Debyutdagi omadsizlik. O‘zbekistonning Osiyo kubogidagi ilk ishtirokini qanday eslaymiz?

Sport 16:55 / 03.01.2024 11998

O‘zbekiston milliy jamoasi o‘z tarixidagi ilk Osiyo kubogida 1996 yil qatnashgan. Birlashgan Arab Amirliklari mezbonligida o‘tgan turnirda vakillarimiz debyutant sanalsa-da, ikki yil oldin Yaponiyadagi Osiyo O‘yinlarida sensatsion ravishda g‘oliblikni qo‘lga kiritgani bois, BAAga favoritlardan biri sifatida borgan. Ammo jamoa sardori Mirjalol Qosimovning tarkibda yo‘qligi muxlislarning jiddiy xavotiriga sabab bo‘lgandi.

«G‘aroyib» superkambek evaziga qo‘lga kiritilgan yo‘llanma

Milliy jamoa o‘z tarixidagi dastlabki Osiyo kubogiga yo‘llanmani osonlik bilan qo‘lga kiritmagan. Saralash bosqichida 8-guruhdan O‘zbekiston, Tojikiston va Bahrayn o‘rin olgandi. Bahraynliklar saralash oldidan musobaqada ishtirok etmaslikka qaror qilgach, yo‘llanma taqdiri qo‘shni mamlakat jamoalari o‘rtasidagi ikki o‘yinga ko‘ra, aniqlanadigan bo‘ldi.

Dastlabki bahsda O‘zbekiston milliy jamoasi Tojikistonda mehmon bo‘ldi. Dushanbedagi uchrashuv oldidan milliy jamoamizning o‘sha davrdagi yetakchilari Igor Shkvirin, Mirjalol Qosimov va Azamat Abduraimov o‘yinga bora olmaydigan bo‘lishdi. 90-yillarda porlagan «Pomir» klubining yetakchilari Hakim Fuzaylov, Rashid Rahimov, Arsen Avakov singari nomdor o‘yinchilaridan tashkil topgan Tojikiston milliy jamoasi esa jangovar tarkibda maydonga tushgandi. Qozog‘istonlik bosh hakam boshqargan bahsda O‘zbekiston yirik 0:4 hisobida mag‘lubiyatga uchraydi.

Toshkentdagi javob o‘yini oldidan vakillarimizning Osiyo kubogiga yo‘llanma olishi uchun 5:0 hisobida kambek qilishi mo‘jizaga teng edi. MHSK stadionida o‘tgan javob bahsi oldidan Mirjalol Qosimov va Igor Shkvirin tarkibga qo‘shilgandi. Turkmanistonlik hakamlar boshqargan bahsda sensatsiya ro‘y berdi. Qosimov dublga erishgan, Shkvirin ham o‘z hisobiga gol kiritgan bahsning asosiy vaqti 4:0 hisobida yakuniga yetdi. Qo‘shimcha bo‘lim boshlanishidan oldin bosh hakam tojikistonliklar yetakchisi Rashid Rahimovni maydondan chetlatgach, 95-daqiqada Zafar Musaboyev «oltin gol» muallifiga aylanib, milliy jamoamizga o‘z tarixidagi ilk Osiyo kubogiga yo‘llanmani taqdim etdi – 5:0.

O‘yindan keyin Tojikiston bosh murabbiyi Sharif Nazarov hakamlar brigadasini tanqid qilgancha, alamzada holda «O‘zbekiston bu o‘yini bilan Osiyo kubogida uzoqqa borolmaydi», degandi. Afsuski, uning gaplari rost bo‘lib chiqdi...

Qosimov va Fyodorovsiz qolgan jamoa

O‘zbekiston milliy jamoasi 1996 yilgi qit’a birinchiligiga favoritlardan biri sifatida e’tirof etilgan. Sababi vakillarimiz ikki yil oldin Hirosimadagi Osiyo O‘yinlarida bosh sovringa ega chiqib, kichik sensatsiya qayd etgandi. Biroq turnir oldidan tarkibda kuzatilgan yo‘qotishlar baribir o‘z so‘zini aytdi.

Jamoamiz asosiy yulduzi Mirjalol Qosimov jarohati sabab Osiyo kubogini o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi. Yetakchi himoyachi Andrey Fyodorov esa «Neftchi» safida Osiyo chempionlar kubogi doirasidagi «Yelimay» - «Neftchi» bahsida tojikistonlik referi Vladimir Domlajonovni urgani uchun OFK tomonidan 2 yilga diskvalifikatsiya qilingani sababli Osiyo kubogida qatnashmaydigan bo‘ldi.

Xitoy ustidan g‘alaba, Yaponiya va Suriyaga mag‘lubiyat

BAAdagi Osiyo kubogi-1996da 12 jamoa uch guruhga bo‘linib bahslarni boshlaydi. O‘zbekiston Yaponiya, Xitoy va Suriya bilan «C» guruhidan o‘rin olgandi. Bahodir Ibragimov murabbiyligidagi jamoamiz musobaqani yaxshi boshlaydi. Birinchi turda futbolchilarimiz Igor Shkvirin va Oleg Shatskixning goli evaziga Xitoyni 2:0 hisobida mag‘lub etishadi.

Ikkinchi turda esa Yaponiyadan qaqshatqich zarbani qabul qiladi. Al-Ayndagi bahsda Pavel Bugalo darvozasiga javobsiz to‘rtta gol yo‘llanadi – 0:4.

3-turdagi Suriyaga qarshi bahsda vakillarimizni durang natija ham guruhdan keyingi bosqichga olib chiqardi. Qolaversa, suriyaliklar imkoniyatni deyarli yo‘qotgani va Bahodir Ibragimov O‘zbekiston milliy jamoasigacha Suriya milliy jamoasini boshqargani sababli bu o‘yinda vakillarimizning g‘alabasini taxmin qilish mumkin edi.

Ammo barchasi biz uchun xunuk yakunlanadi. Suriyaliklar 48-daqiqada hisobni ochgach, ko‘p o‘tmay Sergey Lebedov penaltidan hisobni tenglashtiradi. Biroq «Neftchi» yulduzi qizil kartochka bilan maydondan chetlatiladi va suriyaliklar g‘alaba golini kiritib, o‘zi bilan birga O‘zbekistonni ham uyiga ravona qiladi – 1:2.

Shu tariqa, milliy jamoamiz uchun ilk Osiyo kubogi hisoblangan BAAdagi musobaqani vakillarimiz guruh bosqichidayoq yakunlashadi. Turnir esa Saudiya Arabistonining chempionligi bilan yakunlanadi. Ular finalda mezbon BAAni mag‘lub (0:0, pen: 2:4) etishadi.

Osiyo Kubogi-1996.

«C» guruhi. 1-tur
1996 yil, 6 dekabr.
Xitoy – O‘zbekiston – 0:2
Gollar: Igor Shkvirin 78, Oleg Shatskix 90.

2-tur. 1996 yil, 9 dekabr.
Yaponiya – O‘zbekiston – 4:0
Gollar: Hiroshi Nanami (7), Kazuoshi Miura (37), Masakio Mayzano (86, 90).

3-tur. 1996 yil, 12 dekabr.
O‘zbekiston – Suriya – 1:2
Gollar: Sergey Lebedev 53 penaltidan – Nodir Johodar (48), Ali Diib (74).

Usmon Ibodov

Ko‘proq yangiliklar: