Rauf Inileyevni qit’ada yil murabbiyiga aylantirgan turnir. OFK prezidenti O‘zbekistondan nega uzr so‘ragandi?

Sport 12:57 / 10.01.2024 12948

Osiyo kubogi-2004 chorakfinalida Bahraynga penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘lgan O‘zbekiston milliy jamoasi JCh-2006 saralash bosqich o‘tish o‘yinida yana Bahraynga ro‘baro‘ kelib, qit’alararo pley-offga alamli tarzda chiqa olmagandi. 2006 yilda esa Valeriy Nepomnyashiy O‘zbekiston bilan Osiyo kubogiga yo‘llanma olsa-da, iste’foga chiqqach, milliy jamoamiz turnirga Rauf Inileyev murabbiyligida borgandi. U yerda ham jamoamizni mojaroli hakamlik kutayotgandi.

Nepomnyashiy qo‘l ostida o‘tgan saralash va Qatardan keyingi o‘rin

O‘zbekiston milliy jamoasi JCh-2006 saralash bosqich o‘tish o‘yinida Bahraynga qarshi dastlabki bahsda 1:0 hisobida ustun kelgan bo‘lsa-da, yaponiyalik hakamning qoidani qo‘pol ravishda buzib, arab jamoasi darvozasiga belgilangan penaltini bekor qilishidan keyin O‘FF FIFAga murojaat qiladi. FIFA natijani bekor qilib, o‘yin qaytadan o‘tkazilgach, Bob Xougton murabbiyligidagi jamoamiz Toshkentda 1:1, safarda esa 0:0 hisobini qayd etdi. Shu tariqa, Bahrayn safardagi gol evaziga qit’alararo pley-offga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi, jamoamiz esa JCh-2006dan batamom umidni uzgandi.

2006 yil boshida esa Valeriy Nepomnyashiy milliy jamoa bosh murabbiyi etib tayinlandi. Rossiyalik mutaxassis qo‘l ostida Osiyo kubogi-2007 saralashida Qatar, Hongkong va Bangladesh bilan bir guruhdan joy olgan vakillarimiz Qatarga mag‘lub bo‘lgan, Hongkong bilan ikki marta ham durang qayd etgan holda 2-o‘rin bilan turnirning final bosqichiga yo‘llanmaga ega chiqadi. Ammo Nepomnyashiy iste’foga chiqib, «Paxtakor» va milliy jamoani tark etganini e’lon qilgandi.

Inileyevning tayinlanishi va Osiyo kubogi-2007dagi ishtirok

Osiyo kubogi boshlanishiga yarim yil qolganida O‘FF prezidenti Mirabror Usmonov taklifi bilan Rauf Inileyev bosh murabbiy etib tayinlangandi. Chunki ikki oy oldin Rauf Talgatovich qo‘l ostida O‘zbekiston olimpiya jamoasining Qatardagi Osiyo O‘yinlarida chorakfinalgacha yetib borishi muvaffaqiyatli natija sifatida baholanadi.

Foto: Getty images

OFK prezidenti tashabbusi bilan Osiyo kubogi-2007 bir emas, 4 mamlakat – Indoneziya, Malayziya, Tailand va Vetnam mezbonligida o‘tkazilgandi. Aslida 2008 yil o‘tishi kerak bo‘lgan bu turnirning bir yil oldinga surilishining tashabbuskori ham Muhammad bin Hammam edi. OFK prezidenti Osiyoning eng nufuzli turniri Yevro bilan bir yilda o‘tayotgani sababli, musobaqaning ko‘hna qit’a birinchiligi soyasida qolayotganini aytgandi. Shu sababli turnir toq yillarga ko‘chirilgandi.

O‘zbekistonning Osiyo kubogi-2007 uchun «zayavkasi»:

Darvozabonlar: 1.Pavel Bugalo («Quruvchi»), 12.Ignatiy Nesterov («Paxtakor»), 21.G‘ayrat Hasanov («Neftchi»).

Himoyachilar: Xayrulla Karimov («Mash’al»), 3.Botir Qorayev («Mash’al»), 4.Aziz Ibragimov («Slovan», Slovakiya), 6.Anzur Ismoilov («Paxtakor»), 14.Viktor Karpenko («Quruvchi»), 17.Aleksey Nikolayev («Oqto‘ba», Qozog‘iston), 19.Islom Inomov («Paxtakor»), 23.Vitaliy Denisov («Dnepr», Ukraina), 28.Anvar G‘ofurov («Mash’al»).

Yarimhimoyachilar: 7.Aziz Haydarov («Lokomotiv»), 8.Server Jeparov («Paxtakor»), 13.Hikmat Hoshimov («Nasaf»), 18.Temur Kapadze («Paxtakor»), 20.Eldor Magdeyev («Paxtakor»), 22.Iqboljon Akromov («Neftchi»), 11.Marat Bikmayev («Rubin», Rossiya).

Hujumchilar: 9.Pavel Solomin («Saturn», Rossiya), 10.Ulug‘bek Baqoyev («Tobol», Qozog‘iston), 15.Aleksandr Geynrix («Paxtakor»), 16.Maksim Shatskix («Dinamo Kiyev», Ukraina).

Foto: Getty images

O‘zbekiston milliy jamoasi turnirda Eron, Xitoy va mezbon Malayziya bilan «C» guruhidan o‘rin olgandi. Inileyev Osiyo O‘yinlarida o‘zini ko‘rsata olgan Aziz Haydarov, Vitaliy Denisov, Anzur Ismoilov singari yoshlarni Osiyo kubogiga ham olib borgani tarkibni kuchaytirdi. Vakillarimiz dastlabki o‘yinni forslarga qarshi o‘tkazib, 1-bo‘limdan keyin 1:0 hisobida ustunlik qilgan, ammo yakunda Eron Jalol Husayni va Javod Kozimiyonning goli evaziga kambek qilgandi. Keyingi ikki turda Malayziya (5:0) va Xitoyga (3:0) qarshi ajoyib o‘yin namoyish etgan Inileyev shogirdlari 6 ochko bilan Erondan keyingi 2-o‘rinni egallagan holda 1/4 finalga yo‘llanma oladi.

Foto: Getty images

Chorakfinalda esa jamoamizni Saudiya Arabistoni kutib turardi. So‘nggi Osiyo kubogida O‘zbekistondan mag‘lub bo‘lib, guruhda qolib ketgan alamzada raqibga qarshi bahsda hakamlar katta sahnaga chiqishadi. Saudlarga qarshi ajoyib o‘yin o‘tkazgan milliy jamoamiz tezkor gol o‘tkazib yuborgan bo‘lsa-da, ketma-ket hujumlardan keyin Maksim Shatskixning zarbasi bilan hisob tenglashtirilgandi. Biroq janubiy koreyalik qanot hakami yaqqol golni ikki metrlik farq bilan ofsayd deya inobatga olmaydi. Hakamlarning raqib jamoaga yon bosishi o‘yinchilarimizga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi va raqiblar hisobdagi farqni ikkitaga yetkazishadi. 82-daqiqaga kelib Pavel Solomin hisobni qisqartirgach, Inileyev shogirdlarida muvozanatni tiklash uchun yana bir qancha imkoniyatlarga yuzaga kelgan, ammo shu kuni faqat hakamlar emas, omad ham saudlar tomonida bo‘lgandi.

Foto: Getty images

Shu tariqa, bosh jamoamiz chiroyli o‘yin namoyish etgan bo‘lsa-da, turnirdagi ishtirokini yana chorakfinalda to‘xtatgan edi. Saudiya esa yarimfinalda yaponlardan ustun kelib (3:2), hal qiluvchi bahsda o‘sha turnirga mamlakatdagi urushdan yetib borgan va mo‘jiza ko‘rsatgan Iroqqa mag‘lub (1:0) bo‘lgandi.

O‘zbekistondan uzr so‘raldi, Rauf Inileyev – Osiyoning eng yaxshi murabbiyi

Turnir yakunlangach, Osiyo futbol konfederatsiyasi prezidenti Muhammad bin Hammam Saudiya Arabistoni bilan o‘yindagi hakamlik va qo‘pol xato uchun O‘zbekiston va shaxsan O‘FF prezidenti Mirabror Usmonovdan uzr so‘ragan edi. Yil yakunida esa milliy jamoamiz bosh murabbiyi Rauf Inileyev Osiyoning 2007 yildagi eng yaxshi murabbiyi deya e’lon qilinadi. Saudiya Arabistoni milliy jamoasi yetakchisi Yosir Al-Qahtoniy esa Osiyoda yil futbolchisi deb topilgan.

Foto: Getty images

Eng ajablanarlisi, Osiyo kubogi-2007 turniriga mamlakatdagi urush holati sababli katta yo‘qotishlar bilan zo‘rg‘a yetib kelgan, musobaqaga deyarli tayyorgarlik ko‘ra olmay, sensatsion tarzda Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgan Iroq milliy jamoasining yetakchisi Yunus Mahmud va bosh murabbiyi Jorvan Viyeyra esa OFK tomonidan e’tirofsiz qoldirilgandi. Aslida o‘sha turnirda final taqdirini hal qilgan, to‘purar va musobaqaning eng yaxshi o‘yinchisiga aylangan Mahmudning qit’ada yil o‘yinchisiga aylanishiga hech kimda shubha qolmagandi. Biroq g‘alati qarorlari bilan tanilgan OFK o‘shanda saudiyaliklar yetakchisini tanlagan.

Osiyo kubogi-2007. «C» guruhi

1-tur. 2007 yil, 11 iyul

Eron – O‘zbekiston – 2:1

Gollar: Jalol Husayni (55), Javod Kozimiyon (78) – Rahmon Rizoi (16, avtogol).

2-tur. 2007 yil, 14 iyul

Malayziya – O‘zbekiston – 0:5

Gollar: Maksim Shatskix (10, 89), Temur Kapadze (30), Ulug‘bek Baqoyev (45+2, penalti), Aziz Ibragimov (85).

3-tur. 2007 yil, 18 iyul

O‘zbekiston – Xitoy – 3:0

Gollar: Maksim Shatskix (72), Temur Kapadze (86), Aleksandr Geynrix (90+4).

1/4 final. 2007, 22 iyul

Saudiya Arabistoni – O‘zbekiston – 2:1

Gollar: Yosir Al-Qahtoni 3, Al-Musa 75 – Pavel Solomin 81.

Usmon Ibodov

Ko‘proq yangiliklar: