Dollar mustahkamlandi, neft narxi osha boshladi – xalqaro moliya bozori sharhi

Iqtisodiyot 10:29 / 07.01.2024 12325

Yilning dastlabki haftasi nisbatan tinch o‘tgan bo‘lsa-da, bozorlar 2024 yilni pasayish bilan boshladi. Hafta davomida qattiq ta’sir etadigan xabarlar chiqmagan bo‘lsa-da, bozorlar o‘z cho‘qqisiga yetganligi va ishtirokchilar bayram va ta’tildan hali qaytmaganligi tufayli savdo hajmi kamaydi. 5 yanvarda e’lon qilingan AQShdagi ishsizlik darajasi 3,7 foizda o‘zgarishsiz qoldi va FZT Miqdoriy qisqarish siyosatini qo‘llab-quvvatlashda davom etdi.

Jahon Insighs kanali ekspertlari 2024 yilning 1 yanvaridan 5 yanvarigacha bo‘lgan vaqtda xalqaro moliya bozorida sodir bo‘lgan eng muhim voqealarni tahlil qilib chiqdi.  

AQSh top fond bozorlari indeksi:

  • S&P500: -1,52 foiz;
  • NASDAQ: -3,09 foiz;
  • DJI: -0,59 foiz.

NASDAQ va S&P500 indekslari haftani 520 va 73 punktga, Dow Jones indeksi esa 224 punktga tushish bilan yakunladi.

Asosiy qimmatbaho metallar:

  • Oltin: -0,84 foiz;
  • Kumush: -2,51 foiz;
  • Alyuminiy: -4,89 foiz;
  • Mis: -0,19 foiz (yil boshidan +2,01 foiz).

Qimmatbaho metallar ham 2024 yilning birinchi haftasini qizil shamchiroqlar bilan boshlab berdi. Oltin va alyuminiy bozor qiymati hafta mobaynida 17 va 117 dollarga, kumush va mis esa mos ravishda 60 va 9 sentga arzonlashdi.

Neft

  • WTI: +3,65 foiz;
  • BRENT: +2,30 foiz.

Jahon neft bozori yilni o‘sish bilan boshladi. Neftning WTI markasi bir hafta davomida 2,60 dollarga, BRENT esa 1,77 dollarga ko‘tarildi.

Valutalar

  • EUR/USD: -0,86 foiz;
  • USD/CNY: +0,59 foiz;
  • USD/TRY: +1,15 foiz;
  • USD/UZS: +0,37 foiz;
  • RUB/USD: +1,75 foiz.

AQSh valutasi yilning dastlabki haftasini o‘sish bilan boshlab berdi. Buning natijasida dollarga nisbatan rubl va yevro 1,75 foiz va 0,86 foiz, Turkiya lirasi, Xitoy yuani va o‘zbek so‘mi mos ravishda 1,15 foiz, 0,59 foiz va 0,37 foizga pastladi.

Kriptovaluta

  • Bitcoin: +4,36 foiz;
  • Ethereum: -0,57 foiz.

Kriptovalutalar 2024 yilning dastlabki haftasini turli natija bilan yakunladi. Birinchi hafta yuqori tebranishlar ostida o‘tdi va fletda harakatlanish davom etdi.

Bozorlar haqida qisqacha

2023 yil AQSh iqtisodiyoti va moliyaviy bozorlar uchun go‘yo burilish nuqtasi rolini o‘ynab berdi. Pandemiya tufayli mamlakatda vujudga kelgan hukumatning misli ko‘rilmagan katta qarzlari, bir necha 10 yilliklardan beri bo‘lmagan yuqori inflatsiya va moliyaviy bozorlardagi katta pufak tufayli sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan fojianing oldi olindi. FZT 2022 yilning boshidan foiz stavkalarini ko‘tarib kelishi natijasida mintaqaviy va global miqyosda iqtisodiy o‘sish sekinlashdi, kelgusida bu narxlar pasayishi va inflatsiya tushishiga sabab bo‘lib, AQSh iqtisodiyotini sog‘lomlashtirishga hissa qo‘shdi. FZTning bayonotidan so‘ng, foiz stavkalarini ko‘tarishdan ko‘ra, bozor ishtirokchilarining fikri bo‘yicha, endilikda uni pasaytirish siyosatini ko‘rib chiqish kutilmoqda, garchi bu rasmiy ravishda e’lon qilinmagan bo‘lsa ham. Bozor ishtirokchilari FZTning birinchi foiz stavkasi joriy yilning mart oyida tushirilishini kutmoqda va 2024 yil davomida 3 ta pastlashuvni prognoz qilishdi. Ammo o‘zgarishlar qanchalik sezilarli bo‘lishidan qat’i nazar, bozor ishtirokchilarining kayfiyati va optimizmi hech qachon barqaror bo‘lmagan va buning asosida hech kim ish yuritmagan. Aslo unutmangki, agar makro ko‘rsatkichlar salbiy o‘zgarishlarni namoyon qilishni boshlasa, siyosat yana keskinlashib, bozor kayfiyati o‘zgarishi tabiiy hol bo‘ladi.

Eslatma! Taqdim qilingan ma’lumotlar muallifga tegishli bo‘lib, 1 yanvaridan 5 yanvarigacha bo‘lgan vaqt oralig‘idagi moliya bozorida yuz bergan o‘zgarishlar asosida tayyorlangan. Ushbu maqola investitsion maslahat emas.  

Ko‘proq yangiliklar: