So‘mning dollarga nisbatan qadrsizlanishi
2023 yilda o‘zbek so‘mi kuchli bosim ostida qoldi. Yil boshidan buyon milliy valuta 1 dollarga nisbatan 11 246 – 12 352 dollar/so‘m ko‘rinishida shakllandi va 9,8 foizga qadrsizlandi.
Taqqoslash uchun, milliy valutaning dollarga nisbatan qadrsizlaniishi 2021 yilda 3,75 foizni (10427 / 10819), 2022 yilda esa 3,94 foizni (10819 / 11246) tashkil etgan.
Joriy yilda O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari hisoblanuvchi Turkiya va Rossiya milliy valutalari qadrsizlanishining kuchayishi so‘m qadri pasayishiga ta’sir qilgan asosiy omillardan biri bo‘ldi. Shuningdek, importning eksportdan yuqoriligi qo‘shimcha xorijiy valutani talab qildi va so‘m kursiga bosim o‘tkazdi.
Ma’lumot uchun, o‘zbek so‘mining dollarga nisbatan kursi talab va taklifdan kelib chiqib belgilanadi. Agar sotishdan ko‘ra ko‘proq odamlar dollar sotib olishni xohlasa, dollar kursi ko‘tariladi va so‘m arzonlashadi. Agar buning aksi bo‘lsa, milliy valuta mustahkamlanadi.
Eng arzon segmentdagi avtomobillar uchun “rastamojka” pasaydi
Iyun oyi o‘rtalarida xorijdan avtomobil olib kirish uchun belgilangan bojxona to‘lovlarini kamaytirishni nazarda tutuvchi prezident qarori qabul qilindi. Bu safargi pasaytirish eng arzon segmentdagi avtomobillarga qaratilgani e’tiborli. Chunki shu paytgacha bojlarning pasaytirilishi ko‘pincha budjet bo‘lmagan modellarga taalluqli bo‘lardi.
Ishlab chiqarilganiga 1 yildan oshmagan, dvigatel hajmi 1000 sm kubgacha bo‘lgan avtomobillar uchun bojxona boji to‘liq bekor qilindi. Bunga qadar bunday avtomobillar uchun 15 foiz va unga qo‘shimcha har bir kub sm uchun 40 sentdan boj to‘lanardi. Shuningdek, yangi qaror bilan, dvigatelining ishchi hajmi 1000 sm kubdan 1200 sm kubgacha bo‘lgan avtomobillar uchun 15 foizlik boj 5 foizga tushirildi, qo‘shimcha koeffitsiyentlar esa bekor qilindi. Ammo bu o‘zgarish monopol kompaniya sababli tanlovsizlikdan aziyat chekayotgan o‘zbekistonliklarni u qadar xursand qila olmadi. Chunki jahonda ishlab chiqariladigan budjet avtomobillarining katta qismi aynan 1200-1500 sm kub sig‘imli dvigatel bilan jihozlangan. Bunday avtomobillar uchun esa amalda 15 foiz va har bir sm kub uchun 60 sentdan boj to‘lovi saqlanib qolindi. Pasaytirilgan stavkalar 2,5 yil davomida amalda bo‘ladi. 2026 yil 1 yanvardan boshlab bojlar yana ko‘tarilishi mumkin.
O‘z navbatida, UzAuto Motors Spark va Naxia-3 ortidan Lacetti ishlab chiqarishni ham butunlay to‘xtatmoqda. Kompaniyaga ko‘ra, bu – General Motors’ning global savdo siyosati bilan bog‘liq. Lacetti’ning o‘rniga qaysi yangi model ishlab chiqarilishi hozircha ma’lum emas.
“Havoga uchgan” soliq imtiyozlari va ortib borayotgan energetik qaramlik
O‘tgan yili O‘zbekistonda yerosti boyliklari bo‘yicha soliqlar anchagina pasaytirilgan edi. Xususiy kompaniyalar uchun tabiiy gaz bo‘yicha soliq stavkasi 3 baravarga, neft va gaz kondensati bo‘yicha 2 baravarga kamaygan edi. Bundan maqsad – xususiy kompaniyalarni investitsiya kiritishga rag‘batlantirish ekani aytilgandi.
Amalda 2022 yilda yer qa’ridan foydalanuvchilar bir yil oldingiga qaraganda salkam 2 trln so‘m yoki 12 foiz kam soliq to‘ladi, gaz qazib chiqarish 4 foizga, gaz kondensati qazib olish 3 foizga kamaydi.
Bunday tendensiya 2023 yilda ham davom etdi. Xususan, 11 oylikda gaz qazib olish hajmi 42,75 mlrd kub metrni tashkil etdi va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,6 foizga yoki 4,56 mlrd kub metrga kamaydi. Shuningdek, neft qazib olish 1,7 foizga, gaz kondensat qazib olish 7 foizga qisqardi.
Bu yildan boshlab rasmiylar mahalliy qazib olish taqchilligini Turkmaniston va Rossiyadan gaz import qilish hisobiga qoplashni boshladi. Jumladan, avgust oyida rasmiy Toshkent va Ashxobod yiliga 2 mlrd kubometrgacha gaz yetkazib berish bo‘yicha qisqa muddatli bitim imzoladi.
Oktyabr oyida esa rus gazini Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yetkazib berish jarayoniga start berildi. Shu tariqa, uzoq yillar davom etgan noratsional iqtisodiy va energetik siyosat oxir-oqibat gazga boy mamlakatni boshqa davlatlarning gaziga muhtoj darajaga olib tushdi.
Gaz bo‘yicha boshqa kelishuvlar kabi, bu shartnoma shartlari ham ochiqlangani yo‘q. Rossiya va Turkmaniston gazi qancha narxda, qancha miqdorda, qaysi muddatlarda sotib olinishi, O‘zbekiston o‘z bo‘yniga qanaqa majburiyatlar olayotgani ma’lum emas.
Budjet intizomiga joriy yilda ham amal qilinmadi
2023 yil uchun belgilangan konsolidatsiyalangan budjet taqchilligi limiti YaIMga nisbatan 3 foizdan 5,5 foizgacha, yillik tashqi qarz limiti 4,5 mlrd dollardan 5,5 mlrd dollargacha ko‘paytirildi.
Budjet imtizomiga rioya qilinmayotgani, xarajatlarni optimallashtirishga bo‘lgan urinishlarning sust ravishda, yuzaki amalga oshirilayotgani ortidan tashqi qarz miqdori ham oshib bormoqda. 1 iyul holatiga O‘zbekiston davlat qarzi 31,5 mlrd dollarga yetgan. Bu miqdor yil yakunlari bo‘yicha sezilarli darajada ko‘paygan bo‘lishi mumkin, hozircha ma’lumotlar ochiqlangani yo‘q. Xalqaro miqyosida qarz jalb qilish xarajatlarining qimmatlashganidan tashqari, so‘mning dollarga nisbatan qadrsizlanishining kuchayishi ham umumiy qarz yukining ortishiga ta’sir ko‘rsatadi. Xususan, O‘zbekiston tashqi qarz valuta tarkibining qariyb 75 foizi AQSh milliy valutasiga to‘g‘ri keladi.
Ma’lumot uchun, hukumat joriy yilgi davlat budjetining daromadlari va xarajatlari o‘rtasidagi ijobiy farq 4,2 trln so‘mga (profitsit) teng bo‘lishini prognoz qilgandi. Xususan, 2023 yilda daromadlar 232,1 trln so‘mni, xarajatlar 227,8 trln so‘mni tashkil etishi kerak edi.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunda ham defitsit bo‘yicha 3 foizlik limit ko‘rsatilgan, lekin davlat xarajatlari daromadlardan keskin ortib ketishi ortidan, budjet qonuniga o‘zgartirish kiritilib, limit 4 foizga ko‘tarilgandi.
Energetika narxlarini “qo‘yib yuborish” boshlandi
Rasmiylarga ko‘ra, O‘zbekistonda 1 kWh elektr energiyasini ishlab chiqarish va yetkazib berish tannarxi 970 so‘m so‘mni tashkil etadi. Lekin tok aholiga 4 yildan beri 295 so‘m, yuridik shaxslarga 450 so‘mdan sotilib kelinayotgan edi. Yetmagan qismiga esa davlat budjetidan subsidiya ajratilardi. Shu bilan birga, eskirgan tarmoqlarni yangilash uchun ham mablag‘ kerak, davlat budjeti esa hamma xarajatlarni ham ko‘tara olmaydi. Xususiy investorlar kirib kelishi uchun esa tariflarni erkinlashtirish kerak edi.
Shu maqsadda 2023 yil 1 oktyabrdan yoqilg‘i-energetika resurslarining yangi tariflariga o‘tildi. Elektr energiyasi tariflari OKMK, NKMK, “O‘zmetkombinat” va budjet tashkilotlariga 1 kWh soat 1 000 so‘m, boshqa tashkilotlarga 900 so‘m deb belgilandi. Tabiiy gaz tariflari esa OKMK, NKMK, “O‘zmetkombinat” va budjet tashkilotlariga 1 kub metr uchun 1 800 so‘m, boshqa tashkilotlar uchun 1 500 so‘m bo‘ldi. Aholi uchun amaldagi narxlarda o‘zgarishsiz qoldi. Ammo 1 noyabrdan boshlab xonadonida oyiga 1000 kWh'dan ko‘p elektr energiyasi ishlatuvchi iste’molchilar ko‘proq haq to‘lay boshladi.
Bosqichma-bosqich amalga oshirilishi e’lon qilingan energetika islohoti yakunida davlat faqat regulyator va magistral tashuvchi funksiyalarini o‘zida saqlab qolib, ishlab chiqarish va taqsimlash bo‘g‘inlarida shaffof va raqobatli bozorni yaratishi ko‘zda tutilgan. Shu maqsadda mamlakatda energetika bozori regulyatori – Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi tashkil etildi. 2026 yildan boshlab elektr energiyasini uzatish va taqsimlash bo‘yicha tariflarni shu agentlik belgilaydi.
Fermer-klaster munosabatlaridagi o‘zgarishlar
2024 yil hosilidan boshlab, fermerlar va klasterlar o‘rtasidagi fyuchers shartnomalari Tovar-xomashyo birjasi orqali tuziladigan bo‘ldi. Birjadagi savdolar har yili chigit ekilishidan oldin, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar bo‘yicha alohida o‘tkaziladi. Bunda fermer o‘zi yetishtiradigan paxta miqdorini birjaga joylashtiradi, balandroq narx taklif etgan viloyat ichidagi klaster esa u bilan shartnoma tuzadi. Savdodagi boshlang‘ich narx Nyu-York birjasidagi paxta tolasining oxirgi 12 oydagi o‘rtacha narxi asosida belgilanadi.
Shartnomadan ortiqcha yetishtirilgan paxta bo‘yicha ham fermerlarning erkinligi kengayadi. Ular ortiqcha hosilni kimga sotishni mustaqil hal qiladi, ya’ni xohlasa to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnoma tuzgan holda hamkor klasterga, xohlasa birja orqali istalgan boshqa xaridorga sotadi. Shuningdek, fermerlar ortiqcha hosilni o‘zlari qayta ishlab, olingan paxta tolasi va ikkilamchi mahsulotlarni birja orqali sotishi mumkin.
Fermerlarga qisman erkinlik berilgani bilan, boshqa tomondan ularning javobgarligi keskin kuchaytirilyapti. Fermer xo‘jaligi shartnomalarda ko‘rsatilgan majburiyatlari bo‘yicha o‘z mol-mulki bilan javob berishi belgilab qo‘yildi. Majburiyatlarni qoplash uchun fermer xo‘jaligining mol-mulki yetarli bo‘lmaganida, xo‘jalik boshlig‘i o‘zining shaxsiy mol-mulki bilan javobgar bo‘ladi. Fermerlarga tomchilatib sug‘orish uchun ajratilgan kreditlar bo‘yicha klasterlar bergan kafillik fermerlarning likvidli mol-mulki bilan almashtiriladi.
Bundan tashqari, Hisob palatasi, Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi, Bosh prokuratura va boshqa tuzilmalardan iborat alohida ishchi guruh tuzilib, fermerlarning klasterlar oldidagi qarzdorliklarini undirish bilan shug‘ullanishi belgilandi. Afsuski, klasterlarning fermerlar oldidagi qarzlari bo‘yicha esa biror yangilik ko‘zda tutilmadi.
Shuningdek, joriy yil davomida sodir bo‘lgan boshqa qator muhim yangiliklar:
- 2023 yilga reja qilingan 5 foizlik inflyatsion targetga erishish muddati uzaytirildi. Markaziy bankning asosiy ssenariysida bu muddat 2025 yilning ikkinchi yarmiga to‘g‘ri kelishi, muqobil ssenariysida esa 2026 yil oxirigacha kechikishi prognoz qilingan. MB inflatsiya darajasi 2024 yilda 8–9 foiz atrofida bo‘lishini kutmoqda.
- Mamlakatdagi beshinchi eng katta bank hisoblanuvchi Ipotekabankning 79,6 foizini Vengriyaning OTP guruhi sotib oldi. Yevropalik investorlar buning uchun 240 mln dollar to‘ladi va bank ustav kapitaliga qo‘shimcha 70 mln dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritdi. OTP guruhi bankdagi davlatning qolgan ulushini uch yil ichida sotib olishi ko‘zda tutilgan.
- Uzcard va Humo bankomatlarini birlashtirish ishlari to‘liq yakunlandi. Barcha tijorat banklarining bankomatlari ikkala to‘lov tizimining kartalarini qabul qilishi uchun birlashtirildi. Regulyator 2023 yil yakuniga qadar to‘lov terminallari tizimini integratsiya qilish ishlarini ham yakunlashni reja qilgan bo‘lsa-da, bu amalga oshmay qoldi.