Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ekspertlari tomonidan 2022-2023 yillarda jahon bozorida neft narxi o‘zgarishining O‘zbekistonda avtobenzin narxlariga ta’siri tahlil qilindi.
Tahlilda 2022 yil yanvar oyidan 2023 yil noyabr oyigacha bo‘lgan davrda Respublika tovar-xomashyo birjasida sotilgan avtobenzin ulgurji narxlari, Toshkent shahrida AYoQShlardagi chakana benzin narxlari hamda Jahon bankining neft narxlari bo‘yicha ma’lumotlaridan foydalanildi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, jahon bozorida neft narxining o‘zgarishi 1 oy o‘tgandan so‘ng Respublika tovar-xomashyo birjasida avtobenzin narxlarida o‘z aksini topmoqda.
Masalan, 2022 yil yanvar-iyun oylarida neft narxining 39,2 foizga oshishi birjada avtobenzin o‘rtacha ulgurji narxining 22,4 foizga ko‘tarilishiga olib kelgan. 2022 yil iyul-dekabr oylarida jahon bozorida neft narxining 33,2 foizga tushishi ulgurji narxlarning o‘rtacha 21,3 foizga arzonlashishiga sabab bo‘lgan.
2023 yilning yanvar-may oylarida jahon bozorida neft narxining barqarorlashishi hamda 2022 yilning 10 dekabridan AI-80 markali avtobenzin uchun aksiz solig‘ini nol stavkasiga tushirilishi natijasida avtobenzinning o‘rtacha ulgurji narxlari 4848-5060 so‘m oralig‘ida shakllangan.
Lekin, 2023 yilning iyun-noyabr oylarida avtobenzinning o‘rtacha ulgurji narxi 5315 so‘mdan 5860 so‘mgacha (10,2 foiz) oshdi. Ushbu davrda jahon bozoridagi o‘rtacha neft narxi 11 foizga (73 AQSh dollaridan 81 AQSh dollarigacha) qimmatlashgan.
Ekonometrik tahlil natijalariga ko‘ra, avtobenzinning o‘rtacha ulgurji narxi, shu jumladan, talab yuqori bo‘lgan AI-80 va AI-92 markali benzinlarning ulgurji narxlari jahon bozoridagi neft narxiga sezuvchan ekanligi aniqlangan.
Xususan, jahon bozorida neft narxining 1 foizga ko‘tarilishi avtobenzin o‘rtacha ulgurji narxlarining bir oy kechikish bilan 0,30 foizga oshishiga, shu jumladan, AI-80 benzinning 0,32 foizga, AI-92 benzinning 0,54 foizga qimmatlashishiga olib kelishi ma’lum bo‘ldi.
Toshkent shahrida avtobenzinlarning o‘rtacha chakana narxlari esa o‘rtacha ulgurji narxlarga sezuvchan bo‘lib, ular bir xil o‘zgarish dinamikasiga ega. Xususan, Respublika tovar-xomashyo birjasida avtobenzin ulgurji narxlarining 1 foizga o‘sishi, Toshkent shahrida chakana narxlarning 0,29 foizga oshishiga olib kelmoqda.
“Lekin joriy yil noyabr oyida jahon bozorida 1 barrel neft narxining o‘rtacha hisobda 81,35 AQSh dollarigacha (oktyabr oyiga nisbatan 8,7 foizga) pasayganiga qaramasdan, dekabr oyida Toshkent shahrida AI-80 avtobenzin o‘rtacha chakana narxi (7611 so‘m) noyabr oyiga (7440 so‘m) nisbatan 2,3 foizga ko‘tarildi. Bu esa dekabr oyining o‘rtalarida sovuq havo iqlimining kirib kelishi bilan metan gaz ta’minotidagi cheklanishlar natijasida AI-80 benzinga bo‘lgan talabning sezilarli darajada oshishi bilan izohlanishi mumkin.
Mamlakatimizda neft va avtobenzin mahsulotlariga bo‘lgan talabning bir qismi import hisobiga qoplanishi sababli jahon bozorida neft narxlarining o‘zgarishi ichki bozorda avtobenzin narxlariga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatmoqda. Demak, O‘zbekistonda avtobenzin narxlari 1 oylik kechikish bilan jahon bozorida neft narxi bilan uyg‘unlikda harakat qiladi”, deyiladi MHTI tadqiqot xulosasida.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda mahalliy benzin ishlab chiqarish, ayniqsa, AI-80 yonilg‘isiga bo‘lgan talabni to‘liq qondirmaydi. Buni “O‘zbekneftgaz” ham tasdiqlagan. Tanqislik sovuq kunlarda keskin seziladi, chunki yonilg‘i quyish shoxobchalari ishining cheklanishi tufayli haydovchilar benzin sotib olishga o‘tadi. Xususan, 2022 yil dekabr oyida metan-shoxobchalar faoliyatiga cheklov qo‘yilishi ortidan benzinga talab keskin oshib ketgandi. Shundan so‘ng 2022 yil 10 dekabrdan AI-80 avtobenzini uchun aksiz solig‘i nol stavkada qo‘llanib, birjada narxlar o‘sish darajasi cheklangan edi. Keyinroq, soliq imtiyozlarini qo‘llash muddati 2023 yil 31 dekabrga qadar uzaytirildi.