Toshkentda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini olib ketayotgan shaxslar ushlandi

Jamiyat 14:04 / 05.01.2024 7485

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning xabar berishicha, departamentning Yashnobod tuman bo‘limi tomonidan IIBB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbirda “Farg‘ona-Toshkent” yo‘nalishida kelayotgan Cobalt to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganda, muqaddam sudlangan L.T. va fuqaro O.I. 2 800 dona “Regapen” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasini Toshkent shahrida o‘tkazish maqsadida olib kelayotgani aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olingan.

Farg‘ona yo‘li ko‘chasida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro Sh.X.ning yonidan 38 dona “Tropikamid” va “Regapen” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi ashyoviy dalil sifatida olingan.

Departamentning Shayxontohur tuman bo‘limi DXX va IIBB xodimlari hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirda esa, “Xadra” MFY hududida harakatlanayotgan Cobalt to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganda, muqaddam sudlangan U.A. va fuqaro B.S.dan jami 32 dona “Tropikamid” va “Zardeks” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: