So‘nggi 3 yilda sodir etilgan soliqqa oid huquqbuzarliklar javobgarlikka tortiladi (ilgari 5 yil edi)

Iqtisodiyot 18:30 / 29.12.2023 17916

Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. 

Jumladan, soliqqa oid huquqbuzarlik uchun javobgarlik muddati o‘zgartirildi. Endi faqat so‘nggi 3 yilda sodir etilgan soliqqa oid huquqbuzarliklar bo‘yicha javobgarlik masalasi ko‘riladi (ilgari 5 yil edi). Shaxs huquqbuzarlikni sodir etganidan 3 yil o‘tgach,  javobgarlikka tortilishi mumkin emas. 

Shuningdek, Soliq kodeksiga soliq hisobotlarini 3 yil but saqlashga oid o‘zgartirish kiritildi (ilgari 5 yil edi). 

Bundan tashqari, kameral soliq tekshiruvida quyidagi soliq nazorati tadbirlarini o‘tkazish taqiqlandi (qo‘shilgan qiymat solig‘ining o‘rnini qoplash (qaytarish) maqsadida o‘tkaziladigan kameral soliq tekshiruvi mustasno):

- soliq to‘lovchi hududiga kirish;

- soliq to‘lovchi hududi va binolarini ko‘zdan kechirish;

- soliq to‘lovchidan hujjatlarni talab qilib olish va uni chaqirtirish;

- soliq to‘lovchining hujjatlari va buyumlarini olib qo‘yish. 

Quyidagilarga qo‘llaniladigan soliq imtiyozlari 2028 yil 31 dekabrgacha uzaytirildi:

- O‘zbekiston rezidentlari va norezidentlari bo‘lgan jismoniy shaxslarning (aksiyadorlarning) aksiyalar bo‘yicha dividendlar tarzidagi daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadi;

- O‘zbekistonning norezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslarning (aksiyadorlarning) aksiyalari bo‘yicha dividendlar tarzidagi daromadlariga foyda solig‘i bo‘yicha 5 foiz miqdorida soliq stavkasi qo‘llaniladi;

- O‘zbekistonning rezidentlari va norezidentlari bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslarning xo‘jalik jamiyatlari obligatsiyalari bo‘yicha foizlar tarzidagi daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan hamda foyda solig‘idan ozod etiladi. 

Bojxona kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, to‘lanishi bojxona rasmiylashtiruvi bilan bog‘liq bo‘lmagan bojxona yig‘imlarini bojxona hududida to‘lash belgilandi. 

Ushbu Qonun 2024 yil 1 yanvardan e’tiboran kuchga kiradi.

Ko‘proq yangiliklar: