«140 ta ilg‘or sanoat korxonasi» dasturini amalga oshirish va «sanoat ipotekasi» tizimini joriy qilishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi hukumat qarori qabul qilindi.
Qonunchilikka ko‘ra, sanoat sohalarida «140 ta ilg‘or sanoat korxonasi» dasturini amalga oshirish belgilangan.
Qaror bilan ushbu dastur doirasida tadbirkorlarga ochiq tanlov asosida taklif qilinadigan yirik sanoat loyihalari taqsimoti tasdiqlandi. Shunga ko‘ra, yirik sanoat loyihalarini ochiq tanlov asosida tanlashning asosiy mezonlari belgilandi.
Jumladan:
- loyiha doirasida kamida 100 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi;
- ishlab chiqariladigan mahsulotning ichki bozordagi import ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lishi;
- ishlab chiqarish texnologik asbob-uskunalari yangi (yangi avlodga mansub) bo‘lishi kerak.
Dastur doirasida tanlov g‘oliblariga xorijiy valutada yillik 4 foiz va milliy valutada yillik 10 foiz stavkada 10 yil muddatgacha, shundan 3 yilgacha imtiyozli davr bilan bir loyiha qiymatining 25 foizi miqdorida, biroq 10 million AQSh dollaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda kreditlar ajratiladi.
Bunda ushbu kreditlar bo‘yicha tijorat banklarining marjasi xorijiy valutada 2 foiz va milliy valutada 4 foiz miqdorida belgilanadi.
Qarorga ko‘ra, 2024 yil 1 yanvardan «sanoat ipotekasi» tizimi joriy etiladi.
Bunda:
- tadbirkorlarga yer uchastkalari (ishlab chiqarish maydonlari) qurilish uchun tegishli ruxsatnomalar va loyiha hujjatlari rasmiylashtirilgan holda, «tayyor biznes» shaklida auksion savdolariga chiqariladi;
- ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida bino va inshootlar xarid qilish uchun 7 yil muddatga, 2 yilgacha imtiyozli davr bilan milliy valutada yillik 10 foiz stavkada kreditlar ajratiladi. Bunda tijorat bankining marjasi 4 foiz miqdorida belgilanadi.