Inflatsiyaga qarshi keskin va shiddatli olib borilgan miqdoriy qisqartirish siyosati o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga yetgani to‘g‘risida AQSh FZT raisi ishora bergandi. Shundan so‘ng bozor ishtirokchilari yengil tortishni boshlashdi.
Bu xabar bozor uchun juda ham muhim o‘ringa ega bo‘ldi, chunki so‘nggi bir necha yillar davomida retsessiya haqidagi xabarlar ularni xavotirga solib, qiynab kelgan. Natijada AQSh aksiya bozorlari keskin ko‘tarildi va dunyoning eng yirik 500 kompaniyasini birlashtiradigan S&P500 indeksi 2 hafta ichida qariyb 200 punktga oshdi.
Jahon Insighs kanali ekspertlari 18 dekabrdan 22 dekabrgacha bo‘lgan davrda xalqaro moliya bozorida sodir bo‘lgan eng muhim voqealarni tahlil qilib chiqdi.
AQSh top fond bozorlari indeksi:
- S&P500: +0,75 foiz (yil boshidan +23,38 foiz);
- NASDAQ: +0,93 foiz (yil boshidan +51,9 foiz);
- DJI: +0,22 foiz (yil boshidan +12,79 foiz).
AQSh fond indekslari noyabr oyidan beri davom etayotgan o‘sish sur’atini davom ettirdi. Hafta davomida NASDAQ indeksi 150 punktdan ortiq ko‘tarildi, Dow Jones 80 punkt va S&P500 indeksi esa oldingi hafta bilan solishtirganda 35 punkt teparoqda yopildi.
Asosiy qimmatbaho metallar:
- Oltin: +1,67 foiz (yil boshidan +12,57 foiz);
- Kumush: +1,46 foiz (yil boshidan +0,97 foiz);
- Alyuminiy: +3,78 foiz (yil boshidan -2,79 foiz);
- Mis: +0,58 foiz (yil boshidan +1,78 foiz).
Bozordagi ob-havoning «ilishi» qimmatbaho metallarga ham ijobiy natijalarga erishishga yordam berdi. Hafta mobaynida oltin 33 dollarga, alyuminiy 85 dollarga qimmatlashdi. Kumush va misning bahosi mos ravishda 0,34 dollar va 0,02 dollarga ko‘tarildi.
Neft
- WTI: +2,30 foiz (yil boshidan -8,86 foiz);
- BRENT: +2,62 foiz (yil boshidan -8,11 foiz).
Neftning deyarli 3 oylik qulash davridan keyin, ketma-ket ikkinchi hafta narxlar oshmoqda. Mahsulotning WTI markasi 1,65 dollarga, BRENT esa 2,01 dollarga ko‘tarildi.
Valutalar
- EUR/USD: +1,10 foiz (yil boshidan +2,88 foiz);
- USD/CNY: +0,19 foiz (yil boshidan +3,20 foiz);
- USD/TRY: +1,01 foiz (yil boshidan +56,49 foiz);
- USD/UZS: -0,16 foiz (yil boshidan +10 foiz);
- RUB/USD: +1,65 foiz (yil boshidan +27,05 foiz).
AQSh dollar indeksi so‘nggi hafta ham pastlash tendensiyasini davom ettirdi. Masalan, yevro dollarga nisbatan 1,24 foizga o‘sib, valuta pozitsiyasini mustahkamlashga erishgan bo‘lsa, Rossiya rubli, aksincha, 1,65 foizga o‘z qiymatini yo‘qotdi. Shu bilan birga, dollar boshqa Osiyo valutalari, shu jumladan yuan va liraga nisbatan mos ravishda 1,01 foiz va 0,19 foizga mustahkamlandi. O‘zbekiston so‘mi esa dollarga nisbatan 0,16 foizga kuchaydi.
Kriptovaluta
- Bitcoin: +6,28 foiz (yil boshidan +166 foiz);
- Ethereum: +5,91 foiz (yil boshidan +94,7 foiz).
Asosiy kriptovalutalar bir necha hafta tez o‘sish sur’atidan so‘ng, yangi flet zonasida tebranishda davom etdi. Hozirda Bitcoin 40 00 - 45 000 dollar diapazonida, Ethereum narxi esa 2 100 - 2 400 dolar atrofida shakllangan.
Bozorlar haqida qisqacha
FZT raisi Jyerom Pauelning rasmiy bayonotida foiz stavkalari o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga yetganligi aytilgan bo‘lsa-da, inflatsiya oshishi kuchaysa, stavkalar yana ko‘tarilishiga urg‘u berilgan edi. Ammo mamlakatdagi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning biroz zaifligi fond bozori shubhasiz o‘suvchan trendni boshlab berishiga xalaqit qilmoqda. Masalan, AQShning so‘nggi kvartalga oid YaIM natijasi buni tasdiqlab beradi, chunki 5,2 foiz prognoz etilgan ko‘rsatkich realda 4,9 foizni qayd etdi. Bundan tashqari, FZTning kelgusi siyosati haqidagi gaplaridan so‘ng, AQSh fond indekslari o‘zining tarixiy maksimumlariga juda ham yaqin kelib qoldi, bu esa yaqinda korreksiya yuz berishi ehtimolini oshirdi.
Eslatma! Taqdim qilingan ma’lumotlar muallifga tegishli bo‘lib, 18 dekabrdan 22 dekabrgacha bo‘lgan vaqt oralig‘idagi moliya bozorida yuz bergan o‘zgarishlar asosida tayyorlangan. Ushbu maqola investitsion maslahat emas.