Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar asosiy e’tiborni ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari, shuningdek, 2024 yilga mo‘ljallangan tadbirlar jadvalini ko‘rib chiqishga qaratdi.
Muloqotda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklikning ijobiy dinamikasi qayd etildi. Xususan, keyingi yillarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi va qo‘shma korxonalar sonining ortishi kuzatilmoqda. Sarmoyaviy sheriklik, sanoat kooperatsiyasi va transport-logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirishni rag‘batlantirishga o‘zaro tayyorlik bildirildi.
Mahalliy eksportchilar tomonidan GSP+ benefitsiar-mamlakati maqomidan samarali foydalanish bo‘yicha faol hamkorlikni davom ettirish, shuningdek, O‘zbekistonning JSTga jadal kirishiga ko‘maklashish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikning barcha muhokama qilingan yo‘nalishlari bo‘yicha munosabatlarni yanada chuqurlashtirish va kengaytirishga sodiqlik bildirildi.
2023 yilning 10 oyi davomida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 4,8 milliard dollarni (+36 foiz) tashkil etdi. Mamlakatimiz GSP+ benefitsiar maqomini olgani tufayli 2021 yildan buyon Yevropa Ittifoqiga eksport hajmi 1,5 barobar oshdi, o‘zbekistonlik eksportyorlar import bojlari bo‘yicha 28 million yevroni tejab qolishga muvaffaq bo‘ldi.