Oltin eksporti 8,1 mlrd dollarga yetdi, tashqi savdodagi defitsit 11 mlrd dollarga yaqinlashdi – O‘zbekiston tashqi savdosi sharhi

Iqtisodiyot 20:24 / 22.12.2023 22325

Statistika agentligi O‘zbekistonning 2023 yil yanvar-noyabr oylaridagi tashqi savdo aylanmasiga doir ma’lumotni e’lon qildi.

Qayd etilishicha, hisobot davrida respublika tashqi savdo aylanmasi (TSA) 57,3 mlrd dollarga yetgan. Bunda eksport hajmi 23,2 mlrd dollarni, import hajmi esa 34,1 mlrd dollarni tashkil etgan. O‘tgan yilning mos davri bilan taqqoslaganda eksport hajmi 30,6 foizga, import hajmi 23,3 foizga oshgan. Tashqi savdo salbiy saldosi esa 10,9 mlrd dollarga yetgan.

Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo sherigi sifatidagi o‘rnini saqlab qolgan. Hisobot davrida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 12,2 mlrd dollarga yetgan. Bu respublika umumiy tashqi savdo aylanmasi hajmining 21,3 foizini tashkil qiladi. Shuningdek, tashqi savdo aylanmasining salmoqli qismi Rossiya (15,5 foiz), Qozog‘iston (7 foiz), Turkiya (5 foiz) va Janubiy Koreya (3,7 foiz) bilan qayd etilgan.

2023 yilning yanvar–noyabr oylarida O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida eng yuqori ulushga ega bo‘lgan top-10 davlat:

●     Xitoy – 12,2 mlrd dollar;

●     Rossiya – 8,8 mlrd dollar;

●     Qozog‘iston – 4 mlrd dollar;

●     Turkiya – 2,8 mlrd dollar;

●     Koreya – 2,1 mlrd dollar;

●     Turkmaniston – 970 mln dollar;

●     Germaniya – 962 mln dollar;

●     Qirg‘iziston – 878 mln dollar;

●     Fransiya – 832 mln dollar;

●     Afg‘oniston – 784 mln dollar.

Tashqi iqtisodiy faoliyat bo‘yicha 20 ta yirik hamkor davlatdan faqatgina uchta mamlakat – Afg‘oniston, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan ijobiy tashqi savdo balansi kuzatilgan. Qolgan 17 ta davlat bilan passiv tashqi savdo balansi saqlanib qolgan.

Eksport

11 oy davomida oltinsiz eksport atigi 5,7 foizga o‘sib, 15,05 mlrd dollarni tashkil etgan. Ya’ni yanvar-noyabr oyidagi eksport hajmining 30,6 foizga oshishi bevosita oltin sotishning ko‘paygani bilan bog‘liq. Mazkur davrda 8,1 mlrd dollarlik oltin eksport qilingan. Bu rekord ko‘rsatkichdir.

Ma’lumot uchun, 2022 yilda 4,1 mlrd dollarlik, 2021 yilda 4,1 mlrd dollarlik, 2020 yilda 5,8 mlrd dollarlik, 2019 yilda esa 4,9 mlrd dollarlik oltin sotilgan.

Shuningdek, umumiy eksport tarkibida sanoat mahsulotlarining ulushi 22,3 foizdan 16,2 foizga, oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar ulushi 8,3 foizdan 7,1 foizga, kimyoviy vositalarning ulushi esa 7 foizdan 5,2 foizgacha qisqargan. O‘z navbatida oltin eksportining ulushi 19,9 foizdan 35,1 foizgacha oshgan.

2023 yilning yanvar-noyabr oylarida xorijga qiymati qariyb 1,1 mlrd dollarga teng bo‘lgan 1,6 mln tonna meva va sabzavotlar eksport qilingan Bu ko‘rsatkich 2022 yilning mos davriga nisbatan 1,4 foizga yoki 23,1 ming tonnaga ko‘p. Meva-sabzavot mahsulotlarining asosiy eksport bozorlari Rossiya (37,6 foiz), Pokiston (16,5 foiz), Xitoy (12,7 foiz) hamda Qozog‘iston (10,4 foiz) davlatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.

2023 yilning 11 oyida Xitoyga amalga oshirilgan eksport hajmi 9,6 foizga, Turkiyaga mahsulot sotish esa 22,5 foizga qisqargan. O‘z navbatida Rossiyaga eksport hajmi 4,9 foizga, Qozog‘istonga 0,4 foizga oshgan.

Import

Import tarkibida eng katta ulush, mashinalar va transport asbob-uskunalari (38,8 foiz), sanoat tovarlari (16,8 foiz) hamda kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar (13 foiz) hisobiga to‘g‘ri kelgan.

O‘z navbatida avtomobillar importi 1,56 mlrd dollarga (2,2 baravar), ehtiyot qismlari importi 1,34 mlrd dollarga (16,8 foiz oshish), samolyotlar va boshqa uchuvchi apparatlar importi esa 753,6 mln dollargacha (3,4 barobar oshish) ko‘paygan.

Yoqilg‘i mahsulotlarining eksporti va importi

Hisobot davrida O‘zbekiston 562 mln dollarlik gaz import qildi, bu 2022 yilning mos davri bilan taqqoslaganda, 2,1 barobarga ko‘p. O‘z navbatida mazkur davrda gaz eksporti 44,6 foizga yoki 509 mln dollargacha qisqargan.

Shuningdek, 11 oy davomida 189 mln dollarlik ko‘mir import qilingan, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 78 foizga ko‘p. 

Yanvar-noyabr oylarida 109 mln dollarlik elektr toki sotib olingan (kamayish – 10,2 foiz) va 62,8 mln dollar qiymatidagi elektr energiyasi (kamayish – 45,8 foiz) eksport qilingan. 

Neft va neft mahsulotlarining eksporti 2,1 barobarga oshib, 297 mln dollarni, importi esa 26,9 foizga ko‘payib, 1,38 mlrd dollarni tashkil qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: