O‘zbekistonning 2024 yilgi budjet qonuni bilan, 2024 yilda mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy va yuridik shaxslar uchun belgilangan ijara to‘lovining eng kam stavkalari tasdiqlandi.
E’tiborlisi, joriy yildan boshlab bu stavkalar ko‘chmas mulkdan tekin foydalanish shartnomalariga ham tatbiq etiladi. Yaqin qarindoshlar o‘rtasidagi shartnomalar bundan mustasno.
Bu stavkalar jismoniy va yuridik shaxslarning ko‘chmas mulk va avtotransport vositalarini ijaraga berishdan olingan daromadiga soliq solish maqsadida qo‘llaniladi. Shuningdek, ko‘chmas mulkdan tekin foydalanish shartnomalariga ham (yaqin qarindoshlar o‘rtasida tuzilgan shartnomalar bundan mustasno) tatbiq etiladi.
Yaqin qarindoshlar deganda ota-ona, er (xotin), farzandlar, aka-ukalar va opa-singillar tushuniladi.
Endilikda mulkdor o‘ziga tegishli ko‘chmas mulkni yaqin qarindoshlaridan boshqa shaxslarga shartnoma asosida bepul foydalanishga bersa va bundan daromad ko‘rmasa ham, ko‘chmas mulk umumiy maydonining hajmidan kelib chiqib soliq to‘lashi kerak bo‘ladi.
Misol uchun, Toshkent shahrida 50 kvadrat metr maydonga ega 2 xonali kvartirani belgilangan eng kam stavkaga asosan (1 kv.m. uchun 25 ming so‘m) oyiga 1 mln 250 ming so‘mdan kam haq evaziga ijaraga berib bo‘lmaydi. Ushbu xonadon tekin foydalanishga berilgan taqdirda ham, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining 12 foiziga teng ravishda – oyiga 150 ming so‘m soliq majburiyati yuzaga keladi.
- Ma’lumot o‘rnida, 2024 yilda mol-mulkni ijaraga berishdan olinadigan yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiyaga asosan jismoniy shaxslar tomonidan to‘lanadigan daromad solig‘i 100 foiz tumanlar va shaharlar budjetlariga o‘tkaziladi.