Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Fraksiya a’zolari “Kambag‘allikni qisqartirishda tadbirkorlik sub’yektlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatishga qaratilgan chora‑tadbirlar belgilanganligi munosabati bilan Soliq kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini muhokama qildi.
Ushbu qonun loyihasi partiya elektorat manfaatlari bilan bog‘liq bo‘lib, Soliq kodeksining 482- va 483-moddalariga qo‘shimchalar kiritish belgilanmoqda. Ya’ni, loyiha bilan “20 ming tadbirkor — 500 ming malakali mutaxassis” dasturiga kiritilgan tadbirkorlik sub’yektlariga ular yaratgan yangi ish o‘rinlariga qarab, soliq imtiyoz va preferensiyalar taqdim etish ko‘zda tutilmoqda. Xususan, aylanmadan olinadigan soliqlarni yaratilgan yangi ish o‘rinlari soniga qarab bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati taqdim etilmoqda.
Shuningdek, 2025 yil 1 yanvargacha “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturiga kiritilgan tadbirkorlik sub’yektlari yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘ini pasaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha to‘lashi belgilanmoqda.
Fraksiya a’zolari qonun loyihasini muhokama qilar ekanlar, soliq ma’murchiligini soddalashtirish, shuningdek, Soliq kodeksi normalari to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlashi aholi bandligi o‘sishiga xizmat qilishini e’tirof etdi. Yangi normalarning amaliyotga joriy etilishi respublikada kambag‘allikni qisqartirish yo‘lida qilinayotgan ishlarni rag‘batlantirishga xizmat qilishi qayd etildi. Deputatlar ayrim masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar almashgach, qonun loyihasi qo‘llab-quvvatlandi.