega bo‘lgan. Ya’ni sementchilarga soliq baland bo‘lgani uchun sement qimmatladi, degan gap fe’lan emas, qip-qizil yolg‘on”, deya yozdi Otabek Bakirov.

Iqtisodchining qo‘shimcha qilishicha, sement arzonlasa uy, qurilish arzonlaydi, degan himoya argumenti ham real vaziyatni tavsiflamaydi.

“2023 yil yanvarida sement narxlari 2018 yil yanvaridan ko‘ra arzonroq. Lekin uy narxlari dollarda Toshkentdayam, hududlardayam 2 karra qimmatlagan. Qani bog‘liqlik? Davlat buyurtmalari bo‘yicha ko‘priklar va yo‘llarni-ku gapirmayman”, deydi Bakirov.

Yirik sement zavodlari kimlarga tegishli?

“O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda jami 37 ta sement ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalar mavjud bo‘lib, ularning yillik quvvati 32,7 mln tonnani tashkil etadi. Shundan quvvati 1 mln va undan yuqori korxonalar soni 14 ta.

Qizilqumsement” AJ

Yiliga 5,7 mln tonna sement ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Zavodning 68,2 foiz ulushi Kiprda ro‘yxatdan o‘tgan ofshor kompaniya United Cement Group'ga, 31,8 foizi esa “Qizilqumsement”ning o‘ziga tegishli.

China Energy International Group Samarkand Sement” MChJ

Yillik quvvati – 3 mln tonna. 100 foiz ulushi “China Energy International Group” kompaniyasiga tegishli.

Toshkent Konch sement” MChJ

Yillik quvvati – 2,5 mln tonna. 65 foiz ulushi Conch International Holdings’ga, 35 foiz ulushi esa “Xin Lei” MChJga tegishli.

Shuningdek, quyidagilar ham yirik sement ishlab chiqaruvchi korxonalar hisoblanadi:

  • “Ohangaronsement” AJ, yillik quvvati – 2,4 mln tonna. Zavod Alisher Usmonovga aloqador Akkermann Cement CA’ga tegishli;
  • “Farg‘ona Yasin Qurilish Mollari” MChJ, yillik quvvati – 2 mln tonna. Zavodning 90 foiz ulushi Shanxi Xiangsheng’ ga, 10 foiz ulushi Great Amirxan Oil’ga tegishli;
  • “Qoraqalpoqsement” MChJ, yillik quvvati – 1,8 mln tonna;
  • "Huaxin cement jizzakh" MChJ, yillik quvvati – 1,66 mln tonna. Yagona ta’sischisi – Huaxin Central Asia Investment;
  • “Bekobodsement”, yillik quvvati – 1,6 mln tonna. Yuqorida nomi tilga olingan United Cement Group’ga tegishli. Shuningdek, “Quvasoysement”ga( quvvati – 1,08 mln tonna) ham ushbu kompaniya egalik qiladi.

Soliqni kamaytirish – budjetga katta zarar

Tsement zavodlari uchun soliqlarning 4 baravar kamaytirilishi natijasida davlat budjetiga tushumlar bir necha 100 mlrd so‘mga kamayadi. Ishlab chiqarish quvvatini oshirish vaji bilan qilingan bu kabi amaliyot oldin ham bo‘lgan, lekin samara bermagan.

Xususan, 2022 yil O‘zbekistonda yerosti boyliklari bo‘yicha soliqlar anchagina pasaytirilgan edi. Xususiy kompaniyalar uchun tabiiy gaz bo‘yicha soliq stavkasi 3 baravarga, neft va gaz kondensati bo‘yicha 2 baravarga kamaygan edi. Bundan maqsad – xususiy kompaniyalarni investitsiya kiritishga rag‘batlantirish ekani aytilgandi.

Amalda esa 2022 yilda yer qa’ridan foydalanuvchilar bir yil oldingiga qaraganda salkam 2 trln so‘m yoki 12 foiz kam soliq to‘ladi, gaz qazib chiqarish 4 foizga, gaz kondensati qazib olish 3 foizga kamaydi.

Bunday tendensiya 2023 yilda ham davom etdi. Xususan, 11 oylikda gaz qazib olish hajmi 42,75 mlrd kub metrni tashkil etdi va 2022 yilning shu davriga nisbatan 9,6 foizga yoki 4,56 mlrd kub metrga kamaydi. Shuningdek, neft qazib olish 1,7 foizga, gaz kondensat qazib olish 7 foizga qisqardi.

Ko‘proq yangiliklar: