Abduhoshim otani Marg‘ilon shahrida ko‘pchilik taniydi. Nuroniy otaxonga soch-soqol oldirish uchun hatto qo‘shni tumanlardan kelishadi. 58 yildan beri sartaroshlik qilayotgan Abduhoshim ota mijozlarining hurmatini joyiga qo‘yadi. Sartaroshxonaning mo‘’jazgina oshxonasida ularga tekinga sho‘rva quyib beradi.
“Ko‘plab ulamolarimizning soch-soqollarini olib, ulardan duo olib kelyapman. Sartaroshlik menga otakasb, beshinchi avlodman. O‘g‘lim ham sartarosh, yonimda turib kasbimni davom ettiryapti. Sartaroshlikdan tashqari bolalarni xatna ham qilaman.
Yosh o‘tgan sari sog‘likdayam muammolar bo‘larkan. Yaqinda “vorikoz”dan davolandim. Bel og‘rig‘i, oyoq og‘riqlari bo‘lib turadi. Lekin kasbni davom ettirish kerak, odamlarga xizmat qilamiz shunday bo‘lsa ham. Farzandlar, nevaralarni duo qilib yurish yarashadi bu yoshda, har bandaga shunday kunlar nasib qilsin.
Xudoga shukr, deyarli butun vodiyda tanishadi. Qiziq voqealar ham bo‘lib turadi. Ba’zi kishilarning ayoli yana shu kishiga soch-soqolingizni oldiring, yaxshi olarkan, deb atay yonimga jo‘natisharkan. Ishimni yaxshi bajarganimdan bu.
Oldin boshqa joyda edi ishxonam. U yer buziladigan bo‘lib qoldi. Buzishib, pulini berishdi, keyin bepul o‘zlari yangi joy berishdi shuncha yillik kasb hurmatim uchun. Ilgari hozirgiday apparatlar bo‘lmasdi, ustaralarimiz tig‘i ham almashtiriladigan emasdi. 30 tiyinga soqol, 50 tiyinga soch olardik. Sartaroshlikda katta mablag‘ tushmaydi, lekin doimiy tushum bo‘ladi, bemalol yashashga yetadi.
Shu kasbimiz ortidan ko‘pchilik bilan tanishdik. Katta domlalar, olimlar to‘ylarimizda mehmon bo‘ladi, hurmat qilib kelishadi. O‘z davrida marhum shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning ham soch-soqolini olganman. Shohimardon yoki Marg‘ilonga yo‘li tushsa soch-soqolini menda oldirib ketardi.
Sartaroshxonada suhbat qurib qoladigan mijozlarim uchun qozonga sho‘rva tashlab qo‘yaman doim, bir piyola choyimiz, ovqatimiz bo‘ladi. Tushlik qilib, gurunglashib, xursand bo‘lib ketishadi. Hammasi beminnat. Sho‘rva uchun pul olmayman, albatta.
Hozir endi ish siyraklab qolgan. O‘zimning mijozlarim bor, kelib turishadi. Oyiga 1 mln so‘mcha aylanib turadi, 750 ming pensiya ham olaman. O‘zi menga pul kerakmas, shu nevaralarimga tutgani bo‘lib tursa bo‘lgani. Mijozlarga buncha berasan deb turib olmayman, o‘zlari ko‘ngildan chiqarib berib ketishaveradi. Ba’zilarining soch soqolini bepul olib qo‘yaman sharoiti og‘irroq bo‘lsa. Savob uchun uyida yotib qolgan kishilarning ham soch-soqolini olib qo‘yaman borib. O‘zi sartarosh bo‘lib kam bo‘lmaydi kishi. Barakasi bor, shukr. 2 o‘g‘il, 3 qizim, nevaralarim bor.
Sartaroshlikdan tushgan kunlik pullarni to‘plab novvos parvarishlaymiz. Uni semirtirib sotib, yana o‘rniga yangisini olib boqamiz. Qadrdon mijozlarim uchun sartaroshxonaning mo‘’jazgina oshxonasida doim sho‘rva qaynab turadi”, deydi nuroniy sartarosh otaxon.
Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Muhiddin Nido