Xitoyning Nio kompaniyasi elektromobillarga to‘liq quvvatda 1000 km masofani bosib o‘tish imkoniyatini beradigan yangi batareyani namoyish etdi. U 2024 yil aprel oyidan ommaviy ishlab chiqariladi.
Ta’kidlanishicha, Nio ijrochi direktori Uilyam Li ushbu batareyalar o‘rnatilgan ET7 elektromobilida 14 soat ichida 1044 km masofani bosib o‘tgan. U Chjetszyan provinsiyasidan Futszyan provinsiyasiga o‘rtacha 84 km/s tezlikda harakatlangan.
«Hozirgi vaqtda bu dunyodagi energiyasi eng zich batareya hisoblanadi, uning xavfsizlik ko‘rsatkichlari ham a’lo darajada», dedi Uilyam Li.
Nio elektromobilni an’anaviy tarzda quvvatlantirish emas, balki batareyasini almashtirish usulidan foydalanadi. Avtomobilga o‘rnatilgan noyob mexanizm, quvvati pasaygan batareyani uch daqiqada to‘liq quvvatga ega batareya bilan almashtirish imkonini beradi. Mijozlar elektromobilni batareyasiz sotib oladi va Nio tarmog‘idagi batareyalardan foydalanish uchun oylik abonent to‘lovini to‘laydi.
Kompaniya prezidenti Tsin Lixong so‘zlariga ko‘ra, batareyani sotib olish narxi taxminan 41 ming AQSh dollariga teng, bu esa Tesla 3 elektromobili qiymatiga teng. Shu sababli, kompaniya o‘z mijozlari va umuman elektromobillar uchun batareya lizingi tizimidan foydalanishni qo‘llab-quvvatlaydi.