11 yanvar kuni Kun.uz Yunusobod yo‘nalishining “Yunusobod 9-dahasi – Chingeldi mahallasi” oralig‘ida harakatlanuvchi 50-yo‘nalishdagi avtobusda tozalikka e’tibor qilinmayotgani aks etgan video e’lon qilgan edi.
Holat yuzasidan “Toshshahartransxizmat”ning tahririyatga ma’lum qilishicha, hozirda avtobusning sanitar holati tartibga keltirilgan, mas’ullar joyiga chiqib muammoni bartaraf etishgan. Buni kompaniya matbuot xizmati taqdim qilgan suratlarda ham ko‘rish mumkin.
Qayd etilishicha, avtobusni bu holatda yo‘nalishga chiqargan navbatchi mexanikka chora ko‘rilgan.
""5-avtobus saroyi" filiali navbatchi mexanigi X.B o‘z xizmat vazifasiga sovuqqonlik bilan qarab, sanitar holati talab darajasida bo‘lmagan 50-sonli avtobusni yo‘nalishga chiqargani uchun, oylik maoshining 15%i miqdorida jarima jazosi qo‘llanildi.
Shuningdek, ushbu holatni tezkorlik bilan bartaraf etish maqsadida, saroy raqami 156-bo‘lgan mazkur 50-sonli avtobus avtoshoxbekatga yetib kelganida mas’ul xodimlar tomonidan tozalanib, sanitar holati tartibga keltirilganligini hamda hozirda yo‘nalishda toza, ozoda holatda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatayotganligini ma’lum qilamiz",– deyiladi AJ rasmiy xabarida.
"Toshshahartransxizmat" AJ avtobus saroyi filiallarida belgilangan tartibga ko‘ra, barcha avtobuslar yo‘nalishdan qaytganidan so‘ng ularning sanitar va texnik holatlari tekshirilib, har kuni yuvib-tozalash ishlari olib boriladi. Erta tongda navbatchi mexanik tomonidan tekshiruv o‘tkazilib, texnik soz va sanitar holati toza bo‘lgan avtbuslar yo‘nalishga chiqariladi.
Taqdim etilgan suratlar