Qozog‘istonning "Kazinform" xalqaro axborot agentligida Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda Qozog‘iston Savdo va integratsiya vaziri Arman Shakkaliyev o‘rtasida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuvi haqida maqola e’lon qilindi.
Maqolada ta’kidlanishicha, Arman Shakkaliyev intervyusida davlat rahbarlari tomonidan qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini ikki barobarga oshirish va 10 milliard AQSh dollariga yetkazish bo‘yicha ulkan vazifalar qo‘yilgani qayd etilgan.
"Bir hafta ichida hajmlarni ko‘rsatgan holda mahsulotlarning aniq ro‘yxatini tayyorlaymiz. Bundan tashqari, hamkorlikda tashkil etilgan "UzKazTreyd" kompaniyasi orqali aloqalarni faollashtirishga kelishib olindi. Birinchi navbatda, O‘zbekistondan Qozog‘istonga meva-sabzavot hamda to‘qimachilik mahsulotlari yetkazib beriladi. Qarama-qarshi yo‘nalishda yog‘ va qora metallurgiya mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha kelishib oldik. Shuningdek, mahsulotni sertifikatlash, tekshirish, tadqiqot natijalarini o‘zaro tan olish masalalari ham muhokama qilindi. Bularning barchasi tovar ayirboshlash hajmining oshishiga xizmat qiladi", - deya vazir so‘zlaridan iqtibos keltirgan "Kazinform".
Shu bilan birga, "Markaziy Osiyo" sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazi doirasidagi loyihalarni amalga oshirish, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hamkorligini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi, deb yozgan agentlik.