Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi qanday loyihalarni moliyalashtirishi ma’lum bo‘ldi

Iqtisodiyot 16:46 / 23.12.2023 19007

Loyiha qiymati 4 mln AQSh dollaridan yuqori bo‘lgan sanoat loyihalariga Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan:

banklarga:

  • yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish va mavjud quvvatlarni kengaytirishga qaratilgan sanoat loyihalari uchun import qilinadigan asbob-uskuna xarid qilish, shu jumladan bo‘nak to‘lovlarini qoplab berish maqsadida, xorijiy valutada yillik 5 foiz va milliy valutada yillik 10 foiz stavkada 10 yil muddatgacha, shundan 3 yilgacha imtiyozli davr bilan kredit mablag‘lari;
  • ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida bino-inshootlar xarid qilish uchun 7 yil muddatgacha, shundan 2 yilgacha imtiyozli davr bilan milliy valutada yillik 10 foiz stavkada sanoat ipotekasi tizimi asosida;
  • sanoat korxonalariga xomashyo materiallarini xarid qilish uchun aylanma mablag‘larni shakllantirish maqsadida 1 yil muddatgacha xorijiy valutada yillik 4 foiz hamda milliy valutada yillik 10 foiz stavkada kredit yoki subordinar qarz mablag‘lari ajratiladi.

Ma’lumot uchun: loyiha tashabbuskorining loyihadagi ulushi uning qiymati 30 foizidan kam bo‘lmagan miqdorida, shu jumladan kapital qo‘yilmalar qiymatining 15 foizidan kam bo‘lmagan miqdorida (kredit mablag‘i ajratilgunga qadar) pul mablag‘lari bilan ishtiroki talab etiladi (aylanma mablag‘larini shakllantirish maqsadida ajratiladigan kreditlar bundan mustasno);

  • 2024 yildan boshlab davlat budjeti hisobidan ajratiladigan mablag‘lar doirasida kompensatsiya to‘lovlari uch tomonlama shartnoma asosida talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga qaratilgan loyihalarning marketing tadqiqotlari, loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, ishlab chiqariladigan mahsulotlarni sertifikatlashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan xarajatlarning 50 foizigacha (20 ming AQSh dollaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda ajratiladi); 
  • sanoat korxonalari bilan ta’sis qilinadigan qo‘shma korxonaning (SPV) ustav kapitalida 25 foizgacha ulush Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining shu’ba korxonasi orqali ishtirokchi (ta’sischi) sifatida qatnashishi mumkin;
  • jamg‘armaga sanoat korxonalari tomonidan, o‘rnatilgan tartibda 5 yildan yuqori bo‘lmagan muddatlarda emissiya qilingan obligatsiyalarni (bir loyiha doirasida 10 mln AQSh dollari ekvivalenti miqdorigacha) quyidagi shartlarda:
  • kapital rentabelligi (ROE) 15 foizdan kam bo‘lmagan;
  • obligatsiyalarning to‘lanadigan yillik daromad miqdori milliy valutada, qarz oluvchining xatarlarini hisobga olgan holda, O‘zbekiston milliy valutadagi suveren obligatsiyalari stavkasidan past bo‘lmagan miqdorda jamg‘arma tomonidan sotib olinadi.

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflar tijorat banklarining ijobiy xulosalari, sanoat korxonalarining ustav kapitaliga kirish bo‘yicha esa jamg‘armaning ijobiy xulosalari asosida hukumat komissiyasiga ko‘rib chiqish uchun kiritiladi.

2024 yil 1 yanvardan boshlab tadbirkorlik sub’yektlarining jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish bo‘yicha arizalari O‘zbekiston Milliy sanoat portali orqali ko‘rib chiqiladi.

Ko‘proq yangiliklar: