Prezidentning 2022 yil 31 maydagi farmoni bilan 23 turdagi (baliq, sut mahsulotlari, banan, sitrus mevalar, o‘simlik yog‘i, sariyog‘, tuxum, kofe v.b.), 2023 yil 23 martdagi farmoni bilan 36 turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini (pishloq, tvorog, shokolad, qandolat mahsulotlari, olma, nok, behi, yogurt, kefir, sut mahsulotlari, makaron v.b.) O‘zbekistonga olib kirishga bojxona bojining nol stavkasi qo‘llanishi ko‘zda tutilgan.
Bir necha kundan keyin imtiyozli davr tugaydi. Kun.uz bu borada iqtisodchilarning fikrlarini o‘rgandi.
“Proteksionizm siyosatidan uzil-kesil voz kechish kerak” — Otabek Bakirov
Iqtisodchi Otabek Bakirovning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan oziq-ovqat mahsulotlari uchun import imtiyozlari vaqtinchaga emas, doimiyga berilishi kerak.
“Bir necha turdagi birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari uchun import bojxona bojining nol stavkalarini qo‘llash muddati tugab bitishiga bir necha kun vaqt qoldi. Budjetnomada nollashtirilgan bojlarning uzaytirilishi borasida hech qanday ishora yo‘q. Bungacha o‘zbekistonliklar “banan yemas” maqomida bo‘lgan, sitrus mevalar faqat mehmonlar uchun olingan. Kishi boshiga hisoblansa, har bir o‘zbekistonlik jon boshiga 680 grammdan banan to‘g‘ri kelgan. Apelsin, limon va banan narxlari bo‘yicha Toshkent dunyodagi eng qimmat shahar hisoblangan.
Hukumatning iqtisodiy o‘sish va farovonlik rejalari samimiy va rost bo‘lsa, tabiiy sharoitlarga va texnik cheklovlarga ko‘ra O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan tovar va xizmatlardan boj olish, ularni QQSga tortishdan butunlay voz kechish kerak.
Keling, eng avvalo bojlarni boj emas, importga soliq deya qabul qilaylik. Keyin, importga soliqlarni rag‘batlantiruvchi funksiyasiga ko‘proq urg‘u beraylik.
Tashqi savdo erkinlashtirmoqchi, xalqaro mehnat taqsimoti va jahon iqtisodiyotining bir qismiga aylanmoqchi bo‘lsak, importga soliqlar 0,5 va 10 foizlik stavkalardan iborat bo‘lishi kerak.
O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan tovar yo xizmat borki, import solig‘i 0 foiz bo‘lishi lozim.
O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan, lekin bozorimizda ulushi 50 foizdan oshmaydigan tovar va xizmatlar bo‘yicha import solig‘i 5 foizdan oshmasligi zarur.
Va nihoyat, O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan, lekin ichki bozorimizda ulushi 50 foizdan ziyod tovar va xizmatlar 10 foizlik import solig‘iga tortilishi kerak. Bo‘ldi.
Albatta, bu tasnif shartli. Lekin nima bo‘lganda ham importga soliqlar ko‘pi bilan uchta stavkada va 10 foizdan oshmaydigan tarzda qo‘llanishi darkor. Proteksionizm siyosatidan uzil-kesil voz kechish kerak”, – deydi Otabek Bakirov.
“Imtiyoz davri uzaytirilmasa, bu narxlarning oshishi va bozorlarda mavjud assortimentning qisqarishi xavfini yuzaga keltiradi” — Yuliy Yusupov
Iqtisodchi Yuliy Yusupov Kun.uz'da e’lon qilingan maqolasida bojxona yig‘imlarining qayta tiklanishi natijasida kelib chiqadigan qator salbiy oqibatlar haqida yozdi.
“Inflatsiyani jilovlash. Bojxona to‘lovi iste’molchilar uchun import qilinadigan tovarlar yakuniy narxining bir qismidir. Agar to‘lovlar hajmi kamaytirilsa yoki nolga tushirilsa, narxlar pasayadi. O‘zbekistonda inflatsiya hali ham ancha yuqori. O‘z navbatida ba’zi qo‘shni mamlakatlarda narxlarning tez sur’atlarda o‘sishini ko‘rib, bu ko‘rsatkich yanada baland bo‘lishi mumkinligini tushunish mumkin. So‘nggi yillarda inflatsiyaning ko‘tarilishiga global miqyosida energiya va oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshishi, transport xarajatlarining ko‘tarilishi va Ukrainadagi urush sababli ta’minot zanjirlaridagi uzilishlar asosiy omil bo‘ldi. Bojxona to‘lovlarining nol stavkada qoldirilishi esa, inflatsiyaning keskin sur’atda oshib ketishining oldini olishda muhim rol o‘ynadi.
Iste’mol bozorlarida raqobatning kuchayishi. Bojxona to‘lovlarining nolga tushirilishi mamlakat aholisining sifatli tovarlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirdi. Shuningdek, raqobat har doim iste’molchilar va iqtisodiy rivojlanish uchun foydalidir, chunki u mahalliy tadbirkorlarni narxlarni pasaytirishga va mahsulot sifatini yaxshilashga majbur qiladi.
Importni diversifikatsiya qilish. Yuqori bojxona to‘lovlari (bu ayni paytda nol stavkada bojxona to‘lovi qo‘llanayotgan tovarlar uchun juda baland) raqobatni sun’iy ravishda cheklaydi, bu esa sifat va narxlarga salbiy ta’sir qiladi. Bundan tashqari, mamlakat iqtisodiyotining MDH erkin savdo zonasiga kirgan mamlakatlar, birinchi navbatda Rossiyaga bog‘liqligini oshiradi. Chunki erkin savdo zonasi mamlakatlari tovarlariga nisbatan bojxona to‘lovlari qo‘llanmaydi, bu esa ularni boshqa mamlakatlardan kelgan raqobatbardosh mahsulotlarga nisbatan imtiyozli holatga keltiradi. Shunga ko‘ra, bojlarning nolga tushirilishi hozirgi murakkab geosiyosiy sharoitda ko‘plab mahsulot turlari bo‘yicha import xaridlarini diversifikatsiya qilish imkonini berdi.
Agar imtiyozli davr uzaytirilmasa, bu bir nechta salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Birinchidan, muqarrar ravishda narxlarning oshishi va iste’mol tovarlari bozorlarida mavjud assortimentning torayishi sodir bo‘ladi. Bundan tashqari, jahon bozorida narxlarning beqarorligi hali ham bartaraf etilmagan va Markaziy bank uni mamlakat ichidagi narxlarning o‘sishiga asosiy tahdid deb ko‘rsatishda davom etmoqda.
Ikkinchidan, yuqori bojxona to‘lovlarining tiklanishi MDH erkin savdo zonasidan tashqarida bo‘lgan mamlakatlardan import qilinadigan tovarlar narxining sezilarli darajada oshishiga, o‘rnatilgan yetkazib berish zanjirlarining yana yo‘qolib ketishiga olib keladi, bu esa inflatsiyaning umumiy darajasiga ham, biznesga ham salbiy ta’sir qiladi.
Uchinchidan, tadbirkorlik muhitining yomonlashishi aholi bandlik darajasiga ham, budjetga soliq tushumlariga ham ta’sir qiladi.
To‘rtinchidan, turli mamlakatlardan import qilish uchun teng bo‘lmagan sharoit bilan bog‘liq vaziyat qayta tiklanadi, bu esa raqobatning zaiflashishi va eng muhimi Rossiyaga qaramlikning kuchayishiga olib keladi. Ayniqsa hozirgi geosiyosiy voqelikda bu qaramlik haddan tashqari katta bo‘lib, iqtisodiy va siyosiy xavflarni o‘z ichiga oladi.
Vaziyatdan chiqish uchun bojxona to‘lovlariga qo‘llanayotgan nol stavkalarni kamida yana bir yilga uzaytirish zarur. Umuman olganda esa, bojxona siyosatini tubdan o‘zgartirish va ko‘plab tovarlar uchun tariflarni kamaytirish kerak”.
“Vaqtinchalik yaxshi choralarni o‘zgarmas va orqaga qaytmaydigan qilish kerak” — Behzod Hoshimov
Iqtisodchi Behzod Hoshimovning fikriga ko‘ra, vaqtinchalik choralar bozorlar va logistika uchun yetarli kafolat bermagani uchun, to‘liq ko‘zlangan natijaga erishishga xalal berishi mumkin.
“Barcha bojlarni nol qilish uchun eng yaxshi fursat 32 yil oldin edi. Yana yaxshi fursat kecha edi. Undan keyingi eng yaxshi fursat bugun bo‘ladi.
Bojlar doim va har yerda kambag‘allashtiruvchi omil hisoblanadi. Bir foiz boj ham – noto‘g‘ri iqtisodiy taqsimlovga olib keladi. Bu masala barcha tovarlarga taalluqli. Istisnolarsiz.
Endi davomiylik va vaqtinchalik haqida. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, savdo siyosatining noaniqligi, ya’ni “vaqtinchalik” choralar yaxshi narsa emas. Xulosa shuki, vaqtinchalik yaxshi choralarni, o‘zgarmas va idealda esa, o‘zgartirib bo‘lmaydigan, ya’ni orqaga qaytmaydigan qilish kerak.
Vaqtinchalik chora – bozorlar va logistika uchun yetarli kafolat bo‘lmagani uchun, bozor to‘liq ishonmaydi. Chunki agar har bir vaqt davri ichida bojlar qayta ko‘rilib chiqadigan bo‘lsa – bojlarni ko‘tarishga qiziqadigan tor doiradagi manfaatdorlar, albatta, ularni oshirish taraddudida bo‘ladi, shuning oldini olish uchun, o‘zgarmas choralar darkor. Aynan shuning uchun noaniqlik yomon.
Aytmoqchi, Jahon savdo tashkilotining ham tuzilish maqsadi va mazmuni aynan shunda edi. AQSh va Yevropadagi bojlar siyosatining qayta ko‘rib chiqilishiga yo‘l qo‘yilmaslik va choralarning davomiyligini ta’minlash”, deydi iqtisodchi.
Ma’lumot uchun, 2024 yil uchun “O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi qonunda bojlardan budjetga 14 trln 839,6 mlrd so‘m mablag‘ tushishi ko‘zda tutilgan.
Mutaxassislar fikriga ko‘ra, bojlarni butunlay bekor qilish yoki ularni sezilarli darajada qisqartirish natijasida QQS, foyda va daromad solig‘i hisobiga qo‘shimcha tushum miqdori oshishini kutish mumkin, bu esa berilgan imtiyozlar o‘rnini to‘ldiradi.