SES oziq-ovqat mahsulotlari va tayyor taomlarni iste’mol qilishda yoshga e’tiborli bo‘lish shartligidan ogohlantirdi

Jamiyat 16:17 / 31.12.2023 16627

AOKAda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Abdurahmon Ismoilov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda yangi yil bayrami va dam olish kunlari ovqatdan zaharlanish holatlarini oldini olishda rioya qilinadigan zarur talablar ma’lum qilindi.

«Shu kunlarda oila boshliqlari va uy bekalari tomonidan ushbu kunga tayyorgarlik ko‘rish munosabati bilan savdo do‘konlari, bozorlar va shu kabi oziq-ovqat mahsulotlarining savdosi uchun tashkil etilgan yarmarkalardan xarid qilish uchun yaxshi kayfiyatlarda u yoki bu kabi mahsulotlarni xarid qilishga shoshilib bayram dasturxonini turli yegulik va ichimliklar bilan bezash harakatiga tushib qolganmiz.

Aynan shu fursatdan foydalanib, siz azizlardan har bir mahsulotlarni xarid qilishda faqat ularni ruxsat etilgan joylardan xarid qilishni, qolaversa ularning sifatiga kafolat beruvchi hujjatlari mavjudligiga ishonch hosil qilgan holda ularning iste’molga yaroqlilik muddatlariga, aynan siz xarid qilayotgan mahsulotlar shu mahsulotlarga xos belgilari o‘zgarmagani, aynimagani kabi belgilariga e’tiborli bo‘lishimiz kerak.

Vaholanki ba’zi bir uy bekalarimiz tomonidan bayram dasturxoni uchun qo‘yiladigan yeguliklar, har xil issiq va sovuq gazaklar, shirinliklar, taomlar va ichimliklar haddan tashqari ortig‘i bilan tayyorlanib, bir vaqtning o‘zida ularning bir-biriga mos yoki mos emasligiga e’tibor bermasdan iste’mol qilinishi oshqozon ichak faoliyati buzilishi, vaqtida xazm bo‘lmasligi oqibatida kutilmaganda aynan inson omili ta’sirida u yoki bu ko‘rinishdagi kasalliklar yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.

Qolaversa, ushbu dasturxon atrofida yig‘ilganlar orasida yosh bolalar va yoshi katta otaxon va onaxonlarimiz sog‘ligiga xavf solishi ehtimoldan xoli emas.

Shu narsani yodda tutish kerakki, har bir oziq-ovqat mahsulotlari va tayyor taomlarni iste’mol qilishda har birimizning yoshimizga e’tiborli bo‘lishimiz shart.

Shu narsani unutmaylikki, birgina bayram munosabati bilan me’yoridan ortiq, moneligi bo‘yicha bir-biriga mos bo‘lmagan taomlarni bir vaqtning o‘zida iste’mol qilish tavsiya etilmaydi.      

Keyingi vaqtlarda axoli o‘rtasida aynan inson omiliga bog‘liq bo‘lgan xolatlarda, qolaversa uy sharoitlarida tayyorlangan va germetik idishlarga qadoqlangan konserva mahsulotlarini iste’mol qilish oqibatida ovqatdan zaharlanishning eng og‘ir turlaridan bo‘lgan botulizm kasalligi qayd etilayotganidan OAV orqali barchamiz xabardormiz va ayrim insonlarning hayotdan erta ketishiga sabab bo‘layotgani, afsuski uchrab turibdi. 

Shu kabi ko‘ngilsizliklarning oldini olish maqsadida konserva mahsulotlarini uyda tayyorlamaslik, shu kabi mahsulotlarni dasturxonda ko‘rganingizda iste’mol qilmaslik tavsiya etiladi. 

Bugungi kunda qayerga qaramaylik mo‘l-ko‘lchilik, nima mahsulotni istasangiz hammasi muhayyo bo‘lib, eng asosiysi bular ichidan haqiqiy quyosh nurini o‘ziga singdirgan, inson organizmi uchun eng zarur bo‘lgan vitamin va minerallarni o‘zida mujassam etgan mahsulotlarni tanlab, iste’mol qilish juda muhimdir. 

Yangi yilni ko‘tarinki kayfiyatda kutib olish uchun shu kabi tavsiyalarga amal qilish maqsadga muvofiqdir», — deyiladi Abdurahmon Ismoilovning chiqishida.

Ko‘proq yangiliklar: