Turkiya futbolida yana mojaro. Klub prezidenti jamoani maydondan olib chiqib ketdi

Sport 10:27 / 20.12.2023 33215

Turkiyada o‘tgan haftadan buyon mojaro ortidan mojaro ro‘y bermoqda. 11 dekabr kuni «Anqaraguju» prezidenti Faruk Xo‘ja arbitr Xalil Melerni kaltaklagandi — u jamoasi «Rizespor»ga qarshi o‘yinning 97-daqiqasida g‘alabani qo‘ldan chiqarganiga chiday olmagandi, o‘shanda referi o‘yin davomida poytaxt jamoasining bir golini bekor qilgan va bir futbolchisini maydondan chetlatgandi.

Meler jiddiy jabrlangandi — ko‘zi shishib ketgan hakamni shifoxonaga olib borishgan va u o‘sha yerda hakamlik faoliyatini yakunlashga va’da bergandi. Faruk Xo‘ja ham muammolarga duchor bo‘lgan — u lavozimi, partiyadagi o‘rnini (u siyosatchi) amalda yo‘qotdi. Vaziyat Erdo‘g‘angacha yetib bordi — prezident turk sportida zo‘ravonlikka o‘rin yo‘qligini aytdi va chempionat vaqtincha to‘xtatib turildi.

Turnir qayta start olishi bilan — yangi mojaro ro‘y berdi. «Istanbulspor» va «Trabzonspor» o‘yinining 74-daqiqasida, tabloda hisob 1:2 holatida mezbonlar klubi prezidenti jamoani maydondan olib ketdi. U hamkasbidan farqli o‘laroq, referini kaltaklamadi, ammo o‘yinni buzdi va o‘yin bekor qilindi. «Trabzonspor» prezidenti Ertug‘rul Dog‘an hamkasbining harakati yuzasidan shunday degan: «U menga o‘girilib qaradi va dedi: «Kechiring, gap sizda emas, men ortiq toqat qila olmayman». Masala faqat shu o‘yin bilan bog‘liq deb o‘ylamayman».

Akmal Faik Sariolio‘g‘lida («Istanbulspor» prezidenti) bunday radikal qaror uchun sabab bormidi? Qisman ha — «Trabzonspor» 68-daqiqadagi ikkinchi golini, katta ehtimol bilan foldan keyin urdi. Raqib hujumchisi Pol Onuachuning golidan biroz avval qo‘pollik kuzatilgan, hakam esa e’tibor qaratmagandi.

Bu vaziyatda «Istanbulspor» futbolchilarining barchasi va murabbiylar bu gol bekor qilinishi kerakligini talab qilishgandi. Prezident esa ulardan ham o‘tib tushdi — jamoani maydondan olib chiqib ketishga qaror qildi.

Shu bilan birga barcha futbolchilar ham ketishni istashmadi. «Istanbulspor» himoyachisi Simon Deli esa prezident qarshisida tiz cho‘kib qarorini qaytarib olishni so‘radi — ammo bu yordam bermadi. Sariolio‘g‘li baribir barchani kiyim almashtirish xonasiga olib ketdi.

Klub endi kamida ochkolardan mahrum etilishi va jarimaga tortilishi mumkin. Qoidabuzarlik takrorlangan holatda esa «Istanbulspor» avtomatik ravishda quyi ligaga tushib ketadi. Lekin jamoa shusiz ham hozirda 15 turda 8 ochko jamg‘argan holda turnir jadvalining so‘nggi o‘rnida joylashgan.

Eslatib o‘tamiz, bungacha Turkiya Superligasi 15-turidan o‘rin olgan «Ankaraguju» — «Rizespor» o‘yinidan so‘ng (1:1) mezbonlar prezidenti Faruk Koja hakam Xalil Umutga musht tushirgan. Uning ortidan yana 2 kishi hakamni tepkilagandi.

Ko‘proq yangiliklar: