2024 yilning 12 yanvar kuni O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan innovatsion "Coozin" platformasi ishga tushirildi. Shu munosabati bilan YeXHT va "The Coca-Cola Foundation" xalqaro xayriya fondi ko‘magida IT-Park Uzbekistan va Ishbilarmon ayollar xalqaro assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda "Hilton" mehmonxonasida tadbir tashkillashtirildi. Platformaning ishga tushirilishi O‘zbekistonda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga ko‘maklashadi.
"Coozin" loyihasi - o‘z-o‘zini band qilgan ayollarga tovarlari, jumladan uyda pishirilgan mahsulotlarini sotish imkonini beruvchi O‘zbekistondagi birinchi loyihadir. U “The Coca-Cola Foundation” xalqaro xayriya fondi ko‘magida YeXHT, IT-Park va O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi ko‘magida tashkil etildi. "Coozin" ilg‘or raqamli texnologiyalardan foydalangan holda ayollar tadbirkorligi va o‘z-o‘zini band qilishni rivojlantirishga qaratilgan.
Loyiha nafaqat raqamli texnologiyalar yordamida biznesni yo‘lga qo‘yish orqali ayollarning tadbirkorlik potensialini mustahkamlaydi, balki, BMTning kambag‘allikni yo‘q qilish, munosib ish bilan ta’minlash va iqtisodiy o‘sish, innovatsiyalar va notenglikni kamaytirish kabi barqaror rivojlanish maqsadlarini ham amalga oshiradi.
Test rejimida ishlayotgan platforma hozirdanoq kuniga 25 ta buyurtmani qabul qilmoqda. Uning qulayligi sharofati bilan loyiha mamlakat bo‘ylab o‘z ta’sirini kengaytirmoqchi.
Platforma ishga tushishi munosabati bilan tashkillashtirilgan marosimga 30 dan ortiq latofatli tadbirkor ayollar ham tashrif buyurdi. Tadbirda YeXHTning O‘zbekistondagi loyiha koordinatori Zilke Klyover, Ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi boshqaruvi a’zosi va raisi o‘rinbosari Nigora Yakubova, IT-Park Uzbekistan direktori Farhod Ibragimov, "Coca-Cola" kompaniyasining Markaziy Osiyoda jamoatchilik bilan aloqalar, kommunikatsiyalar va barqaror rivojlanish bo‘yicha direktori Nazi Aripjanova kirish so‘zlari bilan nutq so‘zlashdi.
"YeXHT ayollarning iqtisodiyot sohasiga aralashuvi uning jonlanishi, barqaror rivojlanish va hamohang jamiyat qurishdagi o‘rni muhimligini tan oladi va bu YeXHT hududidagi xavfsizlik va muvozanatni ta’minlashini ta’kidlaydi. Shuning uchun tashkilot dasturlari va loyihalari iqtisodiyot sohasida gender tengligi, ijtimoiy himoya olishga teng imkoniyatlarni ta’minlash va ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish choralarini qabul qilishga qaratilgan", - dedi o‘zining kirish so‘zida YeXHTning O‘zbekistondagi loyiha koordinatori v.v.b Zilke Klyover.
Tadbir doirasida elektron to‘lov tizimlari va moliyaviy savodxonlikdan tortib marketing va psixologiyagacha keng mavzularni qamrab olgan muhokamalar va mahorat darslari ham o‘tkazildi. Ishtirokchilar o‘z muloqot doirasini kengaytirib, tajriba almashish va taklif qilingan ekspertlardan maslahat olish imkoniga ega bo‘ldi.
"Coozin" platformasi, shubhasiz O‘zbekistondagi ayol tadbirkorlar rivojiga o‘z hissasini qo‘shadi.
"Ayollarda onlayn savdo malakasini oshirish Ishbilarmon ayollar xalqaro assotsiatsiyasining ustuvor yo‘nalishi sanaladi. Assotsiatsiya uyda onlayn tadbirkorlik qilishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ijtimoiy loyihaning bir qismi ekanidan g‘ururlanadi", - deya ta’kidladi Ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi boshqaruvi a’zosi va raisi o‘rinbosari Nigora Yakubova.
"Ishonchimiz komilki, "Coozin" o‘z-o‘zini band qilgan tadbirkor ayollar uchun asosiy platformaga aylanadi va 360° li ta’lim bilan ularning raqamli iqtisodiyotda muvaffaqiyat qozonishiga sabab bo‘ladi", - deydi "Coozin" bosh direktori Laziz Iskandarov.
Yandex Delivery'ning O‘zbekistondagi vakili Sarvar Tuxtayev o‘z nutqida Coozin va Yandex Delivery jamoalari O‘zbekistondagi istalgan tadbirkor uchun texnologiyalardan foydalanishni osonlashtirish istagida birlashishini ta’kidladi. Ular birgalikda marketpleys foydalanuvchilariga shahar bo‘ylab yetkazib berish xizmati bilan onlayn savdo uchun qulay infratuzilmani yaratadi. Bu esa tadbirkorlarga ko‘proq daromad olish, mahalliy ustalarni qo‘llab-quvvatlash va ularning xaridorlari uchun qulay xizmat ko‘rsatishni ta’minlaydi.
"Ayollar tadbirkorligini va ularning karera imkoniyalari uchun barqaror loyihalar yaratishni qo‘llab-quvvatlash - "Coca-Cola" kompaniyasining eng asosiy ijtimoiy missiyalaridan biridir", - deya ta’kidladi "Coca-Cola" kompaniyasining Markaziy Osiyoda jamoatchilik bilan aloqalar, kommunikatsiyalar va barqaror rivojlanish bo‘yicha direktori Nazi Aripjanova. -"Loyiha yaratilganidan beri o‘tgan bunday qisqa muddat ichida biz unda qatnashish istagida bo‘lganlardan katta miqdorda arizalar qabul qildik. Bu esa mazkur yo‘nalish mamlakat uchun qanchalik muhimligini ko‘rsatadi. Shaxsan men va butun jamoa "Coozin"ning har bir a’zosi singari o‘z maqsadi sari borishdan qo‘rqmaydigan va o‘z misolida boshqalarni ilhomlantiradigan ayollardan ruhlanamiz".
Loyiha haqida ma’lumot olish va ariza topshirish uchun coozin.uz saytiga kirishingiz mumkin.
Qo‘shimcha ma’lumot uchun : +998 97 443 03 64
"Coozin" loyihasi menedjyeri Yekaterina Xe
Reklama